Musulmon saylovchilar ovozi qanchalik muhim?

  • Amerika Ovozi

Amerikada musulmonlar soni 3,3 million atrofida. Bu jami aholi oldida kichik raqam. Lekin prezidentlik saylovlarida kim g'olib chiqishi noma'lum ayrim shtatlarda ular hal qiluvchi rol o'ynashi mumkin.

Vashingtondagi Amerika-Islom aloqalari kengashi "Musulmonlar ovoz beradi - 2016" kampaniyasini boshlaganda maqsad bir million musulmon fuqaroni saylov uchastkalariga olib chiqish edi.

Kengashning hukumat ishlari bo'yicha direktori Robert Makkouning aytishicha, mahallalarda tashkilotchilar saylovchilarni ro'yxatdan o'tkazish uchun zarur choralarni amalga oshirmoqda.

Pyu tadqiqot markazi hisobiga ko'ra, jami aholining bir yoki ikki foizi musulmon. Saylovga ta'sir ko'rsata olish uchun bu juda kichik miqdor, ammo ular Florida, Ogayo va Virjiniya kabi strategik jihatdan muhim shtatlarda yashashadi.

"Agar ovozlar teng kelsa, bunday shtatlarda musulmonlar ovozi muhim rol o'ynashi mumkin. Ular asosiy o'yinchi emas, lekin muhim ozchilik jamoa bo'ladi", - deydi Jorjtaun universiteti professori Jon Esposito.

Demokratlarga foyda
Universitetda Musulmon-Nasoro anglashuvi uchun shahzoda Alvalid Bin Talal markazini boshqaruvchi Espositoning aytishicha, musulmonlar, asosan, demokratlardan iborat.

"Ba'zi respublikachi musulmonlar ham bor. Lekin Trampning musulmonlarga oid qarashi qandayligi ma'lum bir paytda Trampni qo'llayotgan musulmonlar ko'p ekaniga ishonmayman", - deydi u.

Respublikachilardan prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp musulmonlarni mamlakatga kiritmaslikka chaqirib, Iroq diktatori Saddam Husaynni olqishlagan edi.

Agar bir million musulmon ovoz berishga chiqsa, bundan, albatta, demokratlar foyda ko'radi, deydi professor.

Shu yil boshida 2000 musulmon orasida o'tkazilgan so'rovda qatnashchilarning uchdan ikki qismi Demokratlar partiyasini qo'llab-quvvatlashini aytgan. Faqat 15-18 foizi respublikachilarni yoqlashi aniqlangan.

Amerika-Islom aloqalari kengashi ma'lumotiga ko'ra, 2016-yil iyungacha 824 ming musulmon saylovchi sifatida ro'yxatdan o'tgan.

Tramp esa ularni jalb qilish o'rniga, o'zidan nari itaryapti, deydi Esposito.

"Nomzod bu odamlar, odatda, respublikachilarga ovoz bermaydi, deyishi mumkin, lekin ularni o'zimga jalb qilish uchun ayrim takliflarni olg'a suraman, deb aytishi ham mumkin. Tramp esa buning mutlaqo aksini qildi", - deydi u.

Respublikachi musulmonlar
Respublikachilar partiyasi qurultoyida "Musulmonlar Tramp uchun" guruhi rahbari Sajid Tarar dindoshlarini Trampga ovoz berishga chaqirdi.

"Odamlar respublikachilar siyosatini yaxshiroq o'rgansa, Trampni qo'llab-quvvatlashadi. Donald Tramp uchun Amerik xavfsizligi birinchi raqamli vazifa. Musulmon amerikalik sifatida men uchun ham bu eng muhim ish", - deydi u.

Tararning aytishicha, an'anaviy qadriyatlarga egaligi, dindor va oilaparvarligi bilan musulmonlar respublikachilarga yaqin.

Ammo so'rovda musulmonlarning faqat 11 foizi Trampni yoqlashini aytgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG