"Sulaymon tog'ining soyasida" - O'sh ahli haqida yozilgan kitob G'arbda yuqori baholanmoqda


"Sulaymon taxtining soyasida" deb nomlangan yangi kitob, ilmiy asar, amerikalik olim Morgan Liu qalamiga mansub.

"Sulaymon taxtining soyasida" deb nomlangan yangi kitob, ilmiy asar, amerikalik olim Morgan Liu qalamiga mansub.

Amerikalik antropolog Morgan Liu azim O’sh tarixi va bugungi kuniga bag'ishlangan kitobi uchun yaqinda Markaziy Yevrosiyo Tadqiqot Jamiyati (CESS) tomonidan yuksak mufokot bilan taqdirlandi. Uzoq yillik izlanishlarga asoslangan ilmiy asar “Sulaymon taxtining soyasida” (Under Solomon's Throne) deb ataladi va o’shliklarning orzu-havaslari xususida hikoya qiladi.

Ogayo universiteti professori xushchaqchaq va ochiqligi bilan sizni o’ziga tortadi. Ba'zi ekspertlarga xos kibo, sinizm, ishonchsizlik va salbiylik yo'q unda. Yondashuvi juda samimiy.

Morgan Liu - xitoylik muhojirlar farzandi. Nyu-Yorkda kechgan taqdimot marosimiga uning ota-onasi ham keldi. Yoshligidan Markaziy Osiyoga qiziqqan yigit o’zbek tilini o’rganadi. Mintaqa tarixi, hayoti va madaniyatiga bo’lgan qiziqish uni tadqiqot olamiga yetaklaydi.

G’arb ziyolilari tomonidan yuqori baholanayotgan kitob - “Sulaymon taxtining soyasida” – O’shning o’tgan chorak asrdagi ahvoliga yaqindan nazar tashlaydi. Uni yozish uchun Morgan Liu qariyb 10 yil vaqt sarflagan. 1990 va 2010-yilda mudhish voqealarni, qonli to’qnashuvlarni, etnik qirg’inlarni boshdan kechirgan shahar aholisi bu ilmiy asarda kelajakka ishonchi so’nmagan, zahmatkash va kuchli insonlar sifatida gavdalanadi.

”Odatda ko’pchilik O’sh deganda 1990 va 2010-yildagi fojialarni ko’z oldiga keltiradi. Men O’sh aslida qanday shahar ekanini ochib berishga bel bog’lagim. O’sh beqaror va notinch maskan emas, balki mehnatkash, ertangi kunga nisbatan ishonch va orzu-havas bilan yashayotgan joy ekanini kashf etdim. Siyosat, iqtisod, turmush – O’sh hayoti Markaziy Osiyoning bugungi kundagi ahvolidan darak beradi. Hayot oson emas, lekin odamlarning og’zida faqat yaxshi niyat, ular doimiy harakatda”, - deya tasvirlaydi Morgan Liu "Amerika Ovozi" bilan suhbatda.

Morgan Liu, Ogayo universiteti professori, antropolog, etnograf

Morgan Liu, Ogayo universiteti professori, antropolog, etnograf

O’shda azaldan turli elatlar yonma-yon yashagan. Qirg’iz, o’zbek, rus va boshqa etnik guruhlar birdaniga til topishmay qolishi mumkin emas, deydi ekspert. Ular bugun ham ahillikda yashamoqda, deya tahlil qiladi u o’z kitobida.

“Sulaymon taxtining soyasida” O’shdagi qirg’inlar haqida emas, balki oddiy aholining kundalik hayoti, quvonch va tashvishlarini aks ettiradi.

Kitob G’arb o’quvchisi uchun mo’ljallangan. O’shning qadim tarixidan boshlab bugunigacha bo’lgan davrni qoplaydi. Globalizatsiya asrida dunyo bilan uyg’unlashayotgan bir shahar ko'z oldingizga keladi.

Olti qismdan iborat ilmiy asarda bozorlar va murosa, chegara va Sovet davri qoldiqlari, mahalla va tumanlar, markaziy hukumatga nisbatan munosabat, mahalliy hokimiyat, jamiyat va oila, ta’lim va tarbiya, axloq, obro’ va nufuz, O’shning mintaqadagi roli va boshqa ijtimoiy-iqtisodiy omillar xususida yozilgan.

"Sulaymon taxtining soyasida" - amerikalik o'quvchiga mo'ljallangan kitob

"Sulaymon taxtining soyasida" - amerikalik o'quvchiga mo'ljallangan kitob

“O’sh ahli bu azim shahar fojia makoni sifatida ko’rilishini xohlamaydi. Farovon hayot sari intilayotgan maskan bu. Ikki qirg’indan qaqshagan O’sh har safar qayta oyoqqa turadi, irodasi mustahkam. Men biror tomonning yonini olmayman, balki vaziyatga ilmiy jihatdan yondashib, 1990-yildan keyingi qayta tiklanish jarayonini tahlil qilaman. Qanchalik qiyin bo’lmasin, shahar har tomonlama mashaqqatli davrga chidab berganini ko’rasiz. Sabr-toqatli, omilkor va mehnatkash insonlar haqida hikoya qilaman. Ular 1990-yildan 2010-yilgacha bo’lgan davrda porloq kelajak uchun ko’p ter to’kkan, Qirg’iziston fuqarosi ekani bilan faxrlangan, ayniqsa 2000-yillarning boshida aholi orasida ko’tarinki kayfiyat kuzatilgan. 2010-yildagi to’qnashuvlar shu bois ham qattiq zarba bo’ldi va aholining o’ziga kelishi uchun uzoq vaqt kerak deb o’ylayman. Biroq ular umidni boy bermagan.”

Tarix, til, madaniyat – ularni bilmay biror xalqni tushunish qiyin, deydi olim.

Men yillar davomida juda ko’p odamlar bilan yaqindan tanishdim, ular bilan muloqotni yo’lga qo’ydim. O’sh meni o’z farzandidek bag’riga oldi. Kitobni yakunlashga shoshmadim chunki tahlilim adolatli bo’lishini istadim. Lekin unda 2010-yilgi qirg’in va undan keyingi voqealar haqida yozmadim. Men etnografman, madaniy antropologman. Ishim – madaniyat va jamiyatni o’rganish. Unga iloji boricha izchil va chuqur nazar tashlash. Urf-odatlar, udumlar, turmush, tarbiya, muomala – mana shular haqida yozishni maqsad qilgan edim, bunga erishdim. Odamlarning dardiga va quvonchiga quloq tutdim. Endi bu kitobni Amerika va G’arb ilm ahli, xususan yoshlar o’qib, o’z tasavvurini kengaytiradi degan umiddaman”, - deydi Morgan Liu.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG