AQSh dunyoning 70 foizini yalpiz bilan ta'minlamoqda

  • Amerika Ovozi

Olma, makkajo'xori kabi dehqonchilik mahsulotlari AQShda kuzgi xirmonning asosiy qismini tashkil etsa-da, saqich, shirinlik va tish pastasi singari kundalik mollarni ishlab chiqarish uchun kerakli yalpiz yig'ish mavsumi ham shu faslga xos.

Indiana shtatining Souz Bend shaharchasida hozir yalpiz terish vaqti. Rendi Mettisga qarashli fermer xo'jaligini kezsangiz, yalpizli ulkan saqich oralab yurgandek bo'lasiz. Yalpiz hidi dimog'ingizga uriladi, kiyimingizga o'tirib, bir necha soat ketmaydi.

"Biz qalampirmunchoq va yalpiz yetishtiramiz. Yalpizning ikki xili bor: mahalliy va xavfsiz deb nomlanadigan turlari", - deydi dehqon.

Mettisning katta bobosi bu yerda yalpiz ekishni 30-yillarda boshlagan. Shundan beri dala kengaydi, ammo oila hanuz XVIII asrda Britaniyadan keltirilgan qora yalpiz ekadi.

Indiana shtatining qishloq xo'jaligi bo'yicha rasmiysi Elisha Rojersning aytishicha, yalpiz pichandek yig'ib olinadi.

"Odatda, yilda bir marta o'rib olinadi. Keyin yerda ikki kun quritiladi. Shundan so'ng kelib, kombayn pritseplarida yig'ib olishadi", - deydi u.

O'rib olingan ekin vagonlarga yuklanadi. Ularga esa beshta uzun quvur ulangan. Bu quvurlardan bug' jo'natiladi.

"Bug' yordamida barglardagi yog' parchalanib, par bilan tashqariga chiqadi. So'ng bug'ni suyuqlikka aylantiramiz", - deydi fermer Mettis.

O'tgan yili Mettis 27 tonnadan ortiq moy oldi. Yalpiz boshqa ekinlar kabi birjada sotilmaydi. O'rtadagi dallol uni dehqonlardan to'g'ridan to'g'ri sotib oladi. Yalpizni yetishtirish maxsus qimmat texnikani talab qilgani bois uni yetishtiradigan dehqonlar ko'p emas.

"Dunyoni yalpiz ta'mi bilan ta'minlashga AQShda 280 tacha fermer hissa qo'shadi", - deydi Mettis.

Dunyo yalpiz xomashyosining 70 foizini AQSh yetishtiradi. Bu sohada yillik daromad 200 million dollardan ortiq. Xitoy, Hindiston va Yaponiya asosiy xaridorlar. Yalpizdan shirinliklar, oziq-ovqat va dori tayyorlashda foydalaniladi.

"Boshog'riq va shamollashga qarshi juda foydali", - deydi Rojers.

Mettisga ko'ra, yalpiz yetishtirish qimmatligi bois ko'plab kompaniyalar sun'iy mahsulot yaratish yo'liga o'tmoqda.

"Odamlar saqich yoki boshqa mahsulot yorliqlariga qarab, undagi yalpiz tabiiy yoki yo'qligini tekshirishlarini istardim", - deydi u.

Agar yorliq "Wrigley", "Colgate" yoki "Nestle"niki bo'lsa, siz Mettis yetishtirgan yalpizdan bahramand bo'layotganingiz ehtimoli yuqori.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG