"Yevropada xurujlar ildizini Iroq, Suriyaning tinchini buzgan urushlardan izlang"


Nitsadagi hujumdan so'ng marhumlar xotirlanmoqda.

Nitsadagi hujumdan so'ng marhumlar xotirlanmoqda.

O'tgan yili Yevropada terror hujumlarida avvalgi yillarga qaraganda ko'proq odam o'lgan. Yevropa rasmiylarining aytishicha, "Islomiy davlat" kabi to'dalar Suriya va Iroqda g'arb boshliq koalitsiya tomonidan siquvga olinar ekan, jangarilar chet davlatlarda hujumga zo'r bermoqda.

Yevropada, xususan, 151 kishi nobud bo'lib, 360 dan ziyodi jarohatlangan. Ittifoqqa a'zo davlatlardan oltitasida 211 marotaba xuruj sodir etilgan, sodir etishga harakat qilingan yoki fosh etilgan.

Adliya organlari 1077 kishini terrorizmga aloqadorlik gumoni bilan tergov qilgan. 94 foizi aybdor topilgan.

Fransiyada terakt qurbonlariga motam yakunlanmasdan Germaniyada bolta ko'targan 17 yoshli afg'on poyezdda yo'lovchilarga hujum qildi.

15 yoshida qochqin sifatida Germaniyaga kelgan bu yigit qisqa fursatda radikallashgani sababi nom'alum. Tanishlar uni radikal qarashlardan yiroq, og'ir-bosiq yigit sifatida ta'riflashgan.

Ekspertlar “Islomiy davlat”ning bosh maqsadi Yevropada tolerantlikka barham berish, jamiyatda ziddiyatlarni qo'zg'ash ekani haqida mulohaza qilmoqda.

Yo'lovchi poyezdidagi xuruj natijasida to'rt kishi og'ir yaralandi, hujumchining o'zini politsiya otib o'ldrdi.

Radikal guruhlarga doir manbalarda tarqatilgan videoda terrorchi o'zini “Islomiy davlat”ning askari deb, Germaniyada jihodni boshlaganini da'vo qiladi. Nemis politsiyasi videoni haqiqiy dedi. Fransiyada biroz avval 80 dan oshiq odamni o'ldirgan odam haqida ham shunday taxminlar aytildi.

Huquq himoyachisi Mo'tabar Tojiboyeva bir necha xurujlarni boshdan o'tkazgan Fransiyada siyosiy muhojirlikda yashaydi:

“Fransiyada so'nggi qochqinlar oqimida "Islomiy davlat"ning tarafdorlari borligi keng muhokama qilinmoqda. Ishidning keng targ'ibot kampaniyasi ham terrorchilar safi kengayib borayotganiga xizmat qilmoqda. Nazarimda bunday targ'ibotlarga imkon berayotgan matbuotga nisbatan chora ko'rilishi kerak. Yevropada yashayotgan, qiyinchilik, tushkunlikka tushib qolgan musulmonlar birinchi navbatda bu targ'ibot qurbonlariga aylanmoqda”, - degan fikrda Tojiboyeva.

Shvetsiyada siyosiy muhojirlikda yashayotgan faol To'lqin Qorayev so'zlariga ko'ra, Yevropa hali muhojirlar bilan bog'liq inqirozdan qutulmaydi. Qochqinlarning yangi oqimi zo'riqqan jamiyat bilan to'qnashishga mahkum.

Yangi kelayotgan muhojirlarda umid kuchli, ammo kelgach ko'plardagi bu umid puchga aylanadi. Kutilgan narsa yo'q, vatandagi muammolar bu yerda ham bor.

“Yevropada ijtimoiy tanglik davom etayapti. Yangi kelayotgan muhojirlarda umid kuchli, ammo kelgach ko'plardagi bu umid puchga aylanadi. Kutilgan narsa yo'q, vatandagi muammolar bu yerda ham bor. Ehtimol, u darajada oshkora emas, bu esa ko'plarda umidsizlik uyg'otadi. Bu umidsizlik esa ayrimlarda terrorga, turli qo'poruvchilik harakatlariga moyillikni oshirishi mumkin, ayniqsa jannat va'dasini berib turishsa. Men terrorni qilayotganlar chin musulmon deb aytolmayman, bu musulmonchilik emas”, - deydi Qorayev.

Afg'on yigitining hujumi ortidan Germaniya Tashqi ishlar vaziri Frank Shtaynmayer xurujdan hech kim kafolatlanmaganini aytdi. Yevropa maxsus xizmatlari o'rtasida hamkorlikni kuchaytirishga, Iroq va Suriyada radikal guruhlarga qarshi jang qilayotgan xalqaro koalitsiyani jadalikka chaqirdi.

Hujum sodir etilgan federal hudud, Bavariya mulozimlari Germaniya qochqinlarni qabul qilishni cheklashi lozim, demoqda.

Yevropada har bir terakt ortidan jamiyatda qochqinlar bilan bog'liq munozara qo'zg'aladi, millatchilik kayfiyati kuchayadi.

Mo'tabar Tojiboyeva so'zlariga ko'ra, Fransiyada millatchilikni shior qilayotgan siyosiy harakatlar kuchli, bu musulmonlarni jamiyatdan uzoqlashtirayotgan omillardan:

Terrorchilar odamlarning qatlamiga, diniga qarayotgani yo'q. Achinarlisi, bu narsa islom nomidan taqdim etilmoqda.

“Suriyadan kelayotgan qochqinlar bilan bog'liq vaziyat, terrorchilik aktlaridan so'ng Yevropada musulmonlarga, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam - qochqinlarga nisbatan millatchilik kayfiyati kuchaydi. Bu hol tobora keskinlashib bormoqda. Buning natijasida begunoh odamlar jabr ko'rayapti. Holbuki, terrorchilar odamlarning qatlamiga, diniga qarayotgani yo'q. Achinarlisi, bu narsa islom nomidan taqdim etilmoqda”, - deydi Tojiboyeva.

To'lqin Qorayevning aytishicha, Iroq va Suriyadagi urushlarni esdan chiqarmaslik kerak:

“Yevropa bo'ylab millatchilik harakati gurkirab kelayapti, ammo buning omillari butunlay boshqa. Agar bu narsa bugun musulmonlar terrorchiligi deb ataladigan bo'lsa, unda bu narsani keltirib chiqargan asl sabablarni unutmaslik kerak. Ularning vatanlarini buzgan G'arb, AQSh, Angiliya bo'ldi. Bu ziddiyatlar oxir-oqibatda Yevropa bo'ylab millatchilikning ko'tarilishiga turtki berdi”.

  • 16x9 Image

    Malik Mansur

    Malik Mansur Toshkent Davlat Universitetini (hozirda O'zbekiston Milliy Universiteti) bitirgan. Professional jurnalist. Bu sohada 1990-yilardan beri ishlab keladi. O'zbekistonda qator nashrlarda faoliyat yuritgan. "Amerika Ovozi bilan 2002-yildan buyon hamkorlik qilib keladi. Vatandagi siyosat, iqtisod va ijtimoiy hayotni yoritadi.
     

XS
SM
MD
LG