Breaking News

AQSh Myanma musulmonlarini Rohinja deb atashda davom etadi


AQShning Myanmaga tayinlangan yangi elchisi Skot Marsiel bu o'lkadagi etnik ozchilik bo'lgan musulmon aholini Rohinja deb atashda davom etishini bildirdi.

"Global miqyosda va odatdagi xalqaro tartib sifatida bizning qarashimiz shuki, hamma joyda jamoalar qanday nom bilan atalishni o'zlari belgilash imkoniyatiga ega bo'lishi kerak", - deydi elchi.

"Bu fundamental xalqaro an'ana bo'lib, biz uni hurmat qilamiz va bundan buyon ham qarashimiz shunday bo'lib qoladi".

Ko'plab buddaviylar musulmonlarni Rohinja emas, bengallar deb ataydi va bu bilan ularning noqonuniy muhojirlar ekaniga ishora qiladi.

Bir necha avlodlardan beri shu yerda yashashiga qaramay, Birma hukumati Rohinja musulmonlarini etnik guruh sifatida tan olmaydi va ularga asosiy huquqlar va fuqarolik berilmagan.

Musulmonlarning aksariyati, shuningdek, oliy ta'lim olish huquqidan mahrum va tez-tez buddaviy aholi zo'ravonliklariga duch keladi.

2012-yil Rakxayn shtatida yuz bergan hujumlarda ko'plab musulmonlar halok bo'ldi va o'n minglab aholi yashab turgan uy-joyini tashlab qochdi. Hozir 120 ming Roxinja musulmoni vaqtinchalik lagerlarda istiqomat qiladi.

AQSh elchisi Myanma hukumatini zudlik bilan Rakxayn shtatidagi gumanitar ahvolga e'tibor qaratishga undadi. Shtatda bir million musulmon yashashi aytiladi.

"Rakxayn shtatida iqtisodiy taraqqiyotni rag'batlantirish, ta'lim va sog'liqni saqlash tizimini yaxshilash, aholi orasida ishonch va dialogni qayta tiklash, gumanitar ehtiyojlarga zudlik bilan e'tibor qaratish hamda ayrim jamoalarga qo'yilgan cheklovlarni bekor qilish muhim", - dedi elchi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG