Breaking News

MTS-O'zbekiston: Ayblovlar asossiz, hukumat bizdan qutulmoqchi


O’zbekistonda o’tgan sakkiz yil davomida muvaffaqiyatli ishlab, 10 millionga yaqin kishini uyali aloqa bilan ta’minlagan MTS kompaniyasi (O'zdunrobita) faoliyati O’zbekiston hukumati qarori bilan bekor qilingan.

Respublika bosh prokuraturasi Rossiyada asoslangan, aksiyalari London va Nyu-York birjalarida sotiladigan bu kompaniyani qalloblikda, davlat moliya va biznes qonunlarini buzganlikda ayblab, 80 million dollar jarima solgan.

MTS O’zbekistonda 1400 ishchiga ega, aksariyati mahalliy fuqarolar. To’rt kishi hibsda, o'nlab xodimlar so’roq qilingan, ko’pining pasporti olib qo’yilgan.

"AMERIKA OVOZI" MTS vitse-prezidenti MAYKL XEKKER (MICHAEL HECKER) bilan Toshkentda ketayotgan tergov ishlari, so’nggi qarorlar va kelajak haqida suhbatlashdi.

“AMERIKA OVOZI”: Toshkentdan so’nggi xabar shuki, MTS faoliyati butkul to’xtatiladi… Shundaymi?

XEKKER: Ha, afsuski, shunday. Faoliyatimiz uch haftadan beri to’xtatilgan. O’zbekiston hukumati xatti-harakatlariga qarab, Toshkent berayotgan signalga qarab shuni aytish mumkinki, yaqin orada MTS-O’zbekiston noqonuniy ravishda tortib olinadi, unga tegishli barcha mol-mulk musodara qilinadi.

“AMERIKA OVOZI”: Shu yilning iyun oyigacha kompaniya respublikadagi biznesdan xursand edi, shundaymi? Tergovga nima turtki berdi?

XEKKER: Biz ham hayronmiz. O’zbekistonda 2004-yildan beri ishlab kelamiz. Biz juda mustahkam, jadal o’sishga qodir bir biznes barpo etdik. 10 millionga yaqin kishini uyali telefon xizmati va internet aloqa bilan ta’minlab kelayotgan edik. O’zbekiston va xalqaro qonunlarga rioya qilib keldik. Biror noto’g’ri qadam tashlaganimiz yo’q. To’satdan shu yilning iyun oyida O’zbekiston hukumati bizga qarshi sistematik kampaniya boshladi. Maqsad boshidan faoliyatimizni to’xtatish va bizni tamoman yopish.

“AMERIKA OVOZI”: Iyun oyigacha hukumat bilan aloqalaringiz qanday edi? Biror kelishmovchilik yoki mojaroli hol bo’lganmidi?

XEKKER: Biz mavjud qonun-tartibga bosh egib kelganmiz. Biror qoidani buzmaganmiz. Soliqlarni to’liq to’laganmiz. Doimiy auditdan o’tganmiz. Barcha qonuniy talablarni qondirganmiz va faoliyatimiz har tomonlama normal edi. Lekin iyun oyida hukumat kutilmaganda tekshir-tekshir boshladi. Maqsad darrov ayon bo’ldi – bizdan qutulish.

“AMERIKA OVOZI”: O’zbekiston hukumati bu ishni korrupsiyaga qarshi kurash deb atamoqda. Kompaniyangizga qarshi jiddiy ayblovlar qo’yilmoqda. Siz ularni rad etib, ma’muriyatni g’araz maqsadlarda ayblayapsiz.

XEKKER: Bizning nazarimizda, MTS-O’zbekistonga qarshi ayblovlarning hammasi tuhmat, soxta va iqrornomalar majburan yozdirilgan. O’zbekiston hukumati doimo shunday qilib kelgan, bu yangilik emas. Investorlarni mol-mulkdan ayirish uchun rahbariyat bu usulni anchadan beri qo’llab keladi. Biz bunga uchragan birinchi biznes emasmiz. Bizdan oldin hukumat ko’plarni qaqshatgan. Ayblovlar g’irt safsata. Masalan tizim sifati yaxshi emasmish. Bizning xizmat sifatimiz aslida ikki baravar yaxshi. Soliq bo’yicha ayblovlar ham asossiz. Biz ularni doimo vaqtida va to’liq to’lab kelganmiz. Hozir hibsda o’tirgan xodimlarimizga qo’yilayotgan ayblovlarning ham birortasi asosli emas. Shu qadar to’qimaki, izohlashga so’z topish qiyin. O’zbekistonda bunday soxta ayblovlar doimiy hol ekanini bilamiz. Aytganimdek, maqsad bizni musodara qilish va kompaniyadan qutulish.

“AMERIKA OVOZI”: Siz shu qadar yaxshi va samarali ishlab, aholining uchdan biriga xizmat ko’rsatgan bo’lsangiz, sizdan qutulib, nimaga erishishi mumkin bu davlat?

XEKKER: Biz ham shuni tushunishga urinayapmiz. Bizdan qutulib, hukumat nima qilmoqchi? Faqat taxmin qilish mumkin. Kompaniya mulkini tortib olib, o’zlashtirish yoki boshqaga sotib pul qilish. Bu borada biror narsa deyish qiyin hozir. Shunisi aniqki, biz O’zbekistonda barcha qonunlarga rioya qilganmiz. Va bizga qarshi biror asos va sababsiz tergov ishi ochishdi. Ayni damda to’rt menejerimiz hibsda, hammasi O’zbekiston fuqarolari. Iyul oyidan beri ular qamoqda. Bu insonlarga nisbatan munosabat na respublika va na xalqaro talablarga javob beradi. Bundan tashqari xodimlarimiz sistematik tarzda bosimga olinmoqda, tazyiqqa uchramoqda. Ular advokatsiz so’roq qilinmoqda, ularni aybga majburan iqror qilishga urinishmoqda. Ularning huquqlari poymol etilmoqda. Biror yoqqa chiqa olmaydi, erkin harakat qila olmaydi, chunki pasportlari olib qo’yilgan.

“AMERIKA OVOZI”: Xodimlarga qanday yordam berishingiz mumkin?

XEKKER: Ularning huquqiy himoyasi juda muhim. Biz mahalliy advokatlar topib, ularga ko’maklashish harakatidamiz. Lekin bu juda qiyin. Qamoqdagi xodimlar bilan bog’lanish oson emas. Boshqa xodimlarga ham har tomonlama madad ko’rsatishga urinayapmiz. Aytganimdek, ular organlarning kuchli bosimi ostida.

“AMERIKA OVOZI”: Kompaniya egalari kimlar? Xalqaro faoliatingiz haqida gapirib bering.

XEKKER: MTS aksiyalari 10 yildan beri Nyu-York birjasida sotiladi. Kompaniyaning 50 foizga yaqini Rossiyada asoslangan SISTEMA korporatsiyasiga tegishli. Uning qimmatbaho qog’ozlari London birjalarida turadi. 47-48 foizga yaqini erkin bozorda. 30 foizga yaqini Amerika investorlariniki. Ular turli tashkilotlar, pensiya jamg’armalari va boshqa sarmoyachilar. MTS Group deb ataymiz buni va O’zbekistondagi kompaniya 100 foiz bu guruh qo’lida. MTS Markaziy Osiyoda eng yirik uyali telefon, telekommunikatsiya va internet kompaniyasi. Faoliyatimiz to’xtatilgani millionlab odamlarni aloqasiz qoldirdi va zarar ko’lami bag’oyat katta. Aholi qiynalmoqda, chunki boshqa operatorlar talabni qondira olmaydi. Odamlar MTS qayta ishga tushsin deb talab qilib, filiallarimiz oldida turganini bilamiz. Afsuski, buning iloji yo’q, chunki hukumat qonunga xilof ravishda bizning ishimizni to’xtatdi. MTS ishlamayotgani jamiyatni qanchalik qiynayotganiga qaramay hukumat bunga ko’z yumadi, chunki uning asl maqsadi bizni yo’q qilish.




“AMERIKA OVOZI”: Hukumat yoki hukumat ortida turganlar bilan biror janjalli masala yo’q edi deb bemalol ayta olasizmi?

XEKKER: Yo’q edi, aytganimdek, ishimizni to’g’ri olib borganmiz. Shu yil boshida soliq auditidan o’tganmiz. Biror muammo chiqmagan. Qo’shimcha to’lashingiz kerak deyishgan, biz darrov to’laganmiz. Bizga qarshi tergov ishi ochilib, yopib qo’yilganimiz biz uchun umuman kutilmagan hol.

“AMERIKA OVOZI”: Amerika hukumatidan yordam so’rayapsiz. Vashington nima qila oladi?

XEKKER: AQShdan umidimiz shuki, Vashington bu masala haqida O’zbekiston rahbariyati bilan gaplashib, uni to’g’ri yo’lga boshlaydi. Chunki Amerika bu masala hal bo’lishidan manfaatdor. Birinchidan, MTSning 30 foiziga AQSh investorlari egalik qiladi. Eng muhimi, inson huquqlari poymol etilmoqda. Begunoh xodimlarimiz O’zbekiston qamog’ida. Ularning qo’yib yuborilishiga ishonish qiyin. Ko’plab xodimlarimiz bevosita bosim ostida.

“AMERIKA OVOZI”: Qancha xodimingizga rasman ayblovlar qo’yilgan?

XEKKER: To’rt kishi qamoqda va ularga qarshi konkret ayblov nima ekanini tushunish qiyin. Juda umumiy va mavhum. Biror isbot-dalil yo’q ularni ayblashga. Shunday ekan, bu insonlar xuddi garovga olingandek. Boshida besh kishi hibsga olingan edi. Biri Rossiya fuqarosi edi. Uni qo’yib yuborishdi, lekin mamlakatdan chiqa olmaydi. Qolgan to’rt kishi o’rta va yuqori lavozimdagi menejerlar. Hammasi O’zbekiston fuqarolari.
NI: 100 ga yaqin xodim so’roq qilingan degan ma’lumot qanchalik to’g’ri?

XEKKER: Bu haqiqat. O’nlab xodimlarimiz chaqirilgan va huquqiy himoyasiz so’roq qilingan. Uch soatlab olib o’tirilgani ma’lum. Orada besh minut advokatga ruxsat beriladi, kamera yoqilib, xo’jako’rsinga uning oldida so’roq qilinadi, keyin esa chiqarib yuboriladi. Ularni uzoq yilga qamalasan deb qo’rqitishayapti, ayblovni majburan bo’yniga oldirishmoqchi, xodimlarimizning uyiga ataylab qoradori tashlab, ularni jinoyatda ayblashmoqchi… Xullas, soxta ayblovlarga iqror bo’lishga zo’rlashayapti.

“AMERIKA OVOZI”: Rossiya hukumatidan nima kutayapsiz?

XEKKER: Rossiya hukumatidan shuni so’rayapmizki, O’zbekiston hukumati bilan bu borada ochiqchasiga gaplashishsin. Birinchidan xodimlarimiz qo’yib yuborilishida yordam berishsin. Boshqa xodimlarimizga bosim bas qilinsin. Kompaniyaga nisbatan barcha tazyiq to’xtatilsin. Va faoliyatimizni qayta boshlash uchun imkoniyat yaratilsin.

“AMERIKA OVOZI”: Lekin O’zbekiston bunga ko’nmasachi? Bosh prokuraturaga ko’ra, MTS qonunni buzgani, qora ishlar qilgani haqida isbot-dalil yetarli va sizni sudlashmoqchi.

XEKKER: Bizga qarshi yangrayotgan ayblovlarning hammasi yolg’on. Biror asos yo’q ularda. Majburan yozdirilgan iqrornomalarni ro’kach qilishi mumkin. Faktlar yo’q ularda. Mantiq yo’q bu ishda. Rasman, bizni telekommunikatsiya qonunlarini buzganlikda, soliq va valyuta qonunlarini buzganlikda, monopoliyaga qarshi qonunlardan chetga chiqqanlikda ayblashayapti. Sakkiz yillik faoliyatimizda O’zbekistonda biror qonunni buzmaganmiz. Biznesimiz oshkora edi. Audit va boshqa tekshiruvlardan o’tganmiz va biror jinoiy harakat kuzatilmagan. Hukumat nima deyishidan qat’iy nazar bu ish uydirma, sahnalashtirilgan ish. Kompaniyani yo’q qilish, uni tilka pora qilib tashlash. Bundan kim jabr ko’rayapti? Qamoqdagi xodimlar, bosim ostidagi ishchilarimiz va ko’p jihatdan O’zbekiston aholisi, bizning xizmatimizga tayangan millionlab odamlar. Uyali telefonsiz qiynalayotgan 9,5 million xaridorimiz. Turmush, ish, xizmatlar, hammasi uyali telefonga bog’langan axir.

“AMERIKA OVOZI”: O’zbekistondagi biznes doiralar bilan aloqa qanday edi?

XEKKER: Faoliyatimizni kengaytirish uchun mavjud imkoniyatlarni o’rganganmiz, qanday xizmatlar ko’rsatishimiz ustida o’ylab, sharoitga qarab ish tutganmiz. Muayyan shaxslar bilan biznes qilmaganmiz. Kompaniyamiz mintaqada eng yirigi edi. Ishimizdan mamnun edik.

“AMERIKA OVOZI”: Ikki yilcha avval Turkmanistonda ham muammoga uchragan edingiz, shundaymi?

XEKKER: Turkmanistonda hozirda ishimizni qayta boshlaganmiz, juda kichik muammo edi u. O’zbekistondagi holatdan ko’p farq qiladi. O’zbekistonda sistematik kampaniyaga uchradik. Ishchilarimiz bosim va tazyiq ostida.

“AMERIKA OVOZI”: O’zbekistonda sizni tomosha qilib, tinglab o’tirgan odamlarga, MTS ochilarmikan yana deb o’ylanayotganlarga nima deysiz?

XEKKER: Xizmatimizdan foydalangan odamlarga nima bo’layotganini tushuntirish, ishimiz to’xtatilayotgani haqida axborot berishga deyarli ulgurmadik. Xaridorlarimizga shuni aytardimki, biz xizmatni tiklash uchun qo’ldan kelgan barcha ishni qilayapmiz. Biz O’zbekistonda 9,5 million odam xizmatida ekanimizdan faxrlanib kelganmiz, buni sharaf deb bilganmiz. MTS odamlar hayotining ajralmas qismiga aylanganini bilamiz. Biz faoliyatimizni davom ettirishni istaymiz. Xaridorlarimiz buni tushunadi degan umiddamiz. Hukumat bizga qarshi ayovsiz, asossiz kampaniya boshladi. Biz albatta afsusdamiz. O’zbekiston ahli buni biladi deb o’ylaymiz.

MTS-O'zbekiston: Kompaniya vitse-prezidenti Maykl Xekker (Michael Hecker) bilan suhbat
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:15:18 0:00
Yuklab oling

Original/Interview with Michael Hecker, MTS VP

MTS Uzbekistan: Interview with Michael Hecker, VP
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:20:23 0:00
Yuklab oling
  • 16x9 Image

    Navbahor Imamova

    Navbahor Imamova - "Amerika Ovozi" teleradiosining yetakchi multimedia jurnalisti. "Amerika Manzaralari" turkumidagi teledasturlar muallifi. Ko'rsatuvlar taqdim etish bilan birga prodyuser, muxbir va muharrir. O'zbekistonda akkreditatsiyadan o'tgan yagona amerikalik jurnalist. "Amerika Ovozi"da 2002-yildan beri ishlaydi. Jurnalistik faoliyatini 1996-yilda O'zbekiston radiosining "Xalqaro hayot" redaksiyasida boshlagan. Jahon Tillar Universiteti Xalqaro jurnalistika fakultetida dars bergan. Ommaviy axborot vositalari bo'yicha bakalavrlikni Hindistonning Maysur Universitetidan (University of Mysore), magistrlikni esa AQShning Bol Davlat Universitetidan (Ball State University) olgan. Shuningdek, Garvard Universitetidan (Harvard University) davlat boshqaruvi va liderlik bo'yicha magistrlik diplomiga ega. Jurnalistik va ilmiy materiallari qator xalqaro manbalarda chop etilgan. Amerikaning nufuzli universitetlari va tahlil markazlarida so'zlab, ma'ruzalar o'qib keladi. "Amerika Ovozi" oltin medali sohibi. Tashkilotda gender va jurnalistika bo'yicha kengash raisi. Toshkent viloyati Bo'stonliq tumani Qo'shqo'rg'on qishlog'ida ziyoli oilasida ulg'aygan.

    Navbahor Imamova is a prominent Uzbek journalist at the Voice of America. As anchor, reporter, multimedia editor and producer, she has covered Central Asia and the U.S. for more than 20 years on TV, radio and online. Since 2018, she has also been reporting from inside Uzbekistan as the first-ever U.S.-based accredited correspondent in the country. During 2016-2017, she was a prestigious Edward S. Mason Fellow in public policy and management, while earning her Mid-Career Master in Public Administration at Harvard University’s John F. Kennedy School of Government. Navbahor played a pivotal role in the launch of Uzbek television programming at VOA in 2003, and has since presented more than 1000 editions of the flagship weekly show, “Amerika Manzaralari” (Exploring America), which covers American foreign policy focusing on Washington’s relations with Central Asia, as well as life and politics in the U.S. She speaks frequently on regional issues in Central Asia, as well as Uzbek politics and society, for policy, academic, and popular audiences. Her analytical pieces have been published in leading academic and news outlets including Foreign Policy, The National Interest, and the Atlantic. Navbahor also is the founding President of the VOA Women’s Caucus. She began her career at Uzbekistan’s state broadcasting company in Tashkent. She holds a Bachelor of Arts in journalism and mass communication from the University of Mysore, India and a Master of Arts in journalism from Ball State University, Indiana.

Shu mavzuda

XS
SM
MD
LG