Myanmadagi saylovlarda muxolifat g'olib

  • Amerika Ovozi

Muxolifat tarafdorlari xursand

Muxolifat tarafdorlari xursand

Osiyoning harbiy diktatura boshqaruvidagi Myanma davlatida kecha o'tgan parlament saylovlarida muxolifat muhim g'alabaga erishib, ilk bor qonunchilik organiga kirdi.

Demokratiya uchun milliy liga partiyasi vakili norasmiy natijalarga ishora qilib, mamlakat bo'ylab ovozlarning 70 foizini oldik, demoqda. Biroq guruh rahbari, Tinchlik uchun Nobel mukofoti laureati Au San Su Chi rasmiy natijalar ma'lum bo'lmaguncha, partiya g'alabasini e'lon qilgisi yo'q. Parlamentdagi ko'pchilik uchun 67 foiz kifoya.

AQShda Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest Myanma xalqini saylov bilan qutlab, yangi hukumatni shakllantirishda barcha siyosiy rahbarlar hamkorlik qilishi kerak, dedi.

Saylov komissiyasiga ko'ra, ovoz berishda mamlakat bo'ylab 48 ta qonunbuzarlik qayd etilgan.

Ilgari Birma deb atalgan bu mamlakatda saylovchilar barmoq izini qoldirish orqali ovoz bergan. Myanmada 32 million odam saylovchi sifatida ro'yxatga olingan.

Milliy parlamentning quyi va yuqori palatalari hamda mahalliy qonunchilik kengashlaridagi o'rinlar uchun 6000 dan ziyod nomzod kurashgan. Rasmiylarga ko'ra, saylovchilarning 80 foizi jarayonda qatnashgan.

Saylovda roxinjalik musulmonlar ovoz bermagan. Ular bangladeshlik kelgindi sifatida ko'riladi va fuqarolikdan mahrum.

Harbiylar tomonidan qo'llab-quvvatlanayotgan hukmron Birdamlik va taraqqiyot ittifoqi partiyasi ovozlarning uchdan bir qismini olsa ham hukmronligini saqlab qolishi mumkin, chunki qonunga ko'ra, parlamentdagi o'rinlarning 25 foizi avtomatik ravishda harbiylarga beriladi.

Biroq matbuotdagi xabarlardan ma'lum bo'lishicha, partiya raisi va parlament spikeri saylovda mag'lub bo'lishgan.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG