Britaniya tarixida ilk bor musulmon nomzod London meri etib saylandi

  • Amerika Ovozi

Leyboristlar partiyasi nomzodi, pokistonlik muhojirlar farzandi, endi esa London meri Sodiq Xon

Leyboristlar partiyasi nomzodi, pokistonlik muhojirlar farzandi, endi esa London meri Sodiq Xon

Britaniyaning Leyboristlar partiyasi nomzodi Sodiq Xon London meri etib saylandi. Pokistonlik muhojirlar oilasi farzandi bo'lgan 45 yoshli siyosatchi saylovchilarning 57 foiz ovozini olib, Konservatorlar partiyasidan bo'lgan raqibi Zak Goldsmitni ortda qoldirdi. U Yevropaning yirik poytaxt shahri merligini qo'lga kiritgan birinchi musulmondir.

Xon ushbu g'alabasi bilan Londonda konservatorlarning sakkiz yillik hukmronligiga chek qo'ydi.

G'alaba nutqida u o'zining hukumat ta'minotidagi uyda katta bo'lganini, bir kun kelib London meri etib saylanishi haqida hech qachon o'ylamaganini aytdi.

"Har bir londonlik bu shahar menga bergan imkoniyatlarga ega bo'lishini xohlayman. Nafaqat yashab qolish, balki muvaffaqiyat qozonish uchun kerak bo'ladigan imkoniyatlarga", - dedi Sodiq Xon.

Dunyo bo'ylab shahar merlari Twitter orqali Sodiq Xonni g'alaba bilan tabrikladi.

Nyu-York meri Bill de Blazio u bilan birga ishlashdan umidvor ekanini aytdi.

Parij meri Ann Idalgo londonliklarga insoniylik va taraqqiyparvarlikdan bahramand bo'lishni tiladi.

Sodiq Xonning London meri etib saylanishi Britaniya musulmonlari tomonidan olqish bilan kutib olindi.

"U musulmon. Bizlar ham musulmonmiz. Musulmonlar uchun bu katta imkoniyat", - deydi londonlik 69 yoshli do'kondor Muhammad.

Muhammad Britaniyaga Pokistondan 50 yil oldin kelgan. Uning aytishicha, u paytlar bu yerda musulmonlar mavqei juda past bo'lgan.

"Kelganimizda bu yerda birorta ham halol taom yo'q edi, - deydi u. - Ammo hozir istalgan oziq-ovqat mahsulotining halolini topa olasiz".

London Iqtisodiyot maktabi tahlilchisi Toni Traversning aytishicha, Xonning sobiq imperiya poytaxtida rahbarlik maqomiga chiqishi Britaniyaning kamchilik va muhojir aholi qatlamlarini ochiq qabul qilayotganini anglatadi.

Ammo mamlakat miqyosida o'tgan mahalliy kengash saylovlari immigratsiya va demografik o'zgarishlar borasida aholi o'rtasida bo'linish kengayib borayotganini ham ko'rsatgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG