Martin Lyuter Kingni xotirlab: Orzular ro'yobini bugungi avlod ko'rmoqda

  • Amerika Ovozi

O’tgan asrning 60-yillari AQShda qora tanli amerikaliklar janubdan shimolga qadar irqiy kamsitish va zo’ravonliklarga qarshi bosh ko’tardi.

Hozir ularning aksariyati janubiy shtatlarda emin-erkin yashaydi. Bu yerda teng huquqlar kurashchisi sifatida tanilgan Martin Lyuter King orzulari bugun to’la ro’yobga chiqmoqda.

Alabama shtatining Birmingem shahri bugun 60-yillarga qaraganda tubdan farq qiladi. Mahalliy futbol jamoasi uchun oqlar va qoralar birdek muxlis. 50 yil muqaddam buni tasavvur ham qilib bo’lmasdi.

Fuqarolar huquqlari va saylov bo’yicha yangi qonunlar qabul qilingach, shahar meri Uilyam Bell va u kabi boshqa 800 nafar qora tanli rasmiy shahar ma’muriyatiga saylanish huquqi va imkoniyatiga ega bo’ldi. Bellning aytishicha, bu kunlarga yetguncha millionlab odam qurbon berildi.

“Birmingemda ayirmachilikka chek qo’yilsa, janubiy shtatlarning istalgan yerida bunga erishish mumkin edi. Shu bois yaxshi erkak va ayollar, oqlar, qoralar, katoliklar, baptist, musulmon va yahudiylar yovuzlikka qarshi kurashish uchun birlashdi va Birmingemning o’zgarishiga yordam berdi”, - deydi shahar meri.

Mississippi shtatida istiqomat qiluvchi Flonzi Gudlo-Braunrayt siyosiy karyerasini 60-yillardagi fuqarolik harakatidan ilhomlanib boshlaganini aytadi.

“Men 1968-yil Medison okrugida bir lavozimga saylanganman. O’sha paytda Missisipida davlat idorasiga saylangan birinchi qora tanli ayol edim”, - deydi u.

Virjiniya kolleji prezidenti Milton Anderson ham o’sha avlod vakili.

“1963 yoki 64-yillarda mendek oddiy bir odamning Missisipi shtatidagi katta bir kollejga prezident bo’lishi umuman ilojsiz bir narsa edi”, - deydi u.

Birmingem meri Bell shaharda yangi stadion qurish va boshqa iqtisodiy loyihalar ustida ishlayapti. Ayni paytda barcha fuqarolarning teng huquqliligini ta’minlashdek mas’uliyatli vazifani ham esdan chiqargani yo’q.
“Fuqarolik huquqlari harakati natijasida bugun siz istalgan narsangizni qilishingiz, xohlaganingizdek yashashingiz mumkin. Shuning o’zi kifoyami? Yo’q! Ammo bu ilgariga qaraganda ancha yaxshi. Kelajak avlod uchun esa imkoniyatlar yanada ko’proq bo’ladi”, - deydi shahar meri.

Ish va yashash sharoitlari yaxshiroq bo’lgani uchun janubga ko’chib kelayotgan qora tanli amerikaliklar soni borgan sari oshib bormoqda. Atlanta shahri meri Kasim Ridning aytishicha, bu yer hozir janubiy shtatlarning yangi markazi.

“Kelajakda odamlarga iqtidoriga qarab baho beriladi. Hech kim e’tibordan chetda qolmaydi”, - deydi Rid.

Bugunga kelib Atlanta qora tanlilar soni bo’yicha mamlakatdagi ikkinchi eng yirik shaharga aylangan.

“Atlanta Amerikada qora tanlilar uchun eng tez o’sayotgan bozor. Chunki biz bu yerda barchani qamrab oladigan dasturlarni yuritamiz. Iqtidorli kadrlarni munosib taqdirlaymiz”, - deydi Rid.

Martin Lyuter Kingning iqtisodiy va ijtimoiy tenglik haqidagi orzulari bugun janubiy shtatlarda o’zining to’la ifodasini topmoqda. Oq va qora tanli fuqarolar hamjihatlikda ahil va inoq hayot kechirmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG