Muslimalar – eski qarashlarni savolga tutgan ko’rgazma

  • Amerika Ovozi

“Muslima: Musulmon ayolining ijodi va ovozi” nomli ko’rgazmani istagan odam internetda tomosha qilishi mumkin. Bepul ko’rgazma. Unda Tinchlik uchun Nobel mukofoti sohibasi Shirin Ebodiy, bangladeshlik shoira Nadiya Husayn va yana ko’plab boshqa fozila arboblar bilan tanishasiz. “Muslima” bugun mavjud eski qarashlarni savolga tutadi.

“Muslima” ko’rgazmasini Xalqaro ayollar muzeyi ochib berdi. Musulmon xotin-qizlarning orzu-umidlari, mulohaza va muvaffaqiyatlari haqida u. Muzey xodimi Samina Ali eski qarashlardan qutulish kerak, deydi.

“Musulmon ayoli deganda irodasiz, bo’sh, o’rangan bir shaxs tasavvur qilinadi”, - deydi u.

Ko’rgazmada san’at, film, musiqa, ilm-fan sohalarida xizmat qilayotgan muslimalar bilan tanishasiz. Kuchli, qat’iyatli, jamiyat deb yashayotgan xotin-qizlar bular.

“Alka Sadat ismli ayol ishlagan hujjatli filmni ko’rsatayapmiz. Afg’onistonda toliblar davrida qiz-juvonlar yuzlashgan og’ir sinovlar, bugun ham ularning qadri yo’qligi haqida”, - deydi muzey xodimi.

Rejissyor tajribali prokuror va ayollar himoyachisi Marya Bashir hayotini videoga oldi. Bashir xotin-qizlarga qarshi zulm va siyosiy korrupsiya bilan olishdi.

“Afg’onistonda ayollar jamiyatning to’laqonli, kuchli a’zosi ekanini ko’rsatmoqchi bo’ldim. Bir-birini suyab, qo’llab yuboradi hamisha”, - deydi muallif.

Odamlarni tashqi ko’rinishiga qarab baholashda ham gap bor.

“Yamanda ko’chaga chiqsam, hijobga o’ranaman. Shunda qulay his qilaman o’zimni”, - deydi Bushra Almutavakl. U yamanlik fotosuratchi. Ro’molga qarshimas, lekin jamiyatda ayolni butunlay o’ranishga majburlashga yo’q, deydi.

U yaqinda o’zi olgan suratlarda qizi bilan tushdi. Avvaliga ro’molsiz, keyin ustiga birma-bir yopinchiq o’radi. Eng so’nggi suratda Bushra va qizini niqob ostida ko’rolmaysiz hatto. Ayol nazarida buning dinga umuman aloqasi yo’q.

Mustaqil, o’ziga ishongan qizlarni tarbiyalash, Ilyosa Shabaz nazarida rivojlangan jamiyatga xos xususiyat. “Onam bizni mag’rur afro-amerikalik qilib tarbiyalay oldi, musulmon qilib katta qildi. Farzandlarimga shuni o’rgatish mening ham vazifam”, - deydi ayol.

Shabazz muslimalarni boshqa davlatlardagi xotin-qizlar bilan bog’lanishga chaqiradi. Muhtoj o’lkalarda tengdoshlarga yordam taklif qiling, deydi u. Ko’rgazma haqida muslima.imow.org saytida batafsil ma’lumot olsa bo’ladi.

Rejissyor Alka Sadatning filmi (manba - http://muslima.imow.org/content/half-value-life)

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG