AQSh universitetlari o'z imomlariga ega

  • Amerika Ovozi

Ko’plab amerikaliklar islom haqida deyarli hech narsa bilmaydi. Ayniqsa, 2001-yilning 11-sentabr voqealari hamda yaqinda ro’y bergan Boston fojeasi kabi terror amaliyotlarini islom nomi bilan bog’lovchilar bor. Ayni paytda bir qator universitetlarda imomlar amerikaliklarning bu din haqidagi tushunchalarini kengaytirishga harakat qilmoqda.

Imom Yahyo Hindiy 1999-yildan beri Jorjtaun universitetida imom sifatida xizmat qiladi. Jorjtaun Amerikada imomlik lavozimini joriy etgan birinchi universitet. Hendining vazifasi islom haqida bilim berish.

“Mening ishim o’qitish. Diniy va o’qishga oid masalalarda maslahat beraman. Oila ta’limiga ham alohida e’tibor beramiz. Qanday qilib yaxshi er yoki yaxshi rafiqa bo’lish mumkin? Jorjtaundagi musulmonlar mendan fikr so’rashadi”, - deydi imom.

Hindiyga ko’ra, dinlararo muloqot kelib chiqishi turlicha bo’lgan amerikaliklarni bir-birlarini yaxshiroq o’rganishga undaydi. Shu maqsadda u nasroniy va yahudiy ruhoniylari bilan birga universitetda dinlararo muloqot nomli dars tashkil etgan.

“Dars juda yaxshi qabul qilindi. Chunki talabalar qilayotgan ishlarimizdan xabardor. Bu dinlar orasida tafovutlar bor, lekin o’xshash jihatlarimiz juda ko’p. Ikkinchidan, biz ixtiloflarni madaniy yo’l bilan gaplashamiz. Fikrimga qo’shilmasangiz, buning yomon joyi yo’q. Sizning fikringizga qo’shilmasam, bu ham ma’qul. Men haq bo’lishim uchun siz nohaq bo’lishingiz shart emas. Siz yaxshi bo’lsangiz, bu mening yomonligimni anglatmaydi”, - deydi Hindiy.

Imomning aytishicha, boshqa din vakillari kabi, musulmon talabalarda ham savollar ko’p. Ba’zan ular o’z dinlarini boshqalarga tushuntirishda qiynaladi. Ayniqsa, 11-sentabr voqealaridan keyin mening ishim yanada muhim ahamiyat kasb etdi, deydi u.

“Meni cherkov, sinagoga, kollej va universitetlarga islom haqida ma’ruza o’qish uchun tez-tez taklif qilib turishadi. Bu din mohiyati nimada? Ayollarga qarshimi yoki ayollarni himoya qiladimi? Zo’ravonlikni qoralaydimii yoki targ’ib qiladimi? Tinchlik dinimi yoki urush vositasi? Odamlar islom tinchlik so’zidan olinganini eshitib hatto ajablanishadi”, - deydi Hindiy.

Imom kelganidan beri universitetda musulmon talabalar har yili Ramazon oyida iftor tashkil qilib, taroveh namozi o’qishadi.

“Musulmon imom sifatida juma namozlarida, o’zaro suhbatlarimizda bolalarimizning ta’lim-tarbiyasiga alohida e’tibor beraman. Ularga madaniy islomni qanday o’rgatish mumkin? Yoshlar o’zlari xohlagan maqsadlariga qanday erishadi? Yaxshi doktor, yaxshi injener yoki yaxshi siyosatshunos bo’lish orqali ular musulmonlarning eng yaxshi vakillari bo’lishadi”, - deydi u.

Hindiy universitetning barcha jamoat tadbirlarida faol ishtirok etadi, jumladan, bitiruv kechalarida ham.

U islom va musulmonlarga oid yanada ko’proq darslar bo’lishini va ular orqali bu din haqida amerikaliklarga batafsilroq ma’lumot berishni istaydi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG