Breaking News

Myanmada muxolifat saylov komissiyasidan saylov natijalarini e'lon qilishni so'radi


Demokratiya uchun milliy liga yetakchilari partiya rahbari Au San Su Chi, Myanma
Demokratiya uchun milliy liga yetakchilari partiya rahbari Au San Su Chi, Myanma

Myanmadagi parlament saylovlarida g'alaba qozongani da'vo qilinayotgan muxolif partiya saylov komissiyasini yakuniy natijalarni ataylab e'lon qilmayotganlikda ayblamoqda.

Demokratiya uchun milliy liga yetakchilari partiya rahbari Au San Su Chining uyida majlis qilib, komissiya natijalarni soxtalashtirishga harakat qilayapti, degan taxminni olg'a surdi.

Yakshanba kungi saylovlarda 30 milliondan ziyod odam ovoz bergan. Au San Su Chiga ko'ra, uning partiyasi parlamentdagi o'rinlarning 75 foizini qo'lga kiritishga muvaffaq bo'ldi.

Prezidentni saylash huquqiga ega ikki palatali parlamentda harbiylarning veto vakolatini bekor qilish uchun deputatlik mandatlarining uchdan ikki qismini qozonish zarur.

AQSh sobiq Prezidenti Jimmi Karterning nabirasi Jeyson Karter hamda Irlandiya sobiq Prezidenti Meri Robinson saylovlarda kuzatuvchilik qilib, jarayon erkin va halol o'tmaganini, ozchilikdagi guruhlar unda qatnashmaganini ta'kidladi.

Xususan, deydi ular, musulmonlar va boshqa etnik guruhlar fuqaro sifatida tan olinmagani bois ovoz berish huquqidan mahrum.

“Bundan tashqari qonunga ko'ra, harbiylar saylovda qatnashmasdan parlamentdagi o'rinlarning chorak qismini avtomatik ravishda olsa, qanaqasiga jarayon halol bo'lsin", - deydi Robinson.

Agar Demokratiya uchun milliy liga rasman g'olib topilsa, uning lideri Au San Su Chi prezidentlikka saylana olmasligi mumkin, chunki Konstitutsiyaga ko'ra, farzandlari yoki turmush o'rtog'i xorijda tug'ilgan arbob prezident bo'lishi mumkin emas. Ammo marhum umr yo'ldoshi britaniyalik bo'lgan, ikki farzandi Britaniyada tug'ilgan faolning aytishicha, g'olib partiya rahbari sifatida barcha qarorlarni u qabul qiladi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG