Hindiston Afg'oniston va Pokiston bilan aloqalarini kuchaytirmoqda

  • Amerika Ovozi

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (markazda) afg'onistonlik hamkasbi Abdulla Abdulla bilan Kobulda, 25-dekabr, 2015-yil.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi (markazda) afg'onistonlik hamkasbi Abdulla Abdulla bilan Kobulda, 25-dekabr, 2015-yil.

Hindiston Bosh vaziri Narendra Modining Afg’oniston va Pokistonga tashrifi uch davlat orasidagi o’zgarayotgan munosabatlardan darak beradi, deydi mintaqashunoslar.

Juma kuni Kobulda Modi yangi parlament binosining ochilish marosimida qatnashdi. Bino qurilishiga Hindiston byudjetidan 90 million dollar sarflangan. Marosimda Hindiston rahbari Dehli Afg’onistonni qo’llab-quvvatlashini aytdi va mintaqa davlatlari, xususan, Pokistonni tinchlik o’rnatish yo’lida hamkorlik qilishga chorladi.

Tolibon hokimiyatdan chetlashtirilganidan keyin Hindiston Afg’onistonni tiklash maqsadida 2 milliard dollar yordam puli ajratgan edi. Bu mablag’ o’rta va katta ko’lamli infratuzilma obyektlari, shu jumladan, kasalxona va yo’llar qurilishiga sarflanadi.

Kobuldan so’ng Modi Lahorda to’xtab, Pokiston Bosh vaziri Navoz Sharif bilan muzokara o’tkazdi. Bu Hindiston rahbarining so’nggi 10 yildagi Pokistonga ilk tashrifi.

Rasmiy Islomobod Dehlini anchadan beri Pokistondagi vaziyatni beqarorlashtirish uchun Afg’onistondan foydalanayotganlikda ayblab keladi. Hindiston rasmiylari esa buni inkor etadi.

Afg’on rahbarlari ikkala davlat bilan munosabatlar bir xil ekanini ta’kidlamoqda.

Hindistonning avvalgi Bosh vaziri Manmohan Singx Pokiston jig’iga tegmaslik uchun Afg’oniston bilan harbiy sohada hamkorlik qilmaslik yo'lini tutgan edi. Biroq Modi hokimiyatga kelgach, bu tamoyilga ortiq rioya qilinmayapti. Yaqinda Hindiston Afg’onistonga Rossiyadan MI-25 rusumidagi uchta qiruvchi vertolyot sotib olib berdi va buni mamlakat taraqqiyotiga hissa deb atadi.

“Hindiston uchun raqobat emas, taraqqiyot muhim. Mojaro boshlamoqchi yoki davlatni beqarorlashtirmoqchi emasmiz. Kelajak poydevorini mustahkamlab, odamlar hayotini yaxshilamoqchimiz. Bizga ishlarimizga qarab baho bering, mish-mishlarga qarab emas,” – dedi Hindiston hukumati rahbari.

2002-yilda Kobulda yangi hukumat ish boshlagandan keyin Afg’oniston ikki qo’shni davlat bilan muvozanatli hamkorlikni yo’lga qo’yishda qiynaldi. Ayrim mutaxassislar fikricha, Pokistonning Tolibonni qo’llab-quvvatlashi aslida Hindistonning mintaqa, xususan, Afg’onistondagi ta’siri oshayotganiga javoban boshlangan siyosat edi.

Endi esa mintaqashunoslar uch davlat orasi iliqlashishiga ishonmoqda. Bunga iqtisodiy zarurat yo’l ochib beradi, deydi ular.

Kobuldan siyosatshunos Sayid Farhod Hoshimiy Pokiston Afg’oniston tinch bo’lishidan manfaatdor, degan fikrda.

“Pokistonning Yaqin Sharq va Markaziy Osiyo energetika manbalariga ehtiyoji oshar ekan, Afg’onistonga tayanmasa bo’lmaydi. Iqtisodiy hamkorlikka zarurat Pokiston tashqi siyosatini ham o’zgartiradi,” – deydi u.

Yaqinda Afg’oniston, Pokiston, Hindiston va Turkmaniston 10 milliard dollarlik shartnoma bo'yicha kelishuvga erishdi. Unga ko’ra, Turkmanistondan Afg’oniston va Pokiston orqali Hindistongacha 1800 kilometrlik gaz quvuri quriladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG