AQSh musulmonlari Obamaning masjidga tashrifini olqishladi

  • Amerika Ovozi

AQSh rahbari Barak Obamaning prezident sifatida ilk bor Amerika masjidiga tashrif buyurishi musulmon yetakchilari tomonidan ijobiy baholanmoqda. Ayniqsa, ayrim siyosatdonlar musulmonlarga ishonchsizlik bilgirgan bir paytda davlat rahbarining bu e'tiqod vakillarini himoya qilishi ayni muddao bo'ldi, deydi ular.

Prezident Barak Obama Merilend shtatidagi Baltimor islomiy jamiyati va Ar-Rahmon musulmonlar maktabiga tashrif buyurib, turli sohalarda mamlakat taraqqiyotiga hissa qo'shayotgan amerikalik musulmonlarga tashakkur bildirdi. U, shuningdek, so'nggi paytlarda dunyo bo'ylab kuchaygan terror xurujlarining islom diniga aloqasi yo'qligini aytib, musulmon fuqarolar bu yurtning teng huquqli a'zolari ekaniga alohida urg'u berdi.

Davlat rahbarining tashrifi va masjidda o'qigan nutqi mamlakat bo'ylab musulmonlarning olqish va qo'llab-quvvatloviga sazovor bo'ldi. Vashingtondagi Muhammad masjidi imomi Tolib Sharifning aytishicha, bu nafaqat Amerika, balki butun dunyo musulmonlari uchun muhim ahamiyatga ega.

"Butun dunyo musulmonlari Prezident Obamaning masjidga kelganini ko'rishi kerak. Nasorolar, yahudiylar va musulmonlar qilib kelgan ishni qildi u. Ular bir-birlarining ibodatxonalariga borib yurgan. Prezident haqiqiy Amerika qadriyatini namoyish qildi", - deydi u.

Dalles hududi musulmonlari jamiyati rahbari imom Muhammad Majid prezident tashrifini tarixiy voqea deb atadi.

"Buning tarixiyligi shundaki, Obama auditoriyada o'tirganlarga amerikaliklar sifatida murojaat qildi. U xalqaro aloqalar haqida gapirmadi, balki Amerika jamiyatining o'zagi, qadriyatlarimiz va kim ekanimizga urg'u berdi. Juda ruhlantiradigan nutq bo'ldi", - deydi imom Majid.

Shimoliy Amerika islomiy jamiyati rahbari Azhar Aziz anchadan beri musulmonlar Prezident Obamani masjidga taklif qilib kelganini, nihoyat takliflarini qabul qilganidan xursand bo'lganini aytdi.

"Amerika musulmonlari uchun, bizning Prezident Obama bilan olib borgan aloqalarimiz uchun bugun tarixiy kun. Hozir har bir amerikalik musulmon amaldagi prezidentning masjidga tashrifini nishonlamoqda", - dedi u.

Obamaning aytishicha, ayrim shaxs va guruhlarning islom va musulmonlar nomidan zo'ravonliklarga qo'l urayotgani haqiqat. Buning haqiqiy islom va musulmonlarga aloqasi yo'q, dedi prezident. Shuni aniq ta'kidlab o'tgani muhim ahamiyatga ega bo'ldi, deydi AQSh hukumatining musulmon jamiyatlari uchun maxsis vakili Shariq Zafar.

"Bu faqat Amerikadagi yoki dunyodagi musulmonlarning aybi emas. Bu ishda hammamiz birgamiz, bir-birimizning yordamimizga muhtojmiz. Obama nutqida shunga e'tibor berdi", - deydi u.

AQShning Islom Konferensiyasi tashkilotidagi vakili Arsalan Sulaymonning aytishicha, Amerika xalqi, umuman olganda, musulmonlarga yoki islomga qarshi emas va Obama o'z nutqida shunga e'tibor qaratdi.

"Oxirgi paytlarda, ayniqsa, saylov kampaniyalarida noxolis qarashlar yuzaga chiqib, musulmon jamiyatlariga nisbatan qarshilik va ayirmachilik kayfiyati kuchaygani hammamizni tashvishlantiradi. Prezident shu tashrif orqali nafaqat musulmonlarga, balki barcha amerikaliklarga murojaat qilib, biz bir oila ekanimizni, bag'rikeng va rang-barang jamiyat va qadriyatlarga egaligimizni eslatib qo'ydi", - deydi Zafar.

Darhaqiqat, AQSh rahbari shu tashrif orqali fuqarolarni yana bir bor vijdon erkinligi, bag'rikenglik kabi qadriyatlarga sodiq bo'lishga chaqirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG