Breaking News

O'zbekiston: MTS mulki qaytariladi, lekin kompaniya jarima to'laydi


O'zbekiston sudi hukmiga ko'ra, Rossiyada asoslangan MTS uyali aloqa kompaniyasining musodara qilingan mulki qaytib beriladi. Lekin unga 600 million dollar jarima solinadi. Pul sakkiz oy ichida to'lanishi kerak.

MTSning O'zbekistondagi filiali, 9,5 million odamga xizmat ko'rsatgan kompaniya, biznes jinoyatlarda ayblanib butunlay yopilgan. Rossiyadagi boshqaruv bir milliard dollar zarar ko'rildi, deya bildirgan edi.

MTSning to'rt xodimi, jumladan yuqori lavozimlarda ishlagan o'zbekistonliklar, jinoiy sud oldida javob bergan va ikki yarim yillik shartli jazoga mahkum etilgan.

Kompaniya apellyatsiya tartibida yuqori sudga murojaat qilgan edi. Unga oldin ham 900 million dollarlik jarima belgilangan edi.

MTS O'zbekistonda qayta ochiladimi? Bu savolga hozircha hech kim javob bera olmaydi.

Hozirgi asosiy vazifa, deya bildiradi kompaniya rahbariyati, jarima miqdorini kamaytirish.

MTS O'zbekiston hukumati qo'ygan biror ayblovni tan olmaydi va boshidanoq Karimov ma'muriyatini respublikada yaxshi biznes qilayotgan kompaniyani o'zlashtirishga harakat qilayotganlikda qoralab keladi.

"Amerika Ovozi"ga shu yilning avgust oyida bergan intervyusida MTS vitse-prezidenti Maykl Xekker O'zbekistonda rahbariyat bunday ishlarga o'rganib qolgan, chet el kompaniyalaridan adolatsiz ravishda qutulib, soxta ayblovlar bilan ularning mulkini tortib olib foyda ko'rish - bu davlat uchun klassik uslub, deya izohlagan edi.

MTS 2004-yilda "O'zdunrobita" ning 74 foizini sotib olgan va keyingi yillarda butkul uning egasiga aylangan. Jami 1,1 milliard dollar sarmoya qilgan.

Britaniyaning Oxus Gold va AQShning Newmont Mining Corp singari kompaniyalari ham O'zbekistondan shu tarzda chiqib ketganini qayd etib keladi.

Shvetsiyada ayni damda TeliaSonera tergov ostida. Bu kompaniya O'zbekistondagi Ucell uyali aloqa firmasi egasi.

TeliaSonera 2007-yilda O'zbekistonda biznes boshlash uchun bu respublika hukumatiga pora berganlikda ayblanmoqda. Kompaniya buni inkor etadi.

Tergov jarayonida mutasaddilar prezident Islom Karimovning qizi Gulnorani tez-tez tilga olmoqda. TeliaSonera litsenziya olishda yirik bizneslar ortida turgan bu ayolning odamlari bilan ish qilgan, degan ma'lumotlar bor.

MTS sobiq Sovet davlatlari bo'ylab keng qanot yozgan. Britaniyada asoslangan "Reuters" axborot agentligining yoritishicha, uning asosiy raqibi Vimpelcom hisoblanadi. Oxirgi oylarda uning biznesi Beeline O'zbekistonda yanada kengaygan.

MTS taqdiri va respublikada ishlayotgan uyali aloqa kompaniyalari xalqaro matbuot diqqat markazida qolmoqda.

AQShda asoslangan "Associated Press" axborot agentligi MTS tarixiga nazar tashlar ekan, shunday yozadi:

"O'zdunrobita" aslida Gulnora Karimova, O'zbekiston prezidenti Islom Karimovning qiziga tegishli edi. Karimova uni 2004-yilda MTSga pullagan... "O'zdunrobita" bo'yicha biznes sherik Sanjar Umarov Karimova uni kompaniyadan siqib chiqarganini da'vo qilgan".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG