Martin Lyuter Kingni xotirlab: Kuch ishlatmaslik falsafasi va tenglik uchun kurash

  • Amerika Ovozi

Martin Lyuter King (o'ngda) Saylov huquqlari to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan AQSh prezidenti Lindon Jonson bilan qo'l siqib ko'rishmoqda, 1965-yil, 6-avgust.

Martin Lyuter King (o'ngda) Saylov huquqlari to'g'risidagi qonunning qabul qilinishi munosabati bilan AQSh prezidenti Lindon Jonson bilan qo'l siqib ko'rishmoqda, 1965-yil, 6-avgust.

Millionlab qora tanli amerikaliklar 60-yillarda irqiy tengsizlikka qarshi faol kurash olib bordi. Tarixga Amerika fuqarolik huquqlari harakati nomi bilan kirgan bu jarayon zo’ravonlikka qo’l urmagan holda ten huquqlilikka erishishni o’z oldiga maqsad qilib qo’ygan edi. Kurashning bunday uslubi harakat yetakchisi Martin Lyuter King tomonidan muvaffaqiyatli amalga oshirildi.
Martin Lyuter King kuch ishlatmaslik strategiyasini qabul qilishda Hindiston ozodlik harakati yetakchisi Mahatma Gandidan ilhomlangan edi. King o’z kurashida asosiy e’tiborini haqsizlikka qaratdi.

“Missisipi irqchilikni tugatishga qaratilgan har qanday harakatga tish-tirnog’i bilan qarshi”, - deydi u o’sha paytda gapirgan nutqlaridan birida.

King boshchiligida millionlab afro-amerikaliklar ko’chalarda tinch namoyishlar o’tkazib, iqtisodiy boykot va fuqaroviy bo’ysunmaslik usullarini qo’lladi.
Martin Lyuter Kingning qizi Bernis King kuch ishlatmaslik otasi uchun juda muhim bo’lganini aytadi.

“Dadam mana shu falsafani qabul qilmaganida qon to’kilishlari bundan ham kattaroq bo’lishi mumkin edi”, - deya eslaydi Bernis King.

Alabama shtatining Birmingem shahrida ham ana shu usulda kurash olib borildi. Shahar meri Uilyam Bell u kunlarni shunday eslaydi:

“O’sha paytda odamlar qatl etilayotgan, uylar, cherkovlar portlatilayotgan edi. Yovuzlik hamma joyda hukmrondek ko’rinardi”, - deydi u.

1965-yil Alabamaning Selma shahrida saylov huquqini talab qilib o’tkazilgan bir namoyish tarixga “Qonli yakshanba” nomi bilan kirdi. O’sha kuni namoyishchilarni kongressmen Jon Lyuis boshqardi.

“Ular bizni tayoqlar bilan kaltakladi, otlar bilan ustimizdan yurdi, ko’zni yoshlantiruvchi gaz qo’lladi. O’sha kuni ko’prik ustida turib endi men ham o’lsam kerak, deb o’ylagandim”, - deya o’tmishni eslaydi kongressmen Lyuis.

Kingning yaqin yordamchilaridan biri Endryu Yang ham g’azabga to’lgan olomonni tinchlikka undagan faollardan biri.

“Agar biz Amerika shaharlarida partizan urushini boshlab, terrorizmga qo’l urganimizda, bugungi muvaffaqiyatlarga erisha olmasdik. Amerikaning ham kuni bitgan bo’lardi”, - deydi u.

Birmingemda namoyish o’tkazayotgan maktab o’quvchilarini politsiya itlarga talatdi. Ommaviy axborot vositalari orqali butun dunyo bunga guvoh bo’ldi. Huquqshunos Richard Koen o’sha voqealarning harakatga ta’siri haqida gapiradi.

“Zo’ravonlikka mazlumlar emas, balki zolimlar qo’l urdi. Butun harakat davomida bu yaqqol ko’zga tashlandi va muhim ma’no kasb etdi”, - deydi u.

1963-yilning avgustida minglab qora va oq tanli amerikaliklar Vashingtonda ulkan yurishga to’plandi. Namoyish hech qanday hibsga olishlarsiz tinch o’tdi.
Vashintondagi yurishdan bir necha hafta o’tib Birmingemda fojea yuz berdi. 16-ko’chadagi cherkovda yakshanba kungi darslar paytida bomba portlab, to’rt yosh qiz halok bo’ldi. Yana 23 odam jarohatlandi. Bu King va uning fuqarolik huquqlari harakati uchun katta zarba bo’ldi.

Shirli Gevin Floyd o’sha voqealardan so’ng oq tanlilardan nafratlanadigan bo’lib qolganini aytadi.

“Oq odamlarga qarashdan va ular bor joyga borishdan qo’rqardim. Chunki bo’lib o’tgan voqea menga nisbatan ham ro’y berishi mumkinligiga ishonardim”, - deydi u.

Qoralar orasida ham zo’ravonlikka munosib javob berishga chaqirganlar ko’p bo’ldi. Kongressmen Bobbi Rush ham ulardan biri edi. 60-yillarda u “Qora qoplonlar” deb atalgan jangari guruh a’zosi bo’lgan.

“King menga juda bo’sh va sust ko’rinardi. Kuch ishlatmaslik usulini tushunmasdim. Shuning uchun uning falsafasiga ergashmadim va boshqa yo’lni tanladim”, - deydi kongressmen Rush.

Ayrim yetakchilar qora tanlilarning kuch ishlatmaslik harakatini Amerikaning ikkinchi fuqarolar urushi deb ataydi. Mamlakatning eng keksa fuqarolik jamiyati yetakchilaridan biri Ben Jelos bu kurash amerikaliklarning qalbini ham, aqlini ham zabt etganini aytadi.

“Shu harakat natijasida 1964 va 1965-yillarda fuqarolar huquqlariga oid muhim qonunlar qabul qilindi”, - deydi u.

Tarixchilarning e’tirof etishicha, aynan kuch ishlatmaslik harakati tufayli bugun barcha amerikaliklar haqiqiy tenglik va erkinlik ne’matidan bahramand bo’lmoqda.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG