Mursiy yangi hukumatga barcha siyosiy kuchlarni qo'shmoqchi

  • Amerika Ovozi

Muhammad Mursiy prezident saylovlaridagi g'alabasidan so'ng Qohirada xalqqa murojaat etmoqda, Misr 24-iyun, 2012-yil.

Muhammad Mursiy prezident saylovlaridagi g'alabasidan so'ng Qohirada xalqqa murojaat etmoqda, Misr 24-iyun, 2012-yil.

Misrda prezidentlikka saylangan Muhammad Mursiy yangi hukumat tuzishga kirishgan. Mursiy barcha siyosiy kuchlarni hamkorlikka chaqirib, ularga hukumatdan joy va'da qilmoqda, xususan vitse-prezidentlikni.

Xalq orasida o'tgan yilgi inqilobdan beri qutblashish, bo'linish bor. Mursiy oldida ularni jipslashtirishdek mushkul vazifa turibdi.

Islomiy harakat vakilining prezidentlikka saylanishi diniy ozchilikdagi guruhlar va ayollar huquqlari birday ta'minlanadimi degan savol tug'dirmoqda. Mursiy bu xavotirlarga barham berish maqsadida Musulmon Birodarlar harakati va unga aloqador "Ozodlik va adolat" partiyasidan chiqqanini ma'lum qildi.

Tahlilchilarni qiynayotgan boshqa masala bu prezident vakolati. Mamlakatni vaqtincha boshqarib kelgan harbiy kengash prezident saylangach, hokimiyatni oy oxirigacha unga topshirishga so'z bergan. Biroq bungacha bir necha qaror chiqarib, bo'lajak prezident vakolatini cheklab qo'ydi. Ijroiya hokimiyatning katta qismini o'zida qoldirdi, ko'pchiligi Musulmon Birodarlar a'zolaridan iborat parlamentni tarqatib, qonunchilik vakolatlarini ham o'zlashtirdi.

Harakat bu o'zgarishlarni qabul qilmay, Mursiy tarafdorlari prezident va parlament vakolatlari to'liq tiklanmaguncha poytaxtdagi Tahrir maydonidan ketmasligini bildirmoqda.

Mursiy Misrning barcha xalqaro majburiyatlariga sodiq qolishini aytdi, jumladan Isroil bilan 1979-yilda imzolangan sulh shartlariga. Musulmon Birodarlar ko'pdan beri Isroil bilan bitimni tanqid qilib kelgan edi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG