Qirg'izistondan mulohaza: Masjidga sarflangan pulni ta'limga sarflagan afzal


Bishkek, Qirg'iziston

Bishkek, Qirg'iziston

Qirg’izistonda mustaqillik yillari qurilgan va hali eskirib ulgurmagan ko’plab masjidlar buzib tashlanib, qayta qurilmoqda. Aksar din arboblari jarayonni zamon talablari bilan izohlaydi va farovonlik tuhfasi, deya baholaydi. Lekin sarmoyaning ma’lum qismini boshqa ehtiyojlar, aytaylik, ta’lim tarbiya hamda sog’liqni saqlash tarmoqlarini kengaytirishga sarflasa yaxshi emasmi, degan fikrlar ham yo’q emas.

Rasmiy ma’lumotlarga ko’ra, Qirg’izistonda ikki mingdan ziyod musulmon ibodatxonalari mavjud va ko'pi oxirgi chorak asr davomida barpo etilgan.

So’ngi yillarda bir qancha masjid buzib tashlanib, kengaytirilib qayta tiklandi. Va bu jarayon davom etmoqda.

Jalolobod shahridagi “Islom ta’limi markazi” nomli jamoatchilik jamg’armasi rahbari, ulamo Dilmurod O’rozov buning sabablarini tushuntiradi:

“Birinchidan, o’tgan asrning to’qsoninchi yillariga nisbatan namoz o’qiyotganlarning soni bir necha barobar o’sdi. Ikkinchidan, dindor aholining ilm-bilim saviyasi oshdi. Uchinchidan, odamlarning, jamiyatning moddiy imkoniyatlari, ijtimoiy darajasi ko’tarildi. Masalan, 90-yillarda qishloq masjidlarida tahoratxonalar kam edi, issiq pol, degan narsadan hech kimning xabari yo’q edi… Va nihoyat, ibodatxonalarning zamonbop ravishda yangilanishi musulmon birodarlarimizning, ayniqsa, yoshlarning talab-ehtiyojlariga monand ketayapti. Minglab yoshlar xorijda ta’lim olib, ishlab kelib, dunyo madaniyatini o’zlashtirmoqda”, - deydi Dilmurod O’rozov.

Sarmoyaning ma’lum qismini boshqa ehtiyojlar, xususan, ta’lim va sog’liqni saqlash tarmoqlarini kengaytirishga sarflash takliflariga kelsak, deydi u, bunday muassasalarni barpo etish - umumdavlat ishi.

“Hukumat yaqin yillar ichida mingta maktab qurishni rejalayotgan ekan, demak, kerakli mablag’ topiladi, va biz bundan xursandmiz”, - deydi O’rozov.

Aytish joizki, Qirg’izistonda din davlatdan ajratilgan bo’lib, ibodatxonalar mahalliy hamda xorijiy sarmoyadorlar hisobiga quriladi.

Din ishlari bo’yicha Davlat komissiyasi boshlig’i O’rozbek Mo’ldaliyevning ta’kidlashicha, masjidlar qurilishiga davlatning aloqasi yo’q. Ammo davlat ibodatxonalar qurilishida tegishli qonun-qoida va talablarga rioya qilinishini nazorat etadi.

Ibodatxonalar faqat Diniy boshqarma ruxsati bilan barpo etilishi kerak. Ayni paytda mahalliy boshqaruv tizimlari qurilish ishlarining sifati va tegishli normativ qoida-shartlar bajarilishidan boxabar bo’lib turishi kerak.

Suhbatdosh nazarida xorijdan qanday maqsadlar uchun mablag’ jalb qilish, sarmoyador fikrini yo’naltirish o’sha tomon bilan hamkorlik qilayotgan insonlar va tashkilotlarga ham bog’liq.

“Albatta, maktab, shifoxona yoki bolalar bog’chalari solish ham savob ish. Sarmoyadorlar bilan muzokaralar chog’ida bu yo’nalishlar ham diqqatdan chetda qolmasligi uchun vakillarimizning sa’y-harakatlari joiz”, - deydi Mo’ldaliyev.

Ayrim kuzatuvchilar mamlakatda ibodatxonalarning ko’paya borishi nafaqat din va taqvo taraqqiyotiga xizmat qilishi, balki dindorlarning guruhlarga bo’linishi, aqidaparastlikka ham turtki berishi ehtimolidan xavotirda.

​“Hozir davlatimiz ham, din ahli ham hushyor bo’lib qoldi. Inshoolloh, hamma narsa asliga qaytadi, yaxshi bo’ladi…”, - deydi Jalolobod shahridagi “Islom ta’limi markazi” nomli jamoatchilik jamg’armasi rahbari, ulamo Dilmurod O’rozov.

Shu bilan birga, deydi u:

"Ibodatxonalar ko’payishi, ularning chiroyi, hashamati - bu millat madaniyatining ko’rsatkichi. Qarang, necha asrlar avval qurilgan masjidlar Samarqand, Buxoroda savlat to’kib turibdi. Bu faxr, iftixor emasmi? Keyingi yillarda masjidlar shahar-qishloqlarimizning eng go’zal binolari, ko’rki bo’lib qolayapti, va bu ham bugungi kunimiz, madaniyatimiz ramzi", - deydi suhbatdosh.

XS
SM
MD
LG