Breaking News

Shavkat Mirziyoyev korrupsiyani yo'qota oladimi?


O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev
O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev

Korrupsiyaga botgan eski amaldorlar qurshovida qolgan O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev yangi kadrlarga muhtojligini bildirmoqda. Hukumat majlisida qilingan bu bayonot ochiqlanishi ortidan O'zbekistonda kadrlar inqirozi yuzaga kelgani haqida xavotirlar yuzaga chiqdi. Ayrim sharhlovchilarga ko'ra, kadrlar sohasida islohot qilishni rejalayotgan Mirziyoyev korrupsiyaga yetaklayotgan mavjud tizimni o'zgarishsiz qoldirmoqda.

Mirziyoyevning islohotlari kadrlarning shiddat bilan almashtirilishi bilan ko'zga tashlanmoqda. So'nggi bir oyning o'zida o'ndan ortiq hokim, yana o'nlab turli darajadagi amaldorlar ishdan olindi.

Bu o'zgarishlar mamlakat iqtisodida ham, ijtimoiy-siyosiy hayotda ham yaqqol sezilgani yo'q - faqat uning keskinlik bilan ajralib turgan tanqid va bayonotlari jamoatchilikda aks-sado berayotgani inobatga olinmasa.

Prezidentning hukumat yig'ilishida amaldorlarga qarata aytgan keskin tanqidi bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalmoqda va olqishlanmoqda.

Amaldorlarga qarata “hammangiz balchiqqa, korrupsiyaga botib qolgansiz”, degan prezident mamlakatdagi ahvolni nihoyatda og'ir baholaydi, kadrlar masalasi izdan chiqqanini ta'kidlar ekan, amaldorlarni favqulodda vaziyatda ishlashga chaqiradi:

“Albatta, 2-3 yildan keyin kadrlar keladi, yosh, yaxshi kadrlar. Lekin, men hozir qaror qildim, ikki yil favqulodda vaziyatda ishlaymiz”, - dedi u.

Kadrlar inqrozini tan olgan va o'z amaldorlarini korrupsiyada ayblayotgan prezidentning bu bayonoti nimalardan darak bermoqda? Korrupsiyaga qarshi urushmi? O'zgarishlarni kutayotgan jamoatchilikka berilgan navbatdagi ishorami yoki prezidentning tizim qarshisidagi ojizligimi?

Londondagi Markaziy Osiyo instituti tadqiqotchisi Alisher Ilhomovga ko'ra, O'zbekistonda kadrlar, amaldorlar qonunlarga emas, avvalo amaldagi siyosatga xizmat qilib kelgan. Aslida kadrlar siyosatga emas, qonunlarga xizmat qilishi kerak.

“Mirziyoyev hokimiyatga kelgach, davlat idoralaridagi xizmatga doir qonun loyihasi haqida gap bo'lgan edi, lekin bu narsa hozir muhokamada ko'rinmaydi. Davlat xizmatidagi amaldorlarning burch va vazifalarini aniq belgilab beruvchi bunday qonun aynan amaldorlarning siyosatga bo'ysundirilishini oldini oladi. O'zbekistonda kadrlarga bog'liq vaziyat bugunning muammosi emas, ular hamisha davlat siyosatining bir qismi bo'lib kelgan. Mirziyoyevning bu bayonoti o'zgarishlar kutayotgan jamoatchilikka umid beruvchi navbatdagi ishora bo'lishi mumkin. Yoki u shu tizimning ustunlaridan biri bo'lib kelganiga qaramasdan men bundan xoliman demoqchimi? Aslida esa tashqi siyosatni hisobga olmaganda mamlakat iqtisodi, ijtimoiy hayotda biror siljish kuzatilayotgani yo'q”, - deydi Ilhomov.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov fikricha, Mirziyoyev korrupsiya muammosini ochiq tan olayapti, ammo diqqatni oily bo'g'indagi korrupsiyaga qaratayotgani yo'q.

“O'zbekistonda korrupsiya hamma pog'onada mavjud hodisa. Bugun o'rta va quyi bo'g'indagi korrupsiya ko'lami tanqid qilinib, oliy hokimiyatdagi korrupsiya darajasi qolaverar ekan, ma'lum bir vaqtdan keyin bu pog'onalar yana korrupsiyaviy tizimga qaytadi. Korrupsiyaga qarshi repressiv usullar bilan yoki demokratik sharoitda sinovdan o'tgan usul, matbuot, fuqarolik jamiyatini jalb qilib kurashish mumkin. Hokimiyat qanday usulni tanlamoqchi, buni vaqt ko'rsatadi”, - deydi Rabbimov.

Eskpert Saparboy Jubayev O'zbekiston vazirliklarida ishlagan mutaxassis. Uning aytishicha, kadrlarning shiddat bilan o'zgartirilishidan samara kutish qiyin.

“O'z kasbining fidoyisi bo'lgan mutaxassislar ko'p, muammo kadrlarda emas, aksincha, tizimda. Har qanday fidoyi, adolatli mutaxassisni mavjud tizimda o'z sohasiga qo'ying, u shu sohada ishlab ketishi uchun korrupsiyaga tortilishga mahkum, o'zi buni istagan, istamagan taqdirda ham. Chunki tizim shunga asoslangan. Shunday ekan, tizim o'zgartirilmas ekan, kadrlarni almashtiraverish bilan muammo yechilishi qiyin”, - deydi u.

Kamoliddin Rabbimovning aytishicha, prezident mavjud tizim imkoniyatlarini zo'riqtirish orqali muammolarni hal etmoqchi.

“Mirziyoyev amaldagi byurokratiyani zo'riqtirish orqali jamiyatdagi muammolarni kengroq, malakaliroq tarzda kanallashtirishni istayapti. Chunki 32 millionlik O'zbekistondagi vaziyat og'ir, buni prezident ham tan olayapti. Agar ertaga biror joyda ijtimoiy portlash yuz berib, yangi hokimiyat kuch ishlatadigan bo'lsa, bu uning ichkaridagi va xalqaro miqyosdagi reputatsiyasiga strategik zarba bo'ladi. Buning oldini olishni yagona yo'li, muammolardan oldinroq yurish, ochiqlash. Ammo bunga amaldagi byurokratiyaning malakasi yetarli bo'lmayapti”, - deydi Rabbimov.

18-aprel kuni Toshkentda Vazirlar Mahkamasi joriy yilning birinchi choragiga bag'ishlangan yig'ilish o'tkazdi. Hukumat a'zolari hisoboti tinglangan majlisda iqtisodiy sohadagi ko'rsatkichlarda o'sish borligi, shuningdek, prezident topshriqlari bajarilishida rahbarlar, mansabdor shaxslarning shaxsiy javobgarligini oshirish zarurligi qayd etilgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG