Breaking News

Urgenchdagi halokat yuzasidan hukumat hamdardlik bildirmagan


8-avgust, shanba kuni Urgenchdagi “Yoshlar ko'li”da konsert paytida ko'prik panjaralari qulashi oqibatida kamida 15 odam o'lgan, bir necha kishi kasalxonada. Jabr ko'rganlarning aksariyati bolalar va ayollar. O'zbekiston hukumati fojia yuzasidan hamdardlik bildirmagan.

Urgenchdagi halokat yuzasidan hukumat ta'ziya bildirmagan - Malik Mansur
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:05:39 0:00

Hukumat komissiyasi falokat sabablarini o'rganishga kirishgan.

Komissiyasi zimmasiga o'lganlar va jarohatlanganlarni aniqlash, halok bo'lganlarning yaqinlariga, jabrlanganlarga ijtimoiy, moddiy yordam ko'rsatish ham yuklatilgan.

Rasmiy xabarda o'lganlar borligi qayd etiladi xolos.

Kechki konsertga kelgan tomoshabinlar ko'prik ustida to'planishi oqibatida ularning og'iridan panjaralar singan va odamlar ko'lga qulagan.

Norasmiy ma'lumotarga ko'ra, fojea paytida 15 dan ortiq odam halok bo'lgan, kamida 20 kishi shifoxonada. Ayrim manbalarga ko'ra, qurbonlar bir qadar ko'p bo'lgan.

Ayni paytda Shevtsiyada yashayotgan jurnalist Qudrat Bobojon Urgenchdagi hodisa guvohlari bilan gaplashgan.

"Hukumatning va voqea guvohlari aytayotgan ma'lumorlar o'rtasida tafovut katta. Kimdir o'lganlar sonini 30 deyapti, kimdir 60 deydi. Ko'lning o'zi eski ko'l, avvallari ham yoz paytlari bu yerda odamlarning cho'kishi kuzatilgan. Cho'milish mavsumida bu kabi holatlar ko'p bo'lardi. Albatta, odamlar yiqilayotgan paytda ularni qutqarib qolish imkoniyati kam bo'ladi, lekin bundan qat'i nazar, ko'l atrofida qayiqlar va qutqarish chambaraklari bo'lishi shart edi. Men voqea guvohlariga tayanib aytayapman, uzoq vaqt hech qanday yordam kelmagan", - deydi u.

Jurnalist so'zlariga ko'ra, hodisa kelib chiqishiga huquq-tartibot organlarining malakasiz harakati ham sabab bo'lgan.

"Guvohlar qutqarish imkoniyatlarining borligi haqida aytishayapti. Birinchidan, militsiya ham, qutqaruv xizmati ham zudlik bilan yordamga yetib kelmagan. Aksincha, militsiya, tan qo'riqchilari falokat ko'lami kengayishiga sabab bo'lishgan. Ko'prik tor, u yerda konsert uyushtirgan Navro'z Sobirovni olib o'tishayotgan paytda, tiqilinch yuzaga kelgan. Tan soqchilar deymizmi, kuch ishlatar xodimlari deymizmi, ular shu tor joyda yo'lni ochishga harakat qilishgan. Hamma fakt shunda", - deydi Qudrat Bobojon.

Xorijdagi o'zbek faollaridan iborat “Muqobil O'zbekiston” tashkiloti fojea munosabati bilan qurbonlarning yaqinlariga hamdarlik e'lon qildi.

“Fojeada halok bo'lgan begunoh go'daklar, vatandoshlarimizga Allohning rahmatini tilaymiz, jarohat olganlarning tezda shifo topishlarini so'rab qolamiz. O'zbekiston hukumati xuddi shu Urgenchdagi kabi hodisalar paytida, hatto hukumat aybi bo'lmagan taqdirda ham, o'z fuqarolari o'limiga munosabat bildirmaydi. Aksincha, qurbonlar sonini yashirishga, noto'g'ri ma'lumotlar berishga urunib keladi. Bu hukumatning o'z xalqiga nisbatan hurmatsizligi, millatni nazar-pisand qilmasligini ko'rsatadi. Aslida esa hukumat shunday og'ir vaziyatlarda o'zbek xalqiga uning suyanch tog'i borligini bildirib, buni sezdirib turishi kerak edi”, - deydi faollardan biri Mo'tabar Tojiboyeva.

Ijtimoiy tarmoqdagi muhokamalarda yuzlab odamlar, qo'riqchilar, militsiya ko'z o'ngida yuz bergan bu hodisada go'daklar va ayollarning halok bo'lishi turli munozaralarni avj oldirgan.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG