Din

So'rov: Musulmonlar shariat asosiy qonun bo'lsin deydi

  • Amerika Ovozi

Yaqinda bir necha mamlakatda o’tkazilgan so’rov natijalaridan ma’lum bo’lishicha, musulmonlarning aksariyati o’z yurtlarida shariatning ustuvor bo’lishini xohlaydi. Biroq shu bilan birga, deydi ular, e’tiqod erkinligi ham ta’minlansin.

AQShning Pyu tadqiqot markazi musulmonlar ko’pchilik va ozchilikni tashkil etgan bir necha mamlakatda jami 38 mingdan ziyod odamni yuzma-yuz savolga tutgan.

So’rovda musulmonlarning din va siyosatga nisbatan qarashlari o’rganildi. Ma’lum bo’lishicha, Yaqin Sharqda so’ralgan har 10 odamdan olti nafari, quyi Saxara Afrikasida esa har sakkiz nafari o’zlari yashayotgan mamlakat qonunlari shar’iy bo’lishi kerakligini aytgan. Afg’onistonda bundaylar 99 foizni tashkil etdi.

Pyu tashkiloti tadqiqotchisi Jim Bellning aytishicha, mavzu nozik bo’lgani uchun so’rovni o’tkazish oson bo’lmagan.

"Qonunlarning shariatga asoslangan bo’lishi kerakligi ommabop fikr ekanini ko’rdik", - deydi Bell.

Biroq, deydi u, so’rovdan yana shu narsa ayon bo’ldiki, hamma shariat haqida turlicha tasavvurda ekan. Ko’pchilik uni mulk va oilaviy munosabatlarga doir munozaralarni hal qilishda samarali deb hisoblaydi, deydi Jim Bell.

"Turli mintaqa va mamlakatlarga nazar tashlaydigan bo’lsak, musulmonlar shariatda buyurilganidek, odamlarning o’z dinini tanqid qilgani yoki boshqa dinni qabul qilgani uchun o’lim jazosiga mahkum etilishini istamaydi", - deydi mutaxassis.

Aksariyat musulmonlar shar’iy qonunlarni qo’llab-quvvatlasa-da, ularni musulmon bo’lmaganlarga nisbatan qo’llash to’g’ri emasligini aytadi. Ayrim musulmon mamlakatlarda bunday jamoalarga ba’zi cheklovlar qo’yilsa-da, so’rovda qatnashganlar nazarida boshqa dindagilar islomiy qoidalardan xoli bo’lishi, ular uchun e’tiqod erkinligi ta’minlanishi lozim.

Izlanish natijalariga ko’ra, boshqa mamlakatlarda yashovchi islom ahliga qaraganda o’zga din vakillari bilan yaqin do’st tutinish ehtimoli Amerika musulmonlarida yuqoriroq ekan. Shuningdek, so’ralganlarning yarmidan ko’pi jannatga boshqa dinlar orqali tushish mumkinligiga ishonadi. Misrda musulmonlarning 96 foizi, Pokistonda 92 foizi va boshqa mamlakatlarda katta qismi islomni yagona haqiqiy din deb biladi.
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG