Din

Hisobot: Terror qurbonlarining 90 foizi musulmonlar

  • Amerika Ovozi

"Islomiy davlat" jangari guruhi paydo bo'lishidan ancha oldin ham dunyo bo'ylab jihodchilar qanday qilib haqiqiy islomiy davlatni qurish haqida bahs olib borgan. Ayrimlari kurashni mahalliy diktator va dunyoviy rejimlarga qaratishni targ'ib qilgan bo'lsa, boshqalari uzoqdagi din dushmanlari - G'arb, ayniqsa, AQShga qarshi urush tarafdori bo'lgan. O'tgan asrning 90-yillarida "Al-Qoida" bu bahslarga chek qo'ydi: G'arbga qarshi muqaddas urush e'lon qilindi. Bu harakatlar 11-sentabr terror xurujlari amalga oshishi bilan kulminatsion nuqtaga yetdi.

So'nggi yillarda "Al-Qoida" guruhi zaiflashib, mahalliy jihodiy guruhlar faollashishi kuzatildi. "Islomiy davlat" ana shu muhitda tug'ildi.

Vaziyatning yana bir o'ziga xos jihati shundaki, o'tgan 15 yil davomida go'yoki islom himoyasi uchun amalga oshirilgan amaliyotlarda halok bo'lganlarning aksariyati musulmonlar. Turkiya janubi-g'arbida 14 yoshli bola qo'l urgan so'nggi xurujda 50 dan ziyod odam o'ldi, barchasi musulmonlar.

"G'arbda matbuot terrorizmni yaqindan kuzatishini, odamlar undan qo'rqishini tushunaman. Lekin xolis gapiradigan bo'lsak, terrorizm tahdidi u qadar katta emas", - deydi Kolumbiya universiteti professori Richard Buliet.

AQSh hukumati moliyalagan tadqiqot natijalariga ko'ra, 2001-yildan 2015-yilgacha terrorga aloqador xurujlarda halok bo'lgan 167 221 odamning 163 532 nafari, ya'ni 98 foizi AQSh va G'arbiy Yevropadan tashqarida bo'lgan.

Bu ma'lumotlarda halok bo'lganlarning dini o'rganilmagan, lekin 25 musulmon o'lkasidan olingan raqamlarga qaralsa, qurbonlarning 75 foizi shu davlatlarga tegishli. AQSh va G'arbiy Yevropada o'lganlar soni 3689 ta. Bu jami qurbonlarning 2,2 foizini tashkil qiladi, xolos. Bunga 11-sentabr xurujida halok bo'lgan 2977 odam ham kiradi.

Musulmon davlatlarda halok bo'lganlarning hammasi ham islom dini vakillari emas. Ayrim xurujlarda nasorolar, yazidiylar kabi ozchilik diniy elat vakillari ham bor. Lekin qurbonlarning juda katta qismi musulmonlar ekani shubhasiz, deydi tadqiqotchi Maykl Jensen.

Xurujlar faqat din uchun emas

Raqamlar davlatdan davlatga keskin farq qiladi. 50 mingdan ortiq o'lim hollari Iroqqa to'g'ri kelsa, Malayziyada o'tgan 15 yil ichida faqat olti kishi terror qurboni bo'lgan.

Xurujlar ortidagi sabablar ham turlicha. Ular faqat din nomidan amalga oshirilmayapti, boshqa sabablar ham bor, deydi Jensen.

Iqtisodiyot va tinchlik instituti tadqiqotchilari terror xurujlari ko'p uchraydigan davlatlarga xos ikki holatni aniqladi. Ularga ko'ra, o'tgan 25 yil ichida yuz bergan xurujlarning 92 foizi davlat homiyligidagi siyosiy zo'ravonlik keng yoyilgan mamlakatlarda ro'y bergan. 88 foizi esa zo'ravon mojarolarga tortilgan o'lkalarda sodir etilgan.

"Bu ikki omil va terrorizm o'rtasidagi bog'liqlik shu qadar kuchliki, xurujlarning faqat 0,6 foizi hech qanday siyosiy terror yoki mojaro bo'lmagan davlatlarda yuz bergan", deyiladi tadqiqotchilar hisobotida.

Nishonga olinayotganlar toifasi

Tarixda turli regionlarda terrorizm to'lqinlari bo'lib o'tgan. Masalan, XX asrning 60 va 70-yillarida Vyetnam, Jazoir va Shimoliy Irlandiyadagi urush va mojarolar oqibatida terrorizm episentri G'arbiy Yevropa va ma'lum darajada AQSh bo'lgan. 80-yillarga kelib esa Peru, Salvador va Kolumbiyadagi zo'ravonliklar qo'poruvchilik harakatlarini Lotin Amerikasiga ko'chirdi. Sovet Ittifoqi qulashi ortidan jihodchilik harakati kuchayib, Yaqin Sharq, Janubiy Osiyo va Shimoliy Afrika terrorchilikning yangi o'choqlariga aylandi.

Tadqiqotchi Jensen fikricha, boshqa davlatlarda bo'lgani kabi musulmon o'lkalarda ham terrorchilar birinchi navbatda oddiy fuqarolar va mol-mulklarni nishonga oladi; so'ng xavfsizlik kuchlari va hukumat rasmiylari ular qurboniga aylanadi.
"Aksariyat holatlarda terrorizm qurbonlari musulmonlar. Ular musulmonligi uchun emas, balki politsiyachi, askar bo'lgani yoki davlatning boshqa idoralarida ishlagani uchun nishonga olinadi", - deydi u.

Siyosiy sabablar

Sunniy-shia raqobati ham mojarolarda asosiy rol o'ynaydi. Jami dunyo musulmonlarining 10 foizini tashkil etuvchi shialar Iroq va Pokiston kabi o'lkalardagi ekstremist sunniy guruhlar qo'lida ko'proq qurbon bo'lishi aniqlangan.

Bu ikki mazhab ko'plab davlatlarda siyosiy hokimiyat talashadi. Yaqin Sharqda kuchaygan so'nggi mojarolar doirasida shia-sunniy ixtilofi ham keskin oshib ketdi.

Asosan sunniylar yashovchi o'lkalarda Usmoniylar saltanati qulagandan beri din va dunyoviylik o'rtasida boshlangan bir necha o'n yillik diniy va siyosiy bahslar ham ziddiyarlarning asosida yotishi aytiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG