Prezidentlikka nomzodlar orasida faqat Mirziyoyev muammolar haqida gapirmoqda


Shavkat Mirziyoyev

Shavkat Mirziyoyev

O`zbekistonda prezidentlikka nomzodlarning saylov targ`iboti avjiga chiqqan, chorak asr davomida ilk bor Islom Karimov ishtirokisiz o`tayotgan saylov kampaniyasi mamlakatda uzoq yillar davomida kutilgan siyosiy islohotlar boshlanishiga umid uyg`otgan. Ammo xalqqa farovonlik, barqarorlik, iqtisodiy rivojlanish va`dasi berilayotgan uchrashuvlarda aholini yillar davomida qiynab kelgan ijtimoiy muammolarga diqqat qaratilayotgani yo`q. Mamlakatdagi vaziyatga tanqidiy qarash muvaqqat prezident Shavkat Mirziyoyev uchun istisno qilingandek, ammo bu qarashlar ham saylovdan so`ng siyosiy islohotlar boshlanishiga ishorat bermaydi.

O`zbekiston prezidenti uchun ovoz berishga 19 kun qoldi. Yangi prezident sifatida o`zbekistonliklarga Shavkat Mirziyoyev, Narimon Umarov, Hotamjon Ketmonov, Sarvar Otamurodovlar nomzodi taklif qilinayapti, ammo ko`pchilik, saylovdan qat`i nazar, Karimovdan keyingi hokimiyat Mirziyoyev qo`liga o`tganiga shubha qilmaydi.

Islom Karimov vofoti sababli muddatidan avval o`tkazilayotgan prezidentlik saylovlari 25 yil davomida turg`unlikda yashagan o`zbek jamiyatiga imkoniyatlar eshigini ochib berishi haqida umidlar yo`q emas, bu umidlar asosan Mirziyoyev nomzodi bilan bog`liq ko`riladi.

Hozirgacha Karimovdan so`ng hokimiyatni qo`lga olgan Bosh vazir Shavkat Mirziyoyevdan tashqari boshqa biror nomzod mamlakatdagi ijtimoiy siyosiy vaziyat yuzasidan tanqid bildirishga jur`at etmadi. Muqobil nomzodlarning saylov kampaniyasi o`ta silliq, yillar davomida aholini qiynab kelayotgan ijtimoiy muammolar tilga olinmagan holda o'tmoqda.

Nomzodlarning mahalliy televideniye orqali namoyish qilinayotgan saylovoldi uchrashuvlarida bugungi kunning asosiy muammosi bo'lgan aholini elektr toki va tabiiy gaz bilan ta`minlash, qashshoqlik va ishsizlik sabablari haqida hech narsa deyilmaydi. Farovonlik, ijtimoiy muhofazani kuchaytirish, taraqqiyot va qadriyatlar haqidagi va`dalar real hayotdan uzoq ko`rinadi.

O`zbekistonda 25 yil davomida kutib kelinayotgan siyosiy erkinliklar, matbuot mustaqilligi masalasini prezidentlikka nomzodlar ham, jurnalistlar ham jamoatchilik muhokamasiga olib chiqayotgani yo`q.

Amaldagi nomzodlardan ikki nafari - O`zbekiston Xalq demokratik partiyasi vakili Xatamjon Ketmonov va “Adolat” partiyasi vakili Narimon Umarov marhum prezident Islom Karimov davridagi saylovlarda ham muqobillik vazifasini o`tab berishgani bilan tanilgan, shu bois ham jamoatchilik tomonidan bu nomzodlar jiddiy qabul qilinmayotgani ta`kidlanadi. “Milliy tiklanish” partiyasidan olg'a surilgan yangi nomzod Sarvar Otamurodov o`z diqqatini siyosiy islohotlarga emas, madaniy, ma`rifiy masalalarga qaratish bilan cheklanayotgani kuzatiladi.

“Mirziyoyevdan tashqari nomzodlardan, masalan, Xatamjon Ketmonovni ko`pchilik biladi, lekin hech kim uni jiddiy qabul qilmayapti. Chunki u avval ham prezidentlik saylovlarida qatnashgan, “masxaroboz” nomzod rolini o`ynab bergan edi. Muqobil nomzodlarga hech kim e`tibor berayotgani yo`q, ko`pchilik bilmaydi ham”, - deydi toshkentlik sharhlovchi Anvar Nazir.

Saylov kampaniyasi davomida amaldagi boshqaruv tizimi, ijtimoiy vaziyatga doir tanqidiy qarash faqat Bosh vazir Shavkat Mirziyoyev chiqishlarida kuzatiladi. Davlat organlari faoliyati, ayniqsa, sud huquq tizimini keskin tanqidga olgan Mirziyoyev “xalq davlat organlari uchun emas, davlat organlari xalq uchun xizmat qiladigan davr kelganini” ta`kidladi.

Sentabrdan boshlangan prezidentlik saylov kampaniyasi mobaynida muvaqqat prezidentga tegishli tanqidlardan tashqari siyosiy hayotga yangilik olib kiruvchi boshqa bir amaliy takliflar kuzatilmadi. Prezidentlik saylovlari ortidan kutilayotgan islohotlarga umid ham, umidsizlik ham Mirziyoyev nomzodi bilan bog`liq.

Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovga ko`ra, islohotlarni kutish uchun asoslar bor, Mirziyoyev Karimov davridagi aqidalarni buzmoqda.

“Mirziyoyev o`tkazilayotgan islohotlar siyosiy rejimni zaiflashtirmas ekan, uning legitimligi, mustahkamligiga xizmat qilar ekan, nima uchun buni qilmaslik kerak, degan pozitsiyada turibdi. Uning yana bir sharti, islohot shaxsan uning hokimiyati nufuzini ijobiylashtirishga xizmat qilar ekan, unda bu islohotdan voz kechish kerak emas. Karimovga nisbatan Mirziyoyev o`ta pragmatik shaxs. Karimov keyingi 10 yil davomida dogmatikka aylanib qolgan edi. U 27 yil hokimiyatda o`tirdi, bu davr mobanida siyosiy rejim uchun buzish mumkin bo`lmagan aqidalar vujudga keldi. Karimov ketishi bilan esa bu aqidlar o`zgara boshladi. Hokimiyat bir tomondan siyosiy rejimning davomiyligini ta`kidlayapti, ikkinchi tomondan ayrim masalalarda Karimov davridagi aqidalarga mutlaqo zid ishlarni qilyapti”, - deydi Rabbimov.

Mirziyoyevdan kutilayotgan asosiy umidlar siyosiy erkinliklar, inson huquqlari, matbuot mustaqilligini ta`minlash bilan bog`liq. Uning davlat boshqaruviga kelishidan so`ng xorijdagi o`zbek muxolifati, huquq faollari muloqot qilish, siyosiy islohotlar o`tkazish haqida qator takliflar bilan chiqishdi. Bu takliflar hozircha samara bergani yo'q, aksincha, siyosiy mahbuslar ozodligi talab qilinishi ortidan 23 yildan buyon qamoqda qolayotgan siyosiy mahbus Samandar Qo`qonovga yana 3 yillik jazo qo`shib berildi. Huquq himoyachilari buni yangi hukumat islohotlarga bormasligi ishorasi sifatida qabul qilmoqda.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG