Din

Dindor amerikaliklar Mitt Romnini qo'llab-quvvatlamoqda

  • Amerika Ovozi

Nasroniylarning aksariyati mormonlik diniy oqimiga shubha bilan qaraydi. Respublikachilardan prezidentlikka nomzod Mitt Romni nasroniylikning ayni shu guruhiga mansub. Partiyaning eng dindor qatlami – yevangelchilar mormonizm ta’limotini inkor etsa-da, saylovda Romnini qo’llab-quvvatlash niyatida.


Rob Sivalka mormonlar cherkovi bosh qarorgohi tashqarisida norozilik namoyishi o’tkazmoqda.

Cherkov ko’p xotinlilik amaliga 1890-yilda chek qo’ygan. Ammo mormonlarni xotinbozlikda ayblovchilar hanuz topiladi.

Sivalka mansub yevangelchilar guruhiga ko’ra, mormonlar nasroniylikning adashgan firqasidir.

Sivalka sobiq mormon ayolga uylangan. Mormonlarni sevaman, deydi u. Ammo ularning ta'limotini inkor etadi.

“Ularni soxta dindorlar deb bilaman. Injil ta’limotiga zid ish tutishadi”, - deydi u.

Sivalkaning aytishicha, mormonlar Iso nomi bilan odamlarni yo’ldan uradi.

“Bu sektaga adashib qo’shilib qolayotgan dindosh aka-singillarimga achinaman”, - deydi u.

Mormonlar cherkovi bunday iddaolarni inkor etadi. Cherkov yetakchilariga ko’ra, 19-asrda yashab o’tgan payg’ambar Iosif Smit qarashlari Injilga zid emas. Ammo Smit o’z yozuvlarida “Birinchi gunoh” tushunchasini inkor etib, odamlar ilohiy maqomga erishishi mumkin, deydi. Tarixchi J.B. Hausning aytishicha, bu gap mormon bo’lmaganlarga yoqmaydi.

“Iosif Smit buni ataylab qilmagan. Ammo shu ishi qarama-qarshiliklarga sabab bo’ldi”, - deydi tarixchi.

1844-yil Smit o’ldirilishi ortidan mormonlar yoppasiga Yuta shtatiga ko’chib kelishdi. Tarixiy mavzular hanuz odamlar xotirasidan o’chmagan.

Jennifer Lidsning aytishicha, ayrim odamlar mormonlarni hanuz ko’p xotinlilikka amal qiladi, deb o’ylaydi.

“Nechta onangiz bor, deb so’rashadi. Bitta onam bor, dadam ham bitta, deb javob beraman”, - deydi Jennifer.

Sivalka mormonlarga qarshi kurashini to’xtatish niyatida emas. Ammo gap siyosatga kelganda, u Mitt Romnini qo’llab-quvvatlaydi.

“Qaysidir darajada unga ishonaman. Ammo ruhiy hayotimni bu odamga ishonib topshirmagan bo’lardim”, - deydi u.

Boshqalarni o’z qarashlariga ishontirish mormonlar uchun muhim vazifa.

Ular missionerlik vazifasi bilan dunyo kezishadi. Eshik taqillatib, mormonlar sonini oshirish ilinjida bo’lishadi.

Erik Jonson xuddi shu ishni mormonlarga qarshi amalga oshirmoqda. Ammo bu mormonlarga yoqmaydi.

“Uyimga missionerlar kelsa, bu menga yoqadi. Yuzlariga qarshi eshikni yopmayman”, - deydi u.

Jonson Yutadagi Brigam shahrida mormonlarning yangi ochilgan cherkovi oldida ularga nasihat qiladi.

“Biz mormonlarga qarshi emasmiz. Agar ular uchun qayg’urmaganimizda, bu ishni qilmagan bo’lardik”, - deydi Jonson.

“Ba’zan eng yaxshi yo’li ularga e’tibor bermaslik”, deydi tarixchi Haus.

Ammo bu doim ham ish bermaydi. Mormonlar va an’anaviy nasorolar o’rtasdiagi ziddiyat Oxirzamon avliyolari cherkovi tashkil topgan ilk yillarga borib taqaladi.

Ammo prezidentlik saylovi yaqinlashar ekan, dindor amerikaliklar oradagi tafovutlarni unutib, Romni shaxsi atrofida birlashishga harakat qilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG