O'shlik ona: Tirik qoldik, lekin yuragimiz qon bo'lib oqayapti


O'sh, 24 iyun 2010

O'sh, 24 iyun 2010


Zamon notinch bo’lsa, buning azobini ayniqsa xotin-qizlar va bolalar tortishi hech kimga sir emas.

O’sh va Jalolobodning o’zbek mahalla va tumanlarini erkaklar tish-tirnog’i bilan himoya qilar ekan, onalar bolalarini, opalar esa singil va ukalarini bag’riga olib jon saqlashga urindi.

Kimdir omon qoldi, kimdir esa yov qo’liga tushib, qiynoqqa solindi, zo’rlandi, vahshiylarcha o’ldirildi.

O’shda Farhod choyxonasi bilan tanilgan bir mahalla bor. Ana shu yerda, 53-ko’chada yashovchi Malikaxon opa biz bilan suhbatda o’zi va qo'ni-qo'shnilari qanday tirik qolgani haqida so’zlab berdi.

“Qari ota-enamizni, yosh bolalarimizni, go’daklarimizni mahkam bag’rimizga bosib, birovlarning molxonalarida, yerto’lalarida berkinib o’tirdik, singlim.

Mahallamizga shunaqa BTRlar kirdi, ayovsiz otdi, hammayoqqa qarab. Uyimizning atrofi gilzaga to’lib ketgan, hammayoq vayron.

Mahalladagi erkaklarimiz, o’gillarimiz toshmi, temirmi, bor narsa bilan olishdi, BTRga qarab otdi. Kamazlarda chiqib yo’lini to’sganidan keyin chiqib ketishga majbur bo’ldi. Agar qarshilik ko’rsatilmaganida bizning mahallani ham xuddi Cheryomushka va Shaytepa singari yondirib, kuydirib ketgan bo’lar edi. Mahallamizda Qayirma degan kanal bor, ana shu joyda qurollilar turgan ekan. Erkaklarimiz tosh bilan, armatura bilan bo’lsa ham mahallani asrab qolishdi. Aks holda bizning mahallaning ham kulini ko’kka sovurishgan bo’lardi.

Hozircha o’q ovozlari eshitilmayapti, hiyla tinchib qoldi. Lekin o’zbeklar hali ko’chaga chiqqani yo’q. Musulmonmiz, uyimizda asrab qo’ygan narsalarimiz bor, shuni yeyapmiz. Erkaklarimiz birgalashib, u yerdan bu yerdan mol topib, so’yib, mahallaga tarqatishdi. Och qolganimiz yo’q, hamma o’zini bir amallab eplayapti. Ozmi ko’pmi, yordam ham kelayapti. Lekin vahimada yashayapmiz.

Taqdirimiz nima bo’ladi? Bolalarimiz nima bo’ladi? Qayerga qochamiz? Bundan keyin bizga bu yerda qanday muomala qilishadi? Kimdan najot kutamiz? Yolg’iz Ollohdan so’rab, Ollohdan najot kutib, namozimizni o’qib, yig’lab o’tiribmiz. Bizning panohimiz, yolg’iz himoyachimiz Olloh ekan.

Hammamizning yuragimiz qon, kattaning ham, kichikning ham. Bolalar juda qo’rqib qolgan. Darvoza tiq etsa, hamma uyga qarab qochadi. Bolalarimizning yuragida qor’quv, ko’zida yosh. O’zimiz sog’miz, mahallamiz sog’, lekin yuragimiz qon bo’lib oqayapti”.

  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

XS
SM
MD
LG