Breaking News

Nyu-Yorkda model qizlar o'z haqqini talab qilmoqda


Modellik chetdan xush ko’rinsa-da, mehnati og’ir. Ish sharoiti, maosh, muomala uchun talashib tortishish kerak. Nyu-Yorkdagi modellar jinsiy tajovuz, bepul ishlatish kabi kamsitishlarga qarshi kampaniya boshlagan.

Sara Ziff 14 yoshidan beri podiumda. Hozir 21da. Taniqli dizaynerlar bilan ishlaydi. Manxettenning qayeriga bormang, uning tasvirini ko’rasiz. Sara “Meni suratga ol” nomli hujjatli film muallifi.

Bu kasbning orqa-o’ngini yaxshi bilgan model hamkasblarni himoya qilish uchun alohida tashkilot tuzdi. Kolumbiya Universitetida o’qiyotib, xayoliga shu fikr kelgan.

“Moda sohasi qanchalik jilolanmasin, aslida modellar qora terga botib ishlashga majbur”,- deydi Sara Ziff.

Nyu-Yorkda bahorgi mavsum ko’rgazmasi oldidan u Modellar ittifoqiga (The Model Alliance) asos soldi va qisqa hujjatli film ishladi.

Sara Ziffning aytishicha, modellar shtatsiz xodim, kontraktor deb ko’riladi va imtiyoz, huquqlari ko’p hollarda pisand qilinmaydi. Har qanday mehnatga munosib ravishda maosh to’lanishi shart, deydi u.

“Ob-bo, modelga bunaqa siyosat, tortishishni kim qo’yibdi, deb bazilarning ensasi qotishi mumkin. Moda olami yengiltak, sayoz, deb o’ylaydiganlar kam emas. Holbuki, bu haqiqiy mehnat. Biz boshqalar kabi himoyaga, imtiyozlarga haqlimiz”, - deydi Sara Ziff.

Aksariyat modellar yosh bola paytidanoq ishga kirishadi, oilasi, hatto, vatanini tashlashga majbur bo’ladi.

Ular soatlab, tanaffussiz mehnat qiladi, deydi Sara Ziff. Boshliqlari pul o’rniga, kiyim-kechak berib qutuladi. Maoshi kam bo’lgani sababli qarzga botadi. Jinsiy tajovuzlar keng tarqalgan, lekin yordam so’rab kimga murojaat qilishi mumkinligini bilmaydi.

“Jizel va Keyt Moss kabi mashhur, badavlat modellarga qarab hayot zo’r ekan, deyish mumkin. Lekin real vaziyat unday emas-da! Sharqiy Yevropa va Braziliyadan kelayotgan yosh qiz, bolalarni o’ylang, ingliz tilini yaxshi bilmaydi, aldanib qolaveradi”,- deydi Sara Ziff.

Taniqli “Merilin” moda agentligi bu tashabbusni olqishladi. Amerika Libossozlari Kengashi raisi, dizayner Diana fon Furstenberg fikricha, odam 16 yoshdan keyingina modellik qilishi kerak. Shoular paytida ular bilan ishlash bo’ladimi yoki kiyimlarni almashtirib, sahnaga chiqish – hurmatni unutmaylik, deydi u.

Furstenbergning eslatishicha, qator yirik firmalar 16 dan yosh modellarni ishga olmaydi.

Biroq “Amerika Ovozi”ning ushbu mavzu yuzasidan katta agentliklarga murojaati javobsiz qoldi.

Sara Ziff modellar ittifoqi muammoga e’tibor qaratadi, degan umidda.

"Vaqti kelib haqiqiy kasaba uyushmasiga aylanamiz, haqqimizni olamiz", - deydi u.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG