Muhammad Ali - dunyo sevgan bokschi va faol

  • Amerika Ovozi

Juma kuni afsonaviy bokschi Muhammad Ali ona shahri Luivilda dafn etiladi.
Ali nafaqat boks bo’yicha jahon chempioni edi, balki ringdan tashqarida ham juda faol bo’lgani bilan yaxshi tanish. Shuning uchun bo’lsa kerak, uni dunyoda hurmat qilishar edi.

Har bir jangdan oldin Muhammad Ali katta gapirishni yaxshi ko’rardi.

"Butun dunyo oldimda tiz cho’kib, buyukligimga tan bersin", - degan edi u bir marta.

Jang paytida shoumenlik ham qilardi. Jozibali va ziddiyatli inson edi.

Alining jang qilish uslubi dunyoga mashhur bo’ldi.

Afrikada yurtdoshi Jorj Forman bilan, Filippinda vatandoshi Jo Freyzer bilan o’tgan olishuvlari juda qiziqarli va qizg’in o’tgan edi.

“Bolaligim Afg’onistonda o’tgan. Maktabdagi hamma bolalar Aliga o’xshashni xohlardi”, - deydi Amerikada yashovchi bir afg'on.

Muhammad Ali professional boksda 56 bor g’alaba qozonib, besh marta mag’lubiyat alamini tortgan. Biroq ringdan tashqarida u haqiqiy diplomat edi.

1985-yili Ali olib qochilgan samolyotda garovga olingan yo’lovchilarni qutqarish uchun Livanga bordi.

Besh yil o’tib, Fors ko’rfazidagi urush paytida Iroq rahbari Saddam Husayn bilan ko’rishib, garovdagi 15 amerikalikni vataniga qaytardi.

Shu kunlarda Alining ona shahri Luisvilga dunyoning turli chekkalaridan ta’ziyanomalar kelmoqda.

Uning ma’rakasida diniy ma’ruza qilishi kutilayotgan imom Zaid Shokirning aytishicha, Ali Vyetnam urushida qatnashishdan bosh tortganidan va buning natijasida chempionlik kamari va unvonidan mahrum etilganidan so’ng xalqaro jamoatchilikka kengroq tanildi.

“U hayotida mashinalar, uylar, yaxtalar, katta pul va e’tibor qozonishi mumkin edi. Ammo bularning hammasidan voz kechib, o’z maslagi, e’tiqodida turishni, zaif va mazlumlarni himoya qilishni afzal ko’rdi”, - deydi imom.

Muhammad Alining dafn marosimida Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdog’an va Iordaniya qiroli Abdulla ham qatnashadi.

"U juda ham mashhur edi. Tengqurlarimning hammasi unga havas qilib katta bo’lganmiz. Ringdagi hamma chiqishlarini tomosha qilganmiz", - deydi Vashington yaqinidagi bir do'kon egasi.

Muhammad Alining qizi Laylo otasining izidan borib bokschi bo’ldi, 24 jangda biror marta mag’lubiyatga uchramadi.

“Bu odamni hamma birday sevardi. Dunyoda boshqa bunday inson yo’q, endi bo’lmasa ham kerak”, - deydi u.

Muhammad Ali o’zidan keyin buyuk meros qoldirdi. “Har bir kuningizni hayotingizdagi so’nggi kun kabi o’tkazing. Bir kun kelib, haq bo’lib chiqasiz” degan edi u.

3-iyun kuni Muhammad Ali haq bo’lib chiqdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG