"Haqiqat" - yaqin o'tmish va jurnalistika haqida film

  • Amerika Ovozi

2004-yilda Jorj Bush prezidentlikka qayta saylanishga harakat qilib yurgan bir paytda, u yoshligida harbiy xizmatdan tanish-bilishchilik qilib qochgani haqida xabarlar tarqalgan. Buni isbotlovchi hujjatlar soxta ekani aniqlangach, bir qancha jurnalistlar ishdan ketadi. Yaqinda ekranga chiqqan “Haqiqat” filmi ana shu haqda.

“CBS” telekanalining dong’i ketgan muxbirlaridan biri Den Razer va uning prodyuseri Meri Meyps prezident Jorj Bush tanish-bilishlari yordamida Vyetnam urushiga bormagani, buning o’rniga Milliy gvardiyaga yozilgani haqida xabar topadi. Hujjatlarga ko’ra, u uchuvchilik vazifalarini ham bajarmagan.

Jurnalistlar manbalarni topib, Bushni bilgan odamlar bilan gaplashib, hujjatlardagi imzolar haqiqiy ekaniga ishonch hosil qilishadi.

Prezident harbiy xizmatni chetlab o’tgani shubhasiz deya xulosa qilinib, olamshumul yangilik efirga berilgan. O’shanda saylovga ikki oy vaqt qolgan edi.

Oradan sal o’tmay shov-shuv boshlanadi. Konservativ blogerlar hujjatlar qalbaki, ularni oddiy kompyuterda yaratsa bo’ladi, deya da’vo qilishgan.

“CBS” jurnalistlari qo’lga kiritgan hujjatlar qayerdan paydo bo’ldi, degan savolga hech kim javob bera olmaydi.

Natijada jurnalist Den Razer ishdan haydalgan, uning prodyuseri esa material yuzasidan tekshiruv ostiga olingan.

Badiiy film “Haqiqat va burch: Matbuot, prezident va hokimiyat” nomli memuarga asoslangan.

Jurnalistik faoliyati uchun bir qancha mufokotlar olgan Meri Meyps o’z kitobida prezidentni savolga tutgani uchun bosimga olingani, telekanal o’z manfaatlarini himoya qilish uchun undan osonlikcha voz kechgani haqida hikoya qiladi.

Gollivudning eng sara yulduzlari o’ynagan film 2004-yilgi voqealarni xolisona tasvirlashga harakat qiladi. Den Razer rolida Robert Redford. Meri Meyps rolida esa Oskar mukofoti sohibasi Keyt Blanshet.

Rejissyor Jeyms Vanderbilt hikoyani bosiqlik va muvozanat bilan taqdim etadi. Saylov arafasida, tanqidlar, janjal va siyosiy bosim ostida, haqiqat chetda qolib ketgan o’shanda.

“Prezident xizmatini ado etganmi, yo’qmi, maqsad shuni yoritish edi. Mavzu chetda qolib ketdi. Soxtalik, firibgarlikni bahona qilib, haqiqatni ko’mishdi”, - deydi Mery Meyps.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG