Vashingtonda musulmon yoshlar xayriya marafonini o'tkazdi

  • Amerika Ovozi

Vashingtondagi Ahmadiya musulmon yoshlar jamoasi muhtoj odamlar ehtiyojlari uchun pul to’plash maqsadida shaharda besh kilometrlik xayriya marafonini o’tkazdi. Kun sovuq bo’lishiga qaramay, ko’plab odamlar tadbirga qo’shildi. To’plangan pul kam daromadli va uysiz odamlarga oziq-ovqat tarqatadigan xayriya tashkilotlariga o’tkazildi.

Tashkilotchilarning aytishicha, mablag’ nafaqat muhtoj musulmonlar, balki barcha uchun ko’zda tutilgan.

"Insoniyat uchun yurish” nomini olgan tadbir rahbari Xaris Rajaning aytishicha, yordam qo’shnilardan boshlanadi.

“Mahalliy jamoalarga xizmat qilmoqchimiz”, - deydi u.

Kasbi muhandis bo’lgan Rajaga ko’ra, Amerika ommaviy axborot vositalari musulmon yoshlarni ko’p hollarda salbiy obrazda ko’rsatadi.
Guruhimiz xayriya ishlari bilan bu tasavvurni o’zgartirmoqchi, deydi u.

"Amerikaliklarga dinimizning insonparvar, xalqqa xizmat qilishini ko’rsatmoqchimiz. Islomni yomonlayotgan odamlar xato qilayotganini bilsin”, - deydi u.

Xayriya tashkilotchilari mablag’ning bir qismini tabiiy ofatdan zarar ko’rgan odamlarga, taraqqiyot dasturlariga sarflamoqchi.

Guruhning moliyaviy direktori Nudrat Solihning aytishicha, tashkilot xalqaro miqyosda ham ish qiladi, masalan, tibbiyot xodimlarini ayollar va bolalar salomatligi haqida treningdan o’tkazish uchun Gvatemalaga hamshira va shifokorlarni yuboradi, ayollarni kasb-hunarga o’rgatadi, ish topishda yordam beradi.

"Afrikaning ayrim mamlakatlarida chevarchilik markazlarini ochganmiz”, - deydi Solih.

Ahmadiya musulmon yoshlar uyushmasining Amerika bo’ylab 70 ta bo’limi bor, to’rt mingdan ziyod odam tashkilotga a’zo; Filadelfiya, Xyuston, Los-Anjeles va Nyu-York shaharlarida xayriya yurishlariga homiylik qilgan. 2012-yildan beri bunday tadbirlar yordamida 250 ming dollardan ko’p pul ko’tarildi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG