Din

11-sentabr voqealaridan keyin islomga kirgan amerikalik

  • Amerika Ovozi

11-sentabr voqealaridan keyin islomga kirgan amerikalik

11-sentabr voqealaridan keyin islomga kirgan amerikalik

2001-yilning 11-sentabrida AQShda keng ko’lamli, qonli xurujlar sodir etilgach va terroristlarning musulmon ekani ayon bo’lgach, bu xalq orasida islom diniga munosabat ancha salbiylashgan edi.

Ba’zi amerikaliklar musulmonlarga hamon qo’rqib qaraydi. Boshqalar esa islom haqida yaxshiroq bilgisi keladi.

Ayrimlar esa bu e’tiqodga shu qadar mehr qo’yganki, dinini ham o’zgartirgan.

Maqolamiz qahramoni 2001-yildagi teraktlar natijasida yaqinlaridan ayrilgan va keyinchalik islomni qabul qilgan.

Elizabet Torres 2001-yilning 11-sentabrida sakkiz qarindoshidan ayrilgan. Hammasi Nyu-Yorkda Jahon Savdo Markazida ishlar edi. Al-Qoida qildi bu ishni, deydi u.

“O’sha damlarda men biror dinni ayblaganim yo’q. Bu terroristlar qilmishi”.

Elizabet Torress 11 sentabr voqealarida sakkiz qarindoshidan ayrilgan. Ularning hammasi Nyu-Yorkda Jahon Savdo Markazida ishlar edi.

Elizabet Torress 11 sentabr voqealarida sakkiz qarindoshidan ayrilgan. Ularning hammasi Nyu-Yorkda Jahon Savdo Markazida ishlar edi.

Elizabet Torres uzoq yillar ruhiy madad izladi, e’tiqod nima o’zi deb yashadi. Marokashga sayohat hayotini o’zgartirdi. Vatanga qaytgach, islomga kirishga ahd qildi.

O’zidan 22 yosh kichik, misrlik muhojirga turmushga chiqdi. Ism-sharifini butunlay o’zgartirdi. Bugun u - Sofiya al-Kasabiy.

“Din zo’ravonlikka undamaydi. E’tiqod bu. 11-sentabrdagi xurujlarni qilgan odamlar - aldangan shaxslar”.

Ikki yil davomida Sofiya al-Kasabiy Florida shtatining Tampa shahridagi masjidida bosh hisobchi bo’lib ishladi.

Musulmon erkaklar bilan, deydi u, ko’p marotaba bahslashishga to’g’ri keldi, Qur’on mazmuni va madaniyat yuzasidan. Oxir oqibat u ishdan ketdi.

“Har kuni qilib o’rgangan ishingiz, har bir odatingizga ham islomiy amal deb qaray olmaysiz. Odamlar sizga qarab “shumi islom?” deydi. Xotinni urish islomga to’g’ri kelmaydi”.

Islomga kirgani uchun oila a’zolari bu ayoldan yuz o’girdi. Katta qizi Silviyaning eri harbiy edi, jang maydonida o’lgan. 16 yoshli Natalia, kichik qizi, onasidan uyala boshladi.

“Ha, onang terroristmi?” deyishsa, “terrorizmning dinga hech ham aloqasi yo’q” deb javob qiladigan bo’ldim”,- deydi Natalia.

Musulmonchilik oson emas, deydi Sofiya al-Kasabiy, dinni to’g’ri talqin qilish, o’rganish murakkab ish ekan. Ahloq-odob, kiyinish, yurish-turish, boshqalar bilan qanday aloqa qilish, so’zlashish degandek. O’ranib yurgan edi, hozir hijobdan chiqdi.

"Shuni anglab yetdimki, e’tiqod kiyimda emas, yurakda, qalbingiz to’rida bo’lishi kerak ekan",- deydi Sofiya al-Kasabiy.

"Siz va Olloh. Siz ungagina javob berasiz. Xudo qalbimda ekan, boshqalar nima deyishining hech ham ahamiyati yo’q”.

Sofiya al-Kasabiy boshqa musulmonlar nomidan gapirmasligini aytadi. E’tiqod, islom shaxsiy narsa, deydi u. 11-sentabr voqealarida, shu bois, dinni emas, insonlarni ayblaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG