Maski ta’lim dasturining bu yilgi g’oliblari AQShga keldi


Har yili ko’plab o’zbekistonlik yoshlar xorijda o’qishga harakat qiladi. Ta’lim uchun to’lovni qoplashda turli-tuman dasturlar, grantlar, homiylar qo’l keladi. Ayrimlar, hatto, o’z kuchi va mablag’iga tayanadi.

AQSh hukumatining so’nggi 15 yildan beri yuritayotgan Maski ta’lim dasturi yoshlarga magistrlikka bepul o’qish imkonini beradi.

Dariya Kudabayeva Toshkent viloyatidan. Jahon Iqtisodiyoti va Diplomatiya Universitetini bitirib, Iqtisodiyot vazirligida ishladi. Bu yil Maski (Edmund Muskie Graduate Fellowship Program) dasturida qatnashdi-da, g’olib bo’ldi va sentabrda Texas Davlat Universitetida (University of Texas in Arlington) davlat boshqaruvi (public policy) yo’nalishida o’qiy boshlaydi.

U avgust boshida Qo’shma Shtatlarga keldi. O’zbekistondan yetti kishi, MDH davlatlaridan 60 dan ko’p edik, deydi u. Xususan, O’zbekistondan uch qiz, to’rt yigit. Ular AQShning turli shtatlarida ta’lim oladi.

Davlat tizimida ishlay boshlab, qator muammolar, yangicha yondashuvga ehtiyoj borligini sezdim, deydi u. “Xususiy biznes va davlat o’rtasidagi hamkorlikka qiziqishim ortdi. Hozir O’zbekistonda bu soha jadal rivojlanayotgan sohalardan biri”, - deydi talaba.

“Oilada to'rt farzandmiz. Eng kenjasiman. Katta farzandlar oilali. Ota-onam menda bunday imkoniyat paydo bo’lganini eshitib, juda xursand bo’lishdi. Sog’inishadi, albatta”, - deydi talaba.

U o’zga davlatga, boshqa madaniyat, boshqa din, qarashlar hukmron jamiyatga yo’l olayotganini binoyiday bilar edim, deydi. Buni oilaviy muhokama qilishdi. Maslahatlashishdi.

“Lekin yolg’iz emasligim, uydan uzoqda o’qiyotgan talabalar ko’pligini inobatga olib, muammo tug’ilmasligi kerak, deb o’ylayman”, - deydi Dariya.

Talaba AQShda ta’lim tizimi farqli ekanini bilib, biroz hayajonlandi. “Chunki O’zbekiston va Amerika o’qish sistemalarida tavofutlar juda ko’p. Tez moslashib keta olarmikanman? Magistraturada qo’yiladigan shartlarni bajara olarmikanman? Mana shularni o’ylab xavotir bosdi”, - deydi u.

Biroq, deya ta’kidlaydi Dariya, Jahon Tillari va Diplomatiya Universitetida ham talablar qat’iy, xalqaro me’yorlar darajasida edi. “Shunday ekan, eplab keta olishim kerak”.

U odatda yozni ishda o’tkazadi. Otpuska paytida oilasi bilan Toshkent viloyati, tog’ yonbag’rida, imkon bo’lsa, Chimyon, Chorvoqda dam olishadi.

“Bu yili dam olishga ko’p vaqt bo’lmadi. Toshkentda “Operation Smile” nomli, bolalarda tirtiq labni jarrohlik yo’li bilan tuzatish bo’yicha loyihada qatnashib, xorijlik shifokorlar yonida tarjimonlik qildim. Lekin asosiy vaqtim safarga taraddud bilan o’tdi”, - deydi Dariya.

“Bakalavr yoshlar uchun yoz amaliyot o’tash vaqti sanaladi. Kimdir tilini yaxshilaydi, praktikaga boradi, ishga o’rnashadi yozda”.

Boshlang’ich kurslarda Dariya yozda lagerlarga borar edi, yordamchi bo’lib. Bolalarga bog’lanib qolgan paytlari bo’ldi.




Dariya fikricha, odam muhimi orzuga ishonishi kerak. Qattiq ishlab, dunyo kezishi, har xil davlatlarni ko’rishga intilishi lozim. Orzuni maqsadga aylantirib, uning sari harakat qilavering, mehnatdan qochmang, deydi talaba.

“Toshkent, O’zbekiston yoshlariga omad tilamoqchiman. Yangi o’quv yili oldidan hamma hayajonda. 1-avgustda o’tgan kirish imtihonlarining javobini kutayotgan abituriyentlarga muvaffaqiyat tilayman. Chunki o’qish, ta’lim, oliy ma’lumot bizning mamlakatda ham, xorijda ham g’oyat ahamiyatli”, - deydi Dariya Kudabayeva.
XS
SM
MD
LG