Huquqshunos: Arbitraj bilan O'zbekistondagi tub muammolar hal bo'lmaydi


Jahon banki, Vashington... Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz (ICSID) Jahon banki guruhining bir qismi. O'zbekiston unga 1995-yildan beri a'zo.

Jahon banki, Vashington... Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz (ICSID) Jahon banki guruhining bir qismi. O'zbekiston unga 1995-yildan beri a'zo.

AQSh poytaxtida Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz (ICSID) O’zbekiston va MTS kompaniyasi orasidagi mojaroni ko’rib chiqmoqda. Uning qoshida maxsus hay’at tuzilgan. Jahon banki guruhining bir qismi bo’lgan bu organga O’zbekiston 1995-yildan beri a'zo. Xorijiy investor va mezbon davlatlar orasidagi tortishuvlarga nuqta qo'yish - uning asosiy vazifasi.

Tartibga ko'ra, arbitraj uchun uch kishidan iborat hay’at tanlanib, tomonlarning da'volari tinglanmoqda.

O’zbekistondagi biznesi 2012-yilning yozida to’xtatilgan MTS, Rossiyada asoslangan "Мобильные Телесистемы", markazga o’sha yilning 15-noyabrida shikoyat qilgan.

Hukumat kompaniyani moliyaviy jinoyatlarda ayblasa, MTS O’zbekistonni uning mulkini nohaq tortib olganlik, xizmatchilarini asossiz qamaganlik va investitsiyani o’marganlikda qoralaydi.

Hay’atga Avstraliyadan Gavan Griffit rais, qolganlar - AQShdan Maykl Rayzman va Gollandiyadan Albert Yan van den Berg.

Hukm qachon chiqishi aniq emas. Tinglovlar va muhokama qancha davom etadi, noma’lum. Tomonlarni G’arbda asoslangan advokatlar himoya qilmoqda. MTS Londondan Debevoise & Plimpton, O'zbekiston esa Mayamidan Boies, Schiller & Flexner firmasini yollagan.

Xo’sh, bu mahkama O’zbekiston xalqi uchun qanday ahamiyatga ega? Nimasi bilan e’tiborga loyiq?

Tahlil uchun hozirda Nyu-Yorkdagi Kolumbiya universitetida bilimi va malakasini charxlayotgan o’zbekistonlik huquqshunos, xalqaro arbitraj va qonunlarni o'rgangan mutaxassis Suhrob Ismoilovga murojaat qildik. Tafsilotlarni to'liq holda mana bu audio fayldan tinglang:


Ekspert fikricha, umuman olganda, jarayonning u qadar ahamiyati yo’q. Katta pul haqida gap ketmoqda, demak, tomonlar biror kelishuvga kelsa, ajab emas, deydi u.

MTS O’zbekistonda qolgan mulkini talab qilmoqda. 10 millionga yaqin mijozini yo’qotgan. Yirik telekommunikatsion tizimlarga ega bo’lgan. Texnologiya uchun millionlab dollar sarmoya kiritgan. Jami 1 milliard dollardan ziyod investitsiya qilganini da’vo qilib keladi.

MTSning O’zbekistondagi boshqaruvchisi Behzod Ahmedov qochib ketgan. Vatandan tashqarida, aynan qayerda ekani mavhum. Bir necha kishi hibsga olingan. Keyinchalik MTS ularning ozod etilishi uchun hukumat bilan murosa qilgan. Mulk esa davlat tomonidan kimoshdi savdosiga qo’yilib, bir necha qismda pullangan.

MTS rahbarlari O’zbekiston bilan muzokara tinmagani va imkon topilsa, mamlakatda qayta ish boshlashga tayyor ekaniga ham sha’ma qilmoqda. Chunki Markaziy Osiyoning eng yirik jamiyati bu kompaniya uchun katta bozor.

Lekin sarmoya muhiti va tuzumdan shikoyat qilib turgan biznes oldin rahbariyat bilan kelishib olishi kerak. Vashingtondagi mahkama hukmi oxirgi so’z sanaladi va unga har ikki tomon bo’ysunishi shart.

O'zbekiston Oliy sudi va Oliy xo'jalik sudi qo'shma majlisida olingan surat (supcourt.uz)

O'zbekiston Oliy sudi va Oliy xo'jalik sudi qo'shma majlisida olingan surat (supcourt.uz)

Biroq, deydi Suhrob Ismoilov, O’zbekiston qator xalqaro hujjatlarga imzo chekkan bo’lsa-da, ularga bo’ysunmasligini ko’p marta isbotlagan.

Respublika mustaqillik yillarida arbitraj qarorlarini amalga oshirish bo’yicha ko’plab konvensiyalarga qo’l qo’ygan, deydi huquqshunos. 1994-yilda, masalan, yuqorida qayd etilgan Investitsiya bo'yicha nizolarni hal qiluvchi xalqaro markaz asosini tashkil etuvchi hujjatga imzo chekkan.

Ammo O’zbekiston o’z qonunchiligida xalqaro arbitrajlarning hukmlarini ijro etilishiga o’ziga xos to’siqlar qo’yilgan. Ayniqsa agar masala strategik sohalar, xususan oltin konlari va telekommunikatsiya singari sektorlar haqida ketayotgan bo’lsa.

O’zbekiston tashqi dunyo bilan tuziladigan shartnomalarida bu nozik jihatlarga e'tibor beriladi va natijada xorijdan kelayotgan qarorlarni bajarishni rad etishi mumkin. Oliy Majlis xalqaro arbitrajlar bo’yicha yangi qonun ustida ishlayotganini bildirib keladi, lekin bugungacha biror yangilik yo’q, deydi Suhrob Ismoilov.

O’zbekiston Vashingtonda oldin boshqa ishlar ustida kechgan tortishuvlarda, masalan Isroilning metal kompaniyasi bilan 2010-yildagi mahkamada, bu biznesni respublika rasmiylariga pora berganlikda va korrupsiyaga qarshi mavjud qonunlarni buzganlikda ayblagan. Arbitraj kompaniya da’vosini shu bois ham ko’rib chiqa olmasligini aytib, ishni yopgan. Karimov ma’muriyati chet ellik investorlar biznes qilaman deb mahalliy mansabdorlarga pora berib turib, tuzumni qoralashga haqqi yo’q deb keladi.

Lekin, deydi Suhrob Ismoilov, muammo - serqirra.

(huquqburch.uz)

(huquqburch.uz)

Avvalo O’zbekistondagi real vaziyat: pora berilmasa, yuqori lavozimlardagi odamlar rozi qilinmasa, mamlakatda biznes qilish mumkin. Shvetsiyaning “TeliaSonera” mobil kompaniyasi bilan bog’liq mashmasha buning yaqqol misoli, deydi Suhrob Ismoilov. Prezident Islom Karimovning qizi Gulnora Karimova 350 million dollar pora evaziga bu biznes uchun O’zbekistonda ishlash imkoniyatini yaratganlikda gumon qilinadi. Hozirda kompaniyada bir necha kishi ishdan olingan va tekshiruv hamon davom etmoqda. O’zbekistonda korrupsion elementlarsiz biznesga ruxsat olish mumkin emas, deydi Ismoilov.

Masalaning ikkinchi tomoni – xalqaro arbitraj hukmlarini bajarishga qo’yilgan to’siqlar. Xo’jalik sudlari markazdan, ya'ni Oliy xo'jalik sudidan kelayotgan buyruq va ko'rsatmalarga bo’ysunishga majbur, ya’ni xorijiy hukmlar rahbariyat ruxsatisiz bajarilmaydi.

Mamlakat erkin bo’lsagina, arbitraj qarorlari hurmat qilinadi, siyosiy erkinliksiz ular faqat qog’ozda qolib ketadi, deydi Suhrob Ismoilov.

Siyosiy irodasizlik; adliya mustaqil emasligi va boshqaruv qo’lida o’yinchoqligi mana shunday hollarda yanada oydinlashadi, deydi mutaxassis.

Huquqshunos yana bir masalani tilga oladi: O’zbekiston xalqaro sahnada o’z manfaatlarini o'zida yetishib chiqqan advokatlar emas, chet eldan millionlab dollarga yollangan firmalar orqali himoya qiladi.

Vaholanki, deydi Suhrob Ismoilov, erkinlik va imkoniyat yaratilsa, respublikaning o’zida ham yetuk mutaxassislar, tashqi dunyoda o’z davlati uchun adolat talab qila oladigan yuristlar bo’lishi mumkin.

Ismoilovning ishonchli manbalarga tayangan holda qayd etishicha, prezident apparati qoshida maxsus komissiya xalqaro tribunallarga vakillar tayyorlashni ko’zlab, bu mavzuni muhokama qila boshlagan.
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. TV va radio diktor, prodyuser, muxbir va muharrir. AQSh siyosati va hayoti hamda Markaziy Osiyodagi muhim masalalarni yoritadi. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida muharrir sifatida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida ham dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG