Minnesotada somaliliklar vatandoshning ishini qoralamoqda

  • Amerika Ovozi

Dahir Adan

Dahir Adan

AQShning Minnesota shtatida yashovchi somaliliklar jamoa vakilining savdo markazida pichoq bilan odamlarga hamla qilganini qoralab chiqdi. 22 yashar Dahir Adan to’qqiz kishiga tan jarohati yetkazib, so’ng politsiya o’qidan o’ldi. Internetdagi jihodchi sahifalardan biri uni “Islomiy davlat” askari” deb atadi.

Eyvon shahar politsiya boshlig’i Kori Nellis Adanni to’xtatgan politsiyachi Jeyson Falkoner harakatini yuqori baholadi.

"Falkoner odamlarni himoya qilish uchun o’z jonini xavf-xatarga soldi. Agar u odamni to’xtatib qolmaganida edi, jabrdiydalar yanayam ko’p bo’lardi", - deydi Nellis.

Prezident Barak Obamaning aytishicha, Minnesotadagi hujum hamda Nyu-York va Nyu-Jersidagi terror xurujlar o’rtasida bog’liqlik yo’q.

"Minnesotadagi voqea taftishini tezlatish uchun federal hukumat barcha imkoniyatlarni ishga soladi", - deydi Obama.

Dahir Adan Afrikada tug’ilgan, ammo so’nggi 15 yil AQShda yashagan. Uning otasi o’g’lining ekstremistik faoliyat yuritganidan bexabar bo’lganini matbuotga aytdi. Biroq “Islomiy davlat” uni o’z askari deb e’lon qildi.

AQShda yashovchi somaliliklar Adanning bu ishini qoraladi.

"Markaziy Minnesota Somali jamoasi jabrdiydalarga hamdardlik bildiradi", - deydi Mahmud Muhammad ismli odam.

Somaliliklar Adanning bu harakati natijasida Amerikada musulmonlarga nisbatan munosabat yomonlashishidan xavotirda.

"Voqea barchamizni shokka soldi. Bu bir odamning ishi, jamoamiz shuni anglasin", - deydi Jaylani Husayn.

“Islomiy davlat” jang maydonlarida birin-ketin mag’lubiyatga uchrar ekan, unga qarshi jang qilayotgan mamlakatlarda yashovchi musulmonlarni yakka holda xurujlar uyushtirishga da’vat etmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG