Amerika Martin Lyuter King va buyuk orzularni yodga olmoqda

  • Amerika Ovozi

Martin Lyuter King 1964 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq topiladi. O’sha yili prezident Lindon Jonson barcha fuqarolar teng huquqqa ega degan qonunga imzo chekadi.

Martin Lyuter King 1964 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq topiladi. O’sha yili prezident Lindon Jonson barcha fuqarolar teng huquqqa ega degan qonunga imzo chekadi.

Har yili yanvar oyining uchinchi dushanbasi - Amerikada Martin Lyuter King kuni.

Ushbu bayramda bu mamlakatda fuqaro huquqlari uchun kurashgan Martin Lyuter King xotirlanadi. Tirik bo’lganida King shu kunlarda 82 yoshga to’lgan bo’lardi.

Irqchilikka qarshi bosh ko’tarib, tenglik uchun ter to’kkan arbob yurtdoshlarini o’z haq-huquqlarini qon to’kmay talab qilishga undagan.

Qisqa qilib aytganda, Martin Lyuter King - Amerika xalq qahramoni.

“Xalqim va butun dunyo shuni bilsinki, biz tenglik uchun kurashdamiz. Bizni hech kim to’xtata yoki kamsita olmaydi”,- degan edi u.

Martin Lyuter King bu kurashni 1955 yilda boshlagan. Alabama shtatining Montgomeri shahrida oq va qoralar alohida emas, bir avtobusda yurishini talab qilib chiqqan.

“Biz Montgomerining qora tanli aholisi bu adolatsizlikka boshqa chiday olmaymiz.
Yillar davomida bizni kamsitib kelishadi. Jamoat transporti hamma uchun bir”,- deydi u.

1963 yilga borib Martin Lyuter King boshlagan tashabbus fuqaro huquqlari uchun harakat tusini oladi.

O’sha yilning avgust oyida Vashingtonda 250 ming kishi namoyishga chiqadi. Martin Lyuter King boshchiligida ular Kongressdan irqchilikni man etishni talab qiladi. O’sha minglab faollar qatorida Rojer Uilkins ham bo’lgan. Irqchilikdan to’yganlar markaziy xiyobonda to’plangan kunni yaxshi eslaydi.

"Yozning u nurli va jo’shqin damlarini unutib bo’ladimi? Butun mamlakat bir yoqadan bosh chiqarayotgandek edi… Amerika uyg’onayotgan edi. Irqchilikka yo’q deb chiqayotgan edi",- deydi u.

Martin Lyuter Kingning “Bir orzum bor” deya o’z xalqiga va butun dunyoga qilgan murojaati bugun tinchlik va tenglik shioriga aylangan. Amerika tarixiga zarhal harflar bilan muhrlangan:

“Bir orzum bor: bir kun kelib mening to’rt farzandim shunday jamiyatda yashaydiki, unda ular rangiga qarab emas, ahloqi va vijdoniga qarab baholanadi”.

Namoyishlar ketidan namoyishlar, chiqishlar ketidan chiqishlar… Tenglik uchun kurash tengsizlik tan olinmaguncha to’xtamasligi ayon edi.

Martin Lyuter King 1964 yilda Tinchlik uchun Nobel mukofotiga loyiq topiladi. O’sha yili prezident Lindon Jonson barcha fuqarolar teng huquqqa ega degan qonunga imzo chekadi. Bu qonunda irqchilik jinoyat deb e’tirof etiladi va qora tanlilar oldidagi qator to’siqlar olib tashlanadi.

Lekin bu qonun bilan Amerikada irqchilik barham topmadi. 1968 yilning mart oyida Martin Lyuter King Memfis shahrida ishchi-mehnatkashlar huquqi uchun so’zlab, namoyishlarga boshchilik qiladi. Namoyish zo’ravonlik tusini olib, shaharda to’polon boshlanadi.

Martin Lyuter King nazarida bu fojia edi. 1968 yilning 4 aprelida yetakchi shu shaharda otib o’ldiriladi.

“Amerikaning buyukligi shundaki siz haqiqatni talab qila olasiz.... Men Amerikaga ishonaman. Orzum ro’yobga chiqqanida men hayot bo’lmasman, ammo xalqim o’sha kunga yetishini istayman”,- degan edi qahramon.

Oradan 40 yil o’tib, 2008 yilning 4 noyabrida Amerikada qora tanli fuqaro prezidentlikka munosib topildi. Barak Obamaning Oq Uyga saylanishi, deydi tenglik uchun kurashganlar, Martin Lyuter Kingning orzusi ro’yobga chiqayotganidan dalolat.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG