Myanma musulmonlari murakkab vaziyatda

  • Amerika Ovozi

"Oq karta"

"Oq karta"

Roxinja yoki bengal? Bu ikki nom Myanmada (Birma) o’zlik va fuqarolik muammosiga aylangan.

Shu hafta Myanmada yillar davomida bevatan yurgan xalq vakillariga fuqarolik berish jarayoni qayta boshlandi. Ammo rejani tanqid qilayotganlar bor, qashshoq Rakxayn shtatidan tashqari boshqa joylarda ham uning bajarilishi yaqindan kuzatiladi. Rakxayn Janubi-Sharqiy Osiyo bo’ylab uyidan qochgan etnik guruh atrofidagi mojaro markazi.

Bundan uch yil avval o’zini roxinja deb ataydigan musulmonlar orasida isyon ko’tarilgan edi. Oylab davom etgan etnik va mazhablararo mojaro oqibatida 200 dan ziyod odam nobud bo’ldi, yuzlab ming odam boshpanasiz qoldi, boshqa hududlarga qochishga majbur bo’ldi.

Bugunda ham roxinja musulmonlari lagerlarda politsiya nazorati ostida yashaydi. Lagerni ruxsatsiz tark etish mumkin emas. Hukumat bu xalq o’zini avval bengal desin, keyin ularga fuqarolik berish-bermaslik masalasini ko’rib chiqamiz, demoqda.

Bosh vazir Muang Muang On fikricha, roxinja degani etnik guruhgina emas, balki muayyan hududni anglatadi, va fuqarolik masalasidan-da murakkabroq.

Ular birini tanlashi kerak, dedi rasmiy.

“Agar bu odamlar, bengallar, fuqarolikni aniqlash jarayonidan o’tib, fuqaro maqomini olsa, bemalol safar qilaveradi. Biroq ayrimlar jarayonda qatnashishga qarshi chiqyapti. Demak masala quyidagicha: sizlar fuqaro bo’lishi xohlaysizmi yoki roxinja bo’lishnimi?”, - dedi u.

Ikkiga bo’lingan davlatda qo’riqchilar

Rakxayn Myanmaning eng qashshoq shtatlaridan. 2012-yilda bu yerda roxinja musulmonlari hamda buddistlar orasida qonli to’qnashuvlar bo’lgan. O’sha mudhish hodisalar odamlar xotirasida chuqur iz qoldirdi.

Zo’ravonlikka yo’l qo’ymaslik maqsadida hududga politsiya safarbar etilgan. Janubda, poytaxt Sittve yaqinida roxinjalar - ozchilik, ularni buddistlardan himoya qilish kerak. Shimolda, Maungdou shahri yaqinida ko’pchilikni roxinjalar tashkil etadi, buddistlarni ular hujumidan politsiya himoya qilib turadi.

Nom ustidagi bahslar esa davom etmoqda.

Poytaxt Sittveda musulmonlarni deyarli uchratmaysiz. Faqat Aung Minglar nomli mahallada roxinjalar bor, ular hatto ko’chaga chiqishga qo’rqadi.

“Buddistlar - doimiy tahdid”, - deydi Shve La ismli fuqaro.

“Uch yil avvalgi qo’zg’olondan buyon hujumlar yoki o’t qo’yish hollari bo’lmadi. Ammo ijtimoiy va iqtisodiy vaziyat, salomatlikka oid ahvol yaxshilanmadi, chunki biz hech qayerga chiqolmaymiz”, - deydi u.

Qo’shnisi jo’r bo’ladi: “Bizga ish kerak, ta’lim kerak. Pulimiz ham yo’q”.

Bir necha kilometr narida - uyidan qochgan roxinjalar uchun lager. Bu yerda vaziyat yanada yomonroq. Iflos, tiqilinch. 980 ta oila yashaydi. Oziq-ovqat yetmaydi. Hamma kelajakdan xavotirda. Fuqaro bo’lish uchun bengal so’zini tanlaysizmi, degan savolga bari bir ovozdan yo’q, deb javob berdi.

Fuqarolikni tasdiqlash jarayoni boshlandi

Myanma fuqaroligini tasdiqlash jarayoni rasman shu hafta boshlandi. Uning natijasida “oq karta”lar havorang kartochkalar bilan almashtiriladi. So’ngra hukumat bengal deb atalishga rozi bo’lganlarga fuqarolik beradi.

Ammo aksariyat musulmonlar o’zini boshqa davlat fuqarolari kabi bengal demasdan roxinja deb atash niyatida. Myanmaning bu qismida doim roxinjalar yashagan, deydi ular.

“Bengal deb atalsak qayerdan va qachon kelgansiz bu yerga, deb so’rashadi. Vaholanki, biz doim shu yerda yashaganmiz”, - deydi Shve La. Aholi bengal deb atalishiga qarshi, hukumat ham murosaga bormoqchi emas. Demak, boshi berk ko’chaga kirib qolgan vaziyat yana davom etadi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG