MTSga qarshi sud ishi tugadi, kompaniya musodarada

  • Amerika Ovozi

MTS logo

MTS logo

Rossiyada asoslangan xalqaro mobil kompaniya MTS O'zbekistondagi faoliyati butunlay tugatilib, filial hukumat tomonidan musodara qilinganini qoralamoqda.

9,5 millionga yaqin odamni uyali aloqa bilan ta'minlagan kompaniya "O'zdunrobita" nomi bilan ham tanilgan. Uning moliyaviy ishlari uchun mas'ul bo'lgan Temurmalik Olimov, korporativ taraqqiyot bo'yicha direktori Azizillo Mirzamuydinov, xavfsizlik departamenti rahbari Alisher Muhammedov va axborot texnologiyalari idorasi bosh direktor o'rinbosari Aziz Rahimov moliyaviy jinoyatlarda aybdor deb topilgan. 2,5 yilgacha ozodlikdan mahrum etilgan. Shartli ravishda ozodlikka chiqqach, ular uch yilgacha biznesga qo'l ura olmaydi.

Bosh prokuraturaga ko'ra, bu shaxslar kompaniya asbob-uskunalarini qimmat narxga pullab, orttirilgan boylikni chet elga olib chiqib ketgan.


MTS O'zbekistonda unga qarshi ochilgan ish asossiz deb hisoblaydi.

MTS o'z xodimlarini aybsiz deb biladi va kompaniya o'z mulkini olishga haqqi bor, xalqaro qonunlar buni kafolatlaydi, deyiladi kechagi bayonotda.

Uning vitse-prezidenti Maykl Xekker yaqinda "Amerika Ovozi" bilan suhbatda respublikadagi faoliyat qayta tiklanmasligini tan olib, afsus bildirgan va hukumatni "muvaffaqiyatli biznesga qarshi urush" ochganlikda ayblagan edi.

MTS aksiyalari Nyu-York va London birjalarida sotiladi. Toshkentdagi jinoiy ish sabab ularning bahosi tushib ketgan. Kompaniya qariyb 1,1 milliard dollar zarar ko'rganini bildirmoqda.

MTS rahbariyatining ma'lum qilishicha, sudda o'z xodimlarini himoya qilishga yo'l berilmagan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG