Breaking News

Moldovada jihodchilarga yadroviy modda sotmoqchi bo'lganlar hibsga olindi


Sharqiy Yevropadagi jinoiy to’dalar radioaktiv materiallarni Yaqin Sharqdagi ekstremistlarga, jumladan, “Islomiy davlat” (ID) guruhiga sotishga uringan. Bu haqda “Associated Press” (AP) axborot agentligi xabar bermoqda.

So’nggi besh yilda Moldova huquq-tartibot organlari AQShning Federal qidiruv byurosi (FBR) bilan hamkorlikda Rossiyaga aloqador to’dalarning to’rtta shunday urinishini bartaraf etgan.

Masalan, shu yilning fevral oyida Moldova poytaxti Kishinyovda bir shaxs seziy moddasini sotish uchun ID ichidan xaridor qidirgani ma’lum.

Tungi klubda agent bilan uchrashgan Valentin Grossu seziydan yasalgan bomba “Islomiy davlat” uchun ayni muddao bo’lishini, biznes amalga oshsa mo’may daromad qilishini aytgan.

AP xabariga ko’ra, Grossu shaharning bir necha mahallasini zaharlashga yetadigan radioaktiv modda uchun 2,8 million dollar (2,5 million yevro) so’ragan.

Valentin Grossu hibsga olingan.
Valentin Grossu hibsga olingan.

Maxfiy agent ID bilan aloqadaman deb Grossuni ishontirish uchun u bilan 20 marta uchrashgan. Seziy namunasini sotib olishga muvaffaq bo’lgach, Grossu hibsga olindi.

“Moldova politsiyasi va tergovchilari ishini yuqori baholaymiz. Kontrabanda qilingan moddalar musodara qilindi”, - dedi AQSh Davlat departamenti so’zlovchisi Jon Kirbi.

Ish materiallari bilan tanishgan muxbirlar sobiq Sovet respublikasida yadroviy moddalar kontrabandasi jiddiy muammo ekanini qayd etadi.

Moldova rasmiylariga ko’ra, G’arb va Rossiya o’rtasida aloqalar sovuqlashgani bois Rossiyadagi inshootlardan o’g’irlangan radioaktiv moddalarni topish bugun ancha qiyinlashgan. Mahsulotning qanchasi qora bozorga o’tganini hech kim bilmaydi.

“Bunday jinoyatlar hali ko’p bo’ladi, chunki kontrabandachilar qo’lga tushmay katta pul qila olishiga ishonadi”, - deydi moldovalik politsiyachi Konstantin Malich.

Malich va boshqa tergovchilar jinoyatchilar ichiga kirib, so’nggi besh yilda to’rtta ishni fosh etgan. FBR ularni radiatsiya detektorlari hamda ovoz yozib oluvchi kiyimlar bilan ta’minlagan.

2011-yilning Moldova politsiyasi Polkovnik laqabi bilan tanilgan Aleksandr Ageyenkoning guruhiga o’z odamini kiritishga muvaffaq bo’lgan. Ageyenko o’tmishda Rossiya Federal xavfsizlik xizmatida (FSB) ishlagani taxmin qilinadi.

Uning vositachisi Sudan fuqarosiga uran hamda bomba yasaydigan qo’llanmalarni sotayotganda yozib olingan audiolar mavjud. “Mahsulotni islomiy bir guruhga sotishmoqchi bo’lishgan, amerikaliklarni portlatsin deb aytishgan”, - deydi Konstantin Malich.

Vositachining uyi tintuv qilinganda chizmalar topildi, ammo Aleksandr Ageyenko qochishga ulgurgan. U yadroviy materiallar savdosini davom ettirayotgan bo’lishi mumkin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG