Diniy yetakchilar AQSh partiyalarini musulmonlarni himoya qilishga chaqirdi

  • Amerika Ovozi

Yosh musulmon faollar prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp yig'inida norozilik aksiyasini o'tkazmoqda, 5-mart, 2016-yil.

Yosh musulmon faollar prezidentlik uchun nomzod Donald Tramp yig'inida norozilik aksiyasini o'tkazmoqda, 5-mart, 2016-yil.

AQShda diniy yetakchilar yig'ilib, respublikachilar va demokratlarni musulmonlarga qarshi salbiy bayonotlarni qoralashga chaqirdi.

Vashingtondagi Milliy matbuot markazida Shimoliy Amerika islomiy jamiyati konferensiya o'tkazdi. Unda qatnashgan yetakchilar AQShning har ikki partiyasini musulmonlarga qarshi mavjud salbiy bayonotlarni rasman qoralashga chaqirdi. Bu haqda ular kelayotgan partiya syezdida aytishi kerak, dedi musulmon faollari va konferensiyada qatnashgan boshqa din vakillari.

Vashingtondagi yig'in 32 dan ortiq turli diniy guruhlarni o'zida jamlagan "Yelkama-yelka" koalitsiyasi doirasida tashkil etildi. Diniy ahillikka chaqiruvchi bu guruh nafratning har qanday turini yo'q qilishga bel bog'lagan.

"Amerikaliklar sifatida saylov kampaniyalarida musulmonlarga qarshi nafrat borligidan jiddiy xavotirdamiz. Bunday qarash musulmon jamiyatlariga va mamlakatimizdagi boshqa diniy ozchilik guruhlarga jiddiy zarar yetkazadi", - dedi Shimoliy Amerika islomiy jamiyati prezidenti Azhar Aziz.

Joriy yilgi saylov mavsumida nomzodlarning musulmonlarga qarata bildirgan bahsli fikrlari tez-tez quloqqa chalinmoqda. Respublikachilardan nomzodlikka asosiy da'vogar Donald Tramp musulmonlarni AQShga kiritmaslikni va ayrim masjidlarni yopishni taklif qildi. Yana bir respublikachi Ted Kruz esa musulmon mahallalarini kuzatuv ostiga olishga chaqirdi.

"Bunday deya olmaysiz. Bu Amerikaga xos emas, insoniylikdan emas. Biz bu yerda bir oila ekanimizni tan olmaslik bu", - deydi Vashington katoliklari kardinali Teodor Makkerrik.

Unga ko'ra, amerikalik musulmonlarga qilinayotgan tahdidlar ahmoqlik va eng yomon siyosatdir.

Nafratli munosabatni o'z hayotida ko'rganlar ham yo'q emas.

O'zining musulmon ekanidan faxrlanadigan Fotima Salmon Michigan shtatida yashaydi. U qashshoq mahallalarda yetakchilik saloyihatini shakllantirish maqsadida tuzilgan dastur doirasida mahalliy fuqarolarga yordam beradi.

Salmon yaqinda o'zi yashaydigan Vest Blumfild shahar kengashi yig'inida qatnashdi. Muhojirlarni qabul qilish haqida o'tkazilgan bu yig'inda mahalliy aholi orasida ayrimlar musulmonlardan qanchalik nafratlanishini yuzimga ochiq aytdi, deydi ayol.

Diniy yetakchilar terrorizmga qarshi yakdil turishga ham ahd qilishdi. Terrorchilar dunyodagi vahshiy jinoyatchilarning namoyandasi, dedi Azhar Aziz.

Shimoliy Amerika islomiy jamiyati zo'ravonlik va ekstremizmning har qanday turini qoralashini bildirdi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG