AQShda o'zbek milliy me'morchiligi asosida universitet quriladi (2-qism)


Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)

Universitet asosiy darvozasi (Loyiha chizmasidan)

Avvalgi maqolamizda Kaliforniya shtatida qurilishi rejalanayotgan Xalqaro Ming yillik universiteti haqida ma’lumot berib, loyiha boshida turganlar orasida o’zbekistonliklar borligini qayd etgan edik. Bugun shu mavzuni davom ettirib, universitetning o’zbekistonlik arxitektori Qobiljon Muhammadjonov va loyiha boshqaruvchisi Abzal G’ulomov bilan o’tkazgan suhbatimizni e’tiboringizga havola etamiz.


Arxitektor Qobiljon Muhammadjonov Toshkentda «UNIQUE ARH PROJECT» nomli xususiy loyihalash ustaxonasiga ega. O’zbekistonda tarixiy obidalarni qayta rekonstruksiyalash va milliy arxitektura asosida yangi binolar qurish bo’yicha ko’plab loyihalarda ishtirok etgan. Usta respublika bo’ylab 100ga yaqin masjid binolarini qurgan va ta’mirdan chiqargan. Uning aytishicha, Zohir Ahmadga aynan O’zbekistondagi islomiy obidalar bo’yicha chizgan loyihalari ma’qul kelgani uchun Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universitetini ham unga ishonib topshirishgan.

“Zohir Ahmad Toshkentda mustaqillikdan keyingi tarixiy yodgorliklarni qayta tiklash, masjid binolarini qurish borasidagi ishlar bilan tanishdilar. Ularga bizning qurgan masjidlarimiz, binolarimiz juda ma’qul bo’ldi. Ayniqsa, Samarqand shahridagi tarixiy yodgorliklar ularga juda ma’qul keldi. Haqiqiy islomiy arxitektura O’zbekistonda ekan, degan xulosaga keldilar. Shu sababli ular keyin menga bog’landilar”, - deydi o’zbekistonlik me'mor.

Arxitektor Qobiljon Muhammadjonov Kaliforniya shtatida universitet qurilishi uchun tanlangan yer maydoni oldida

Arxitektor Qobiljon Muhammadjonov Kaliforniya shtatida universitet qurilishi uchun tanlangan yer maydoni oldida

2009-yilning noyabr oyida Zohir Ahmad Qobiljon Muhammadjonov yetakchiligidagi ustalarni AQShga taklif qildi. Bir oy davomida mehmonlar Kaliforniya shtatida universitetlar, masjid binolari va boshqa qurilish obyektlarini o’rgandi.

“Masalan, Kaliforniya universitetida bo’ldik. Uning butun arxitekturasi, laboratoriyalari, o’quv korpuslari, sport inshootlari va boshqa qulayliklari bilan tanishdik. Maqsadimiz ularda universitetlar qanaqa tashkil etilgan, masjidlar qanaqa qurilgan, shu haqda tasavvur hosil qilish edi”, - deydi u.

Abzal G'ulomov (o'ngda) loyiha rahbari Zohir Ahmad bilan, Kaliforniya, AQSh.

Abzal G'ulomov (o'ngda) loyiha rahbari Zohir Ahmad bilan, Kaliforniya, AQSh.

Usta Muhammadjonov AQSh universitetlaridagi talabalar uchun yaratilgan sharoitlar, ayniqsa, unga juda ma’qul bo’lganini aytadi.

“Kaliforniya universitetidagi talabalar uchun yaratilgan sharoit bizga nihoyatda hayron qolarli darajada ma’qul bo’ldi. Sport inshootlari, talabalar markazi, tibbiyot markazlari, fakultet binolari, hammasida juda yaxshi sharoitlar yaratilgan ekan”, - deydi u.

Hamkorlar universitet qurilishini muhokama qilmoqda, Kaliforniya, AQSh.

Hamkorlar universitet qurilishini muhokama qilmoqda, Kaliforniya, AQSh.

Toshkentga qaytgach, Muhammadjonov loyiha chizmalari ustida ishlashni boshladi. Zohir Ahmad universitet masjidining zamonaviy islomiy arxitektura asosida bo’lishini, boshqa o’quv binolari esa Amerikaning eng so’nggi qurilish andozalariga mos kelishini istadi. O’zbekistonlik arxitektor bu vazifani oliy darajada bajardi.

“Tarixiy arxitekturani zamonaviy arxitektura bilan uyg’unlashtirish ancha murakkab masala hisoblanadi, - deydi Qobiljon Muhammadjonov. – Biz shuni bajarishga harakat qildik. Ishimiz ularga juda ma’qul bo’ldi. Zohir Ahmad janoblari bizdan juda minnatdor bo’ldilar. Men o’ylagandan ham ortiq darajada bo’libdi, deb bizga ko’p minnatdorchilik bildirdilar”.

Me'mor Qobiljon Muhammadjonov (o'ngda) va Abzal G'ulomov qurilish uchun tanlangan maydonni ko'zdan kechirmoqda, Kaliforniya, AQSh.

Me'mor Qobiljon Muhammadjonov (o'ngda) va Abzal G'ulomov qurilish uchun tanlangan maydonni ko'zdan kechirmoqda, Kaliforniya, AQSh.

Xalqaro Ming yillik universiteti qurilishiga bosh-qosh bo’layotgan jamoa a’zolaridan yana biri o’zbekistonlik Abzal G’ulomov. Zohir Ahmadning AQShdan Toshkentga tashrif buyurishida va hatto universitet qurish g’oyasining paydo bo’lishida bu insonning hissasi katta.

Abzal G’ulomov asli kinoshunos. 25 yil “O’zbekfilm” studiyasida ishlagan. Zohir Ahmad bilan shu kasbi orqali Rossiyada o’tgan musulmon filmlari festivalida tanishgan. Hammasi Zohir Ahmadning Toshkent safaridan boshlandi, deydi u.

Qurilish tugallangach, Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universiteti shunday ko'rinishga ega bo'ladi.

Qurilish tugallangach, Kaliforniyadagi Xalqaro Ming yillik universiteti shunday ko'rinishga ega bo'ladi.

“Toshkent, Samarqand, Buxoro – har birida ikki kundan, jami bir hafta shu odam O’zbekistonda mehmon bo’ldi. Toshkentga kelganimizda, bizning uyda ham bir piyola choy iching, deb uyimizga taklif qildim. Biznikida o’tirganimizda kechqurun bir kichkina sayohat qilaylik, dedim-da, Toshkentdagi “Ko’kcha” masjidiga olib bordim. O’sha yerda namoz o’qidik birga. Namoz o’qigandan keyin hamma tarqab ketdi, lekin biz o’tirdik chordona qurib”, - deya hikoya qiladi toshkentlik Abzal G’ulomov.

​Uning aytishicha, AQShda O’zbekiston islomiy arxitekturasi asosida yangi universitet qurish g’oyasi aynan Toshkentdagi mana shu “Ko’kcha” masjidida tug’ilgan.

“Toshkentdagi ulkan “Ko’kcha” masjidida o’tirib, shu odam bir niyat qildi, - deya hikoyasini davom ettiradi G’ulomov. - Qani endi bizning Amerikada, Kaliforniyada, mana shunday ulkan masjidlar bo’lsa edi, deb niyat qildi. Taqsir, gap bo’lishi mumkin emas, hozir 10 minutda tashkil qilamiz, dedim-da, telefonda arxitektor tanishim Qobiljon akani taklif qildim. O’n besh minutda yetib keldi. Orzular shunaqangi oshib ketdiki, buni so’z bilan ta’riflab bo’lmaydi. Shunda Zohir Ahmad bir og’iz so’z aytdi. Men dunyo ko’rgan odamman, dunyoning hammasini aylanib chiqqanman, dedi. Lekin men O’rta Osiyo islom arxitekturasini ko’rib qoyil qoldim, tan beraman va tiz cho’kaman, dedi”.

Qobiljon Muhammadjonov ham, Abzal G’ulomov ham loyihada ishtirok etayotganidan xursand.

“Agar shu loyiha ijobat topib, qurilish boshlanib ketsa, biz juda xursand bo’lardik. Men bir dona g’ishti O’zbekistondan ekanligiga xursand bo’lardim. Ikkinchi g’ishti arxitektor Qobil akadan bo’lgani uchun xursand bo’lardim”, - deydi Abzal G’ulomov.

Loyiha rahbari Zohir Ahmadning aytishicha, universitet qurilishi shu yilning noyabr oyidan boshlanadi. O’zbekistonliklar ham AQShga yetib kelib, qurilishda faol ishtirok etishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Behzod Muhammadiy

    Behzod Muhammadiy AQShning Shimoliy Karolina universitetida jurnalistika bo'yicha tahsil olgan. Ijtimoiy-madaniy va ma’rifiy mavzularda yuzlab maqolalari bilan nom qozongan. 

XS
SM
MD
LG