Nyu-Yorkda musulmonlar: Islom terrorni targ’ib qilmaydi

  • Amerika Ovozi

Nyu York shahar markazi

Nyu York shahar markazi

Nyu-York shahrining Tayms maydoni yilda 12 oy sayyohlarga to’la. Odamlar bir-biridan bejirim savdo do’konlari va restoranlarda qatorlab yurishadi. Osmono’par binolarga osilgan bahaybat ekranlarda ko’zni qamashtiruvchi rang-barang reklamalardan diqqatga sazovor joylar, mashhur restoranlar va tadbirlar haqida ma’lumot olish mumkin.

“Musulmonlar tinchlik uchun” nomli tashkilot bu imkoniyatdan foydalanib, 15 soniyali video rolik tayyorladi. Unda osoyishtalik, mehr-oqibat va insonlarni bir-birini hurmat qilishga da’vat etiladi.

Afsuski, deydi Amerika musulmonlari, AQShda islomga nisbatan hurmat yo’qoldi, ishonch pasaydi.

"Aslida biz musulmonlar bu mamlakatga sodiq insonlarmiz. Amerika bizning ham vatanimiz", - deydi tashkilot voizi Ahmad Chaudri.

Shu yil may oyida pokistonlik Shahzod Faysal Tayms maydonida portlash uyushtirishga harakat qilgani loyihamizga turtki bo’ldi, deydi Chaudri.

“Qo’l qo’vushtirib o’tirishni ep ko’rmadik. Terrorchilarni qoralab, musulmonlar ham hamma qatori tinchliksevar ekanini dunyoga bildirgimiz keldi”.

Tinchlikka da’vat etuvchi video rolikdan tashqari, faollar Nyu-York shahri va butun Amerika bo’ylab o’z tashkilotlari va uning faoliyati haqida ma’lumotnoma tarqatmoqda.

“Musulmonlar tinchlik uchun” tashkiloti bundan bir asr ilgari tashkil etilgan. Ahmadiya harakatining bir bo’lagi. Asli hindistonlik Mirzo G’ulom Ahmadning muridlari. Jamoa ta’limoti - islomni qilich bilan emas, qalam bilan himoya qilish.

Jo Koyl Nyu-Jersi shtatidan kelgan. Tashkilot tarqatayotgan broshyuraga qiziqib ko’z yugurtiradi.

"Men ko’p sayohat qilaman. Amerika bo’ylab aylanar ekanman, har yerda birgalikda, hamjihatlikda inoq yashayotgan odamlarni uchrataman. Yaxshilikka qo’lga urganlarni qo’llab-quvvatlayman. Boshqa din vakillari orasida do’stlarim ko’p. Bu tashkilotga omad, qilayotgan ishlari ezgu", - deydi u.

O’zini islomiy deb atovchi terrorchi guruhlar, ayniqsa 11-sentyabr xurujlarini amalga oshirganlar haqiqiy islom nomiga dog’ tushirgan, deydi tashkilot voizi Ahmad Chaudri.

"Biz islomni odamlarga tushuntiramiz. Musulmonchilik - iymon keltirish, qadrlash, o’zgaga hurmat, vatanga sodiq bo’lish va tinchlik ulashish demakdir".

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG