Moskvada Eron yadro dasturi bo'yicha muzokara o'tmoqda

  • Amerika Ovozi

2012-yil 9-aprelida AQSh sun'iy yo'ldoshidan olingan tasvir. Erondagi parchin harbiy kompleksi. Atom quroliga doir sinov o'tkazilayotgani gumon qilingan inshoot.

2012-yil 9-aprelida AQSh sun'iy yo'ldoshidan olingan tasvir. Erondagi parchin harbiy kompleksi. Atom quroliga doir sinov o'tkazilayotgani gumon qilingan inshoot.

Yevropa Ittifoqi so'zlovchisi Maykl Manning aytishicha, olti yirik davlat Moskvada Eron bilan yadro dasturi bo'yicha muzokarani boshlagan.

G'arb Eronni atom quroli ustida ishlayotganlikda gumon qilar ekan, Tehrondan bu xavotirlarning o'rinsiz ekanini isbotlash talab qilinmoqda. BMT Xavfsizlik Kengashining besh doimiy a'zosi bo'lmish Britaniya, Xitoy, Fransiya, Rossiya va Qo'shma Shtatlar hamda Germaniya diplomatlari o'tgan oy Eron bilan Bag'dodda gaplashgan edi.

Ittifoq vakili Maykl Manning aytishicha, muloqot quruq gapdan nariga o'tmasa, undan foyda yo'q.

"Eron tomoni jarayonda passiv. Albatta, masalaga yechim bir kechada topilmaydi. Tehronga aniq takliflar kiritganmiz", - deydi rasmiy.

Erondan uranni 20 foizga boyitishdan voz kechish, mamlakatda to'planib qolgan yadro chiqindilaridan qutulish, Fordodagi yer osti inshootini yopish so'ralmoqda. Evaziga tibbiy izlanishlar uchun yadro yonilg'isi va aviasanoati uchun ehtiyot qismlar taklif etilgan, biroq Tehron nazarida buning o'zi kifoya emas.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejodning Germaniyada chiqadigan gazetaga aytishicha, Tehron bu masalada murosaga tayyor.

"Agar Yevropa davlatlari bizni 20 foizga boyitilgan yonilg'i bilan ta'minlasa, biz boyitish ishlarini Eronda to'xtatishga rozimiz", - deydi Ahmadinejod.

Eron bu tibbiy izlanishlar va elektr quvvati olish uchun zarur jarayon, deb keladi. Biroq Isroil va G'arb nazarida islomiy davlat uranni 20 foiz darajada boyitish bilan cheklanmaydi va yadro qurolini yaratish uchun zo'r beradi.

Eronning Moskvaga borgan delegatsiyasi bergan ma'lumotga ko'ra, yirik davlatlar uning uranni boyitish huquqini tan olmasa, muzokaradan foyda yo'q.

"Bag'dodda besh punktdan iborat bergan taklifimiz qabul qilinmasa, bundan keyin muzokara bo'lmaydi" deydi delegatsiya vakillari.

Biroq Yevropa Ittifoqiga ko'ra, Eron takliflarining yadro dasturiga aloqasi yo'q.

"Muloqot ertagacha davom etadi, ammo zarur bo'lsa, uni cho'zishimiz mumkin", - deydi Yevropa Ittifoqi so'zlovchisi Maykl Mann.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG