Yaqin Sharq va Osiyo davlatlari harbiy xarajatni oshirmoqda

  • Amerika Ovozi

Pokiston qo'shinlari

Pokiston qo'shinlari

2014-yilda AQSh harbiy byudjeti (600 milliard dollar atrofida) dunyo bo’ylab bunday xarajatlarning 38 foiziga teng bo'ldi. 2010-yilda esa Amerika ulushi (qariyb 700 milliard dollar) 47 foiz bo’lgan. Pentagon sarfiyatni kamaytirgan. O'tgan to'rt yil ichida esa Yaqin Sharq va Shimoliy Afrikada mudofaa uchun xarajatlar salkam 70 foizga, Osiyoda esa 30 foizga oshdi.

Londondagi Xalqaro strategik tadqiqotlar instituti tahlilchisi Ben Barri:

“Yaqin Sharqda bunga “Arab bahori” sabab bo’ldi. Shuningdek, Fors ko’rfazi davlatlari va Eron o’rtasidagi strategik ziddiyatlar ham xarajatlarning oshishiga olib kelmoqda. Osiyoda esa iqtisodi gurkirayotgan davlatlar qurolli kuchlari modernizatsiyasiga katta mablag’ ajratayotmoqda”.

AQSh va Yevropa davlatlari hamon katta harbiy qudratga ega. Ammo yaqin kelajakda G’arb harbiy texnologiyalar sohasida birinchilikni yo’qotishi taxmin qilinmoqda.

Yevropaning mudofaa uchun real xarajatlari 2014-yilda 2010-yilga qaraganda yetti foizga kamaydi.

“Geo-iqtisodiy qudrat sharqqa, Yevropadan Yaqin Sharq hamda Osiyo va Tinch okeani mintaqasiga siljir ekan, harbiy qudrat ham o’sha mintaqalarga o’tmoqda. Xususan, Xitoyga. Bu davlat mudofaa sohasiga tobora ko’proq mablag’ ajratmoqda va zamonaviy zirhli mashinalar, kemalar va samolyotlar ishlab chiqarilishini oshirmoqda”, - deydi Berri.

Institut direktori Jon Chipman Londonda hisobotni taqdim etar ekan, 2014-yilda harbiy sohadagi asosiy muammo Yevropada mojaroning yuzaga kelishi bo’ldi, deb aytdi.

Ukrainadagi urush G’arb davlatlari va Rossiya o’rtasidagi ishonchga putur yetkazdi.

“Inqiroz davomida Rossiya kuch ishlatish niyatida qat’iy ekanini va Ukrainada boshqa taraflarning ham kuch ishlatishini ma’qullashini namoyish qildi. Yevropa o’z qarshisida jangovar va G’arb jig’iga tegishga tayyor Rossiyani ko’rmoqda,” - deydi Chipman.

Hisobotga ko’ra, Rossiya so’nggi uch yilda mudofaa xarajatlarini 10 foizga oshirib bordi.

Kreml Ukrainada ham an’anaviy, ham noan’anaviy siyosiy-harbiy uslublardan foydalanmoqda, bu esa NATO a’zolarini o’ylantirib qo’ydi, deydi hisobot mualliflari.

Tahlilchi Ben Barri davlat tomonidan boshqarilayotgan isyonchilik harakatiga guvoh bo’ldik, deydi.

“Propaganda, noto’g’ri ma’lumot tarqatish, internet orqali informatsion urush - mojaroning muhim qismlari. Lekin harbiy to’qnashuvning bu qadar tez rivojlanganini hali ko’rmagan edik. Internetdagi urush ham ilk bor kuzatilmoqda, xususan ijtimoiy tarmoqlarning targ’ibot vositalariga aylanishi”, - deydi ekspert.

Hisobotda qayd etilishicha, neft narxining pasayishi va iqtisodiy sanksiyalar oqibatida Rossiyada vujudga kelgan og’ir iqtisodiy ahvol sababli bundan keyin mudofaa xarajatlarini oshirish oson bo’lmaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG