Birmada dinga oid bahsli qonun qabul qilinishi mumkin

  • Amerika Ovozi

Birmada musulmonlar va buddist aholi o'rtasida ziddiyat kuchli

Birmada musulmonlar va buddist aholi o'rtasida ziddiyat kuchli

Myanma parlamentining yuqori palatasi dinga oid ikkita bahsli qonun loyihasini ovozga qo'ymoqchi. Agar qabul qilinsa, ular jamiyatda diniy ixtiloflarni kuchaytirishi mumkinligi haqida xavotirlar bor.

Prezident Teyn Seyn hukumati tayyorlagan qonun odamlardan yangi dinga o'tishdan oldin hukumat ruxsatini olishni talab qiladi. Shuningdek, etnik ozchilik yashovchi hududlar ustidan aholi sonini nazorat qilish bo'yicha yangi qoidalar, masalan, bir oila uchun farzand sonini bir donaga cheklash kabi tartiblar joriy etilishi mumkin.

Birdamlik va demokratiya partiyasidan parlamentga saylangan Xat Xteynning aytishicha, hozir bunday qonunlarni qabul qilishning mavridi emas.

"Menimcha, hozirgi paytda bunday qonunga hojat yo'q. Ayniqsa, ozodlik va erkinlikka endi ruxsat berilgan bir paytda. U ko'plab tushunmovchilik va qiyinchiliklarga sabab bo'lishidan xavotirdaman", - deydi u.

O'tgan yili hukumat nikoh, dinni o'zgartirish, ko'p xotinlilik hamda aholi sonini nazorat qilish bo'yicha to'rtta diniy qonunni taqdim etdi. Huquq faollari e'tiroziga ko'ra, bu choralar din erkinligi va ayollar huquqi bo'yicha xalqaro qonun talablariga zid keladi.

Ammo qonunlarni yoqlab milliondan ortiq imzo to'plagan buddist ruhoniylar fikriga ko'ra, diniy zo'ravonlikning oldini olish hamda mamlakatda musulmonlar sonining ko'payishini to'xtatish uchun bu zarur.

2012-yildan beri Birmada musulmonlar va buddistlar o'rtasida ro'y bergan zo'ravonliklarda 240 dan ortiq odam halok bo'lib, 140 mingdan ortiq aholi o'z uyini tashlab ketgan. Zarar ko'rganlarning aksariyati g'arbiy Rakxayn shtatida yashovchi Roxinja musulmonlaridir. Hukumat ularni etnik ozchilik sifatida rasman tan olmay, mamlakatga noqonuniy kirib kelgan bengalliklar deb ataydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG