Amerika Katolik Universitetidagi musulmon talabalar bilan muloqot

  • Amerika Ovozi

Hozirda bu ilm dargohida 91musulmon bor. Ular asosan Saudiya Arabistonidan. "O'qish, e'tiqod va mutolaa uchun qulay joy", - deydi ular.

Hozirda bu ilm dargohida 91musulmon bor. Ular asosan Saudiya Arabistonidan. "O'qish, e'tiqod va mutolaa uchun qulay joy", - deydi ular.

AQSh ta’lim maskanlarida har yili 600-700 ming chet ellik talaba o’qiydi. Diniy yo’nalishdagi bilim dargohlarida ham xorijlik yoshlar, tadqiqotchi va olimlar ko’p.

Vashingtonda joylashgan Amerika Katolik Universitetida (Catholic University of America) masalan musulmonlar soni ikki baravarga oshgan.

Katoliklar – nasroniy oqimi emasmi, bu yerda shu dindagi yoshlarni uchratish tabiiy hol. Lekin universitet e’tiqod haqida o’rgatish bilan cheklanmaydi. Dunyoviy bilim beradi, ta’lim sifati jihatdan yetakchi o’rinlardan birini egallaydi. Yaqin yillardan beri universitetga ko’plab musulmonlar ham kela boshlagan, turli davlatlardan.

“Menga bu yerdagi muhit yoqadi. Taqvodor odam u qaysi dinga amal qilmasin, boshqa dindagilarni ham tushunadi, hurmat qiladi”.

Rif al-Shabnan namoz o’qish uchun bo’sh xona qidiradi. “Topish qiyin emas. Juda sokin joy. Odam xotirjam ibodat qiladi”-, deydi u.

Al-Shabnan Saudia Arabistonidan kelgan. Katolik universiteti o’z mafkurasiga ega. Shuning uchun bu yerda o’qishni xohlaganman, deydi u.

“Universitetning qarashlari mening shaxsiy qarashlarim bilan hamohang. Katoliklar oila va qadriyatlarni muqaddas hisoblaydi”.

Universitet rahbariyatining aytishicha, haqiqatdan ham musulmon talabalar yil sayin ko’payib bormoqda.

Rif al-Shabnan, talaba

Rif al-Shabnan, talaba

“Talabalar katolik oqimidan bo’lishlari shart emas. Ilm olishni istaysizmi, marhamat. Sharoit yaratilgan”-, deydi al-Shabnan.

Viyam al-Salmiy aynan shu sabab bu yerga o’qishga kelgan. Toat-ibodatni joyiga qo’ygan holda bilim olish uchun qulay bir muhit, deydi u. Boshqa oliygohlardan farqi shu, deydi talaba, taqvodorlar ko’p.

“Men uchun muhimi diniy erkinlik. O’quv maskanidagi fikr-qarashlar men tarbiya topgan aqidalar bilan deyarli bir xil. Namoz o’qib ibodat qilay desam hech kim hayratga tushmaydi”, - deydi talaba.

Hozirda katolik universitetida 91musulmon bor. Ular asosan Saudiya Arabistonidan.

“Saudiya Arabistonining Vashingtondagi elchixonasi bilan aloqalarimiz mustahkam. Ular bilan ko’p sohada hamkorlik qilamiz. Maqsadimiz ikki tomon aloqalarini rivojlantirish”-, deydi Taniz Korsi, universitetning global ta’lim dasturi rahbari.

Amerika Katolik Universiteti eng yirik ilm maskanlaridan biri

Amerika Katolik Universiteti eng yirik ilm maskanlaridan biri

Talabalar safini turli millat vakillari bilan to’ldirmoqchimiz, deydi Korsi. O’quv dargohi rohibi Jud Deanjelo deydiki, boshqa din vakillari bilan muloqot universitet uchun muhim.

“O’zganing e’tiqodini hurmat qilish va ayni damda xudo yagona ekanini e’tirof etib, unga ibodat qilish”-, deydi ruhoniy.

Kenni Uayt – katolik. Musulmon talabalar orasida do’stlari ko’p. “Ularni yaqindan tanib, dunyoqarashim boyidi”, -deydi u.

“Yaqin do’stim musulmon. Iymon nimaligini undan o’rgandim. Unga qarab ruhlanib ketaman. E’tiqod bu e’tiqod”.

Viyam al-Salmiy ham o’zga din vakillaridan o’rgansa arziydi deydi. "Bir-birimizning muqaddas kitoblarimizni o’qib tursak zarar qilmaydi", - deydi bu talaba.

“O’qituvchim bo’sh vaqtida Injil o’qiydi. Men ham o’zim bilan Qur’on olib yuradigan bo’ldim. Bo’sh qoldim deguncha uni o'qiyman”, - deydi al-Salmiy.

Shu tariqa katolik ilm maskani o’zga e’tiqod vakillarini bag’riga olgan. Yoshlar erkin fikr almashadi, o’z qarashlarini yashirmaydi. Maqsad - turli sohalarni o’qiyotgan yoshlar bir-birining e’tiqodi haqida ham o’rgansin, o’zaro hurmat oshsin.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG