Amerikaning kichik bir shahri - musiqa markazi

  • Amerika Ovozi

AQShda 1960-yildan keyin tanilgan ayrim antiqa musiqiy to’plamlar Alabama shtatida, Masl Shols (Muscle Shoals) shahridagi studiyada yozilgan. Masalan, Arita Franklin, Persi Sledj, Bob Dilan, "Rolling Stounz" va boshqalar. Yaqinda bu studiya haqida yangi hujjatli film ekranga chiqdi.

Masl Shols, aholisi 13 ming kishilik shahar, Tenessi daryosi bo’yida joylashgan. Hindular bu daryoni qo’shiqchi daryo deyishadi.


Yarim asr davomida dunyoning eng sara musiqa ustalari Masl Sholsda qo’shiq yozgan. Rejissyor Greg Kamalir ushbu studiya haqida film ishladi.

“Amerikaning eng qishloq joylaridan-da. Vaholanki, boshqa musiqiy makkalarni olsangiz, aksariyati shahar o’rtalarida”, - deydi u.

Tashabbusni boshlagan – qat’iyatli Rik Xolldir, deydi rejissyor Kamalir. U 1950-yillar oxirida Masl Sholsda musiqa yozish studiyalariga asos soldi.

“Uning yordamida dunyo yuzini ko’rgan birinchi xit – "You Better Move On" qo’shig’i. Artur Aleksandr ismli oddiy ishchi aytgan qo’shiq”, - deydi rejissyor.

Eski filmlar va suratlar yordamida rejissyor Rik Xollning mahoratini namoyish etadi. Ovoz yozish bo’yicha usta Xoll mahalliy iste’dolarni kashf etgan. Irqidan qat’iy nazar hamma bilan ishlagan.

Alabama gubernatori Jorj Volles irqchilikni targ’ib qilayotgan bir pallada chekka qishloqda oq va qora sozandalar yelkama-yelka ishladi, sara qo’shiqlar yaratdi.

Mana bu kuy Persi Sledjni yulduz qildi.

“Sekin-asta bu qo’shiqlar mamlakatning turli burchaklari, sayyoraga tanildi. Odamlar orasida nom qozona boshladi”, - deydi Kamalir.

Britaniyaning mashhur rok ansambli "Rolling Stounz" ham Masl Sholsda ashula yozgan. Hujjatli filmda Mik Jagger va Kit Richardsni ko’rasiz.

Oradan ko’p o’tmay Rik Xollning uyida ish boshlagan studiya kattalashib, shaharning turli burchaklarida bo’limlari paydo bo’ldi.

Filmda mana shu ijodiy jarayon juda qiziqarli qilib tasvirlanadi.

“Film yordami mahalliy aholi o’z tarixi va madaniy merosini kashf qilayapti. Odam o’zi haqida bilishi kerak axir”, - deydi rejissyor.

“Masl Shols” bugun kinoteatrlarda namoyish etilayapti va tez orada jahon ekranlari yuzini ko’rishi kutilmoqda.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG