Minnesota shtatida uch somalilik terrorizmda aybdor deb topildi

  • Amerika Ovozi

Prokuror Endryu Luger

Prokuror Endryu Luger

Minnesota shtati huquq-tartibot idorasi rasmiysi nazarida somalilik uch yigit terrorizmda aybdor topilgani ketidan muhojir jamoalar sergak tortishi kerak. Somali muhojirlari "Islomiy davlat" to'dasi ularning orasida targ'ibotni oshirganini doim ham tan olmaydi. Ular haqiqatni ortiq inkor etishmasin, ko'zni kattaroq ochsin, deydi prokuror Endryu Luger.

Minnesota sudi uch yigitni "Islomiy davlat" guruhiga moddiy yordam yetkazishga uringanlik, xorijda qotilliklar sodir etishni rejalaganlikda aybdor topdi.

Prokuratura jami o'n kishiga ayblov qo'ydi. Ulardan biri Suriyaga borib, "Islomiy davlat" guruhi safida kurashni boshlab yuborgan. Yana olti kishi aybini tan oldi.

Uch yigit, yigirma yoshlar atrofidagi Muhammad Farah, Guled Umar va Abdirahmon Daud esa aybni tan olmadi va ish sudga oshirildi.

"Terrorchilar shundoq hovlimizda o'zimizning fuqarolarimizni yollayapti. Bu ish muammoga katta ko'z bilan qarashimizga imkon berdi. Barchamiz bu amaliyotni to'xtatishga harakat qilishimiz kerak", - deydi Luger.

Lekin prokurorning aytishicha, mahalliy muhojir jamoalar doim ham hukumatga yordam bermayapti.

"Minnesotada terrorchilar odam yollashlarini bas qilishga to'sqinlik qilayotgan omil, birinchidan, "Islomiy davlat" qudratli targ'ibot vositalari va da'vatlarini ishga solayapti. Ikkinchidan, jamoalar bor haqiqatni tan olmayapti. Terrorchilar haqiqatda ular safidan odam yollayotganini ba'zilar oyoq tirab rad etmoqda", - deydi u.

Aldov qurbonlari?

Jangarilar nishoniga aylangan yigit kishilarni Federal qidiruv idorasi oylar davomida kuzatgan. Ammo immigrant jamoalarning ayrim yetakchilari va ota-onalar uch yigit rasmiylarning qopqoniga, aldoviga ilindi, demoqda. Sud adolatsiz ishladi, hakamlar hay'ati faqat oqlardan iborat edi, deydi ular. Sudlanayotgan yigitlardan biri, xususan, quruq og'iz ko'pirtirganini, aslida yovuz niyati bo'lmaganini ta'kidlagan.

Sud hukmi e'lon qilingach, Muhammad Farahning onasi Ayan Farah "Amerika Ovozi" Somali xizmati bilan gaplashib, o'g'li begunoh ekanini aytdi.

"O'g'lim 22 yoshda, shu yerda tug'ilib o'sgan. Biz bilmagan, ko'rmagan odamlarga qarshi qotilliklar sodir etgan emish. Bu davlatda biror odamni o'ldirsangiz, dalil bo'lishi kerak. Bu ish hukumatning kirdikori, fitnasi edi. Ular sud hay'atiga pora bergan", - deydi ayol.

Prokuror Luger esa yigitlar adlangani yoki jangarilarga qo'shilish niyati bo'lmaganiga ishonmaydi. Ular nima qilayotganini yaxshi bilar edi.

"Umar, Daud va Farah 2014-yilda qat'iy qaror qabul qilgan. Qonxo'r terrorchi tashkilotga qo'shilishni xohlagan, begunoh odamlarni qirishni istagan, o'z oilalarini barbod qilishga tayyor bo'lgan. Ularning do'sti bu suhbatlarni tasmaga yozib ola boshlaganidan ancha avval yigitlar qarorida qat'iy edi", - deydi prokuror.

Iqtisodiy imkonsizlik

Biroq muhojir jamoalar orasida muammoni tan olgan faollar kam emas. Barchamiz buning naqadar dolzarb ekanini bilamiz, deydi ular.

Abdirazzoq Bihiy jamoalar avval haqiqatni rad etgandir, biroq bugun hamma sergak tortgan, deydi. Bihiyning Amerikada tug'ilib o'sgan jiyani 2008-yilda Somalida al-Shabab safiga qo'shilib nobud bo'lgan.

Biror ota-ona farzandi qamoqqa tushishini, boshqa davlatga borib qotilliklar sodir etishini xohlamaydi, deydi u.

"Bolalarimiz haqiqatda xavf ostida. Amerikada somalilik oilalarning 60 foizi qashshoq, 40 foizi ishsiz. Ijtimoiy muammolar talay", - deydi u.

Suratda chapdan Abdurahmon Daud, Muhammad Farah va Guled Umar.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG