AQSh musulmonlari siyosatda faol qatnashish harakatida


AQShda prezidentlik saylovlari yaqinlashar ekan, musulmonlarga oid bahs-munozara ham kuchaymoqda. Amerikalik musulmonlar siyosiy hayotda qanchalik faol? Ularning maqsadlari nima? Shu haqda navbatdagi lavhamizda hikoya qilamiz.

Texaslik Sarvat Husayn ba'zan ko'chalarda hijob kiygani bois unga boshqacha ko'z bilan qarashlarini tan oladi. Unga hatto samolyotda tahdid qilishgan.

"Yonimda o'tirgan odam, agar shu deraza eshik bo'lganda, seni turtib chiqarib yuborgan bo'lardim, dedi. Men ham bo'sh kelmadim, agar shunday bo'lganda, seni o'zim bilan olib ketardim, dedim", - deya boshidan o'tgan voqeani xotirlaydi u.

Bu voqea uch hafta oldin ro'y berdi.

O'shanda u Orlandodagi demokratlar yig'ilishiga ketayotgan edi. Sarvat Amerika-Islom aloqalari kengashining San-Antonio shahridagi bo'limi rahbari. Shuningdek, Amerika musulmon demokratlari yig'ini asoschilaridan biri. Sarvat amerikalik musulmonlarni siyosiy jarayonlarda faol ishtirok etishga undab keladi.

Oliy maqsad sari

Bu yosh faolning aytishicha, hozir Amerikada musulmon demokratlarning 79 ta yig'ini bor. Muslumonlar Filadelfiyada o'tgan partiya qurultoyida ham qatnashdi.

Maqsadimiz, deydi Sarvat, ko'proq musulmonlarning nomzod sifatida davlat idoralariga saylanishini ta'minlash.

"Hozir shunga e'tibor qaratyapmiz. Keyingi bosqichda demokratlar partiyasi bilan yuqori darajada hamkorlik qilmoqchimiz", - deydi u.

Bu maqsadlarga qarshilar ham yo'q emas.

"Musulmonlarni jalb qilish partiyaga zarar keltiradi, deb o'ylaydiganlar ham bor. Lekin Minnesotadan Keys Ellison, Indianadan Andre Karson - har ikkisi musulmon bo'lgan konressmenlarni saylaganimiz qarashlar o'zgarayotganining belgisi", - deydi Sarvat.

Unga ko'ra, odamlar sekin-asta ularning harakatiga qo'shilmoqda.

Turli omillar

Pyu tadqiqot markazi ma'lumotiga ko'ra, hozir Amerikada 3,3 million musulmon bor. Ular jami aholining bir foizini tashkil etadi. 2050-yilga borib ular soni ikki barobar oshishi kutilyapti. Ammo ko'plab amerikalik musulmonlar saylovlarda kamdan-kam ovoz beradi.

"Bu Amerika hukumatining aybi emas", - deydi "Amerika-Musulmon alyansi" vakili Tohir Ali. Unga ko'ra, buning sabablari turlicha.

"Ular siyosiy jarayon halol bo'lmagan joylardan kelgan bo'lishi mumkin. Shularning ta'siri bo'ladi", - deydi u.

Shu bois, deydi Ali, fuqarolikni qo'lga kiritgan ko'plab musulmonlar saylov kuni ovoz bermaydi.

Sarvat Husaynga ko'ra, muhojirlar saylash huquqini u qadar muhim deb hisoblamaydi.

"Ko'plab muhojirlar hanuz joylashish, oila, bola-chaqasini boqish tashvishlari bilan band. Chunki ular oilalariga qattiq e'tibor beradi. Shuning uchun saylash huquqini, odatda, ular keyingi avlodlariga qoldiradi", - deydi u.

Siyosiy qarashlar

Amerika-Islom aloqalari kengashi partiya saylovlari davom etayotgan payt olti shtatda o'tkazgan so'rovning ko'rsatishicha, musulmonlarning deyarli yarmi Hillari Klintonni qo'llab-quvvatlaydi. Faqat 11 foizi Donald Trampni yoqlashini aytgan. Yoshlar orasida esa Berni Sanders tarafdorlari ko'p bo'lgan.

No'mon Xananiy ulardan biri.

"Bu ishlarda juda yangiman. Jarayonga qo'shilganimning yagona sababi shuki, qarashlarim Berni Sandersniki bilan hamohang keldi", - deydi u.

Yoshlar orasida Klintonning tarafdorlari qancha ekani aniq emas. Ammo saylovda faolroq qatnashadigan kattalardan umid bor. Ular ko'proq Hillari Klinton tarafida.

Kelajakdan umid

Sarvat Husaynning aytishicha, musulmon yoshlari orasida ham siyosiy jarayonlarga qiziqish ortmoqda. U partiya yig'inlarida ko'plab yangi qiyofalarni ko'rayotganini aytadi. Sarvat kelgusi saylovlarda Kongressga ko'proq musulmonlar saylanishidan umidvor.

Ammo bunday nomzodlar tarafdorlari yordamiga muhtoj bo'ladi. Odamlarning e'tobirini tortishning yangi yo'llarini topish kerak, deydi Sarvat.

"Islomda siyosatda qatnashish ham ibodatning bir turi. O'zingiz yashaydigan joyga har qanday yo'l bilan xizmat qilishingiz kerak", - deydi u.

Faolning aytishicha, agar samolyotdagi noxush gap-so'z bir necha yil avval ro'y berganda, u tushkunlikka berilib barchasidan voz kechgan bo'lishi mumkin edi.

Hozir u bunday vaziyatlarda nima qilishni biladi.

"Ko'proq bunday voqealarga duch kelsak, u bizga yangi kuch va jasorat beradi", - deydi u.

Bu esa hukumatda va boshqa organlarda musulmonlar vakillarini ko'paytirish kerak, degan qarashni yanada kuchaytiradi.

XS
SM
MD
LG