AQSh Myanmani sanksiyalardan xalos etishga tayyor

  • Amerika Ovozi

Amerika Prezidenti Barak Obama Oq uyda Myanma yetakchisi An San Suu Chini qabul qildi.

Amerika Prezidenti Barak Obama Oq uyda Myanma yetakchisi An San Suu Chini qabul qildi.

Amerika Prezidenti Barak Obama Oq uyda Myanma yetakchisi An San Suu Chini qabul qilib, uzoq yillar izolyatsiya oqibatida iqtisodiyoti zaiflashgan bu mamlakat uchun xush xabar aytdi.

Har ikkisi Myanmada amalga oshirilishi lozim bo'lgan demokratik, huquqiy islohotlar hali juda ko'p ekanini tan olmoqda. Ammo Obama bir necha yil oldin An xonimni uy qamog'ida ziyorat qilganidan beri Myanma anchayin ildamladi.

Ikki arbob birinchi bor ko'rishishi emas. Lekin bu safar vaziyat boshqacha.

"Besh yil oldin An San Suu Chi xalq saylagan rahbar sifatida Oq uyga keladi deb kimdir aytsa, ko'plar ishonmagan bo'lar edi. Qator davlatlar taraqqiyotdan chekingan bir paytda bu yaxshi xabar", - deydi Obama.

Oq uyda 14-sentabr, chorshanba kungi uchrashuv ketidan Obama muhim yangilikni aytdi.

"Qo'shma Shtatlar Myanmaga bir necha yil oldin qo'yilgan sanksiyalarni olib tashlashga tayyor. Bu mamlakat xalqi qilgan mehnati uchun munosib taqdirlanishi kerak", - dedi prezident.

An San Suu Chi ham prezident, ham Kongressga avvalroq Myanma harbiy boshqaruvini sanksiya bilan jazolagani uchun rahmat aytdi. Bugun bu choralarni tugatish vaqti keldi, dedi u.

"Bu yurt xalqi birdam bo'lishi uchun farovonlik, to'kin-sochinlik muhim. Odamlar yo'qsillikda yashasa, birdamlikni unutish oson", - dedi u.

Har ikkisi Amerika ahlini Myanmaga safar qilib, sarmoya kiritishga undadi. Madaniyati bor, maftunkor bir diyor bu.

Ammo ayrim huquq faollari sanksiyalar butunlay bekor qilinishiga qarshi. Chunki bu mamlakatda inson huquqlari bilan bog'liq kamchiliklar hanuz bor, hukumat esa ozchilik musulmon aholi ta'qib ostida ekaniga ko'z yumib keladi.

An xonim musulmonlar taqdiri haqida to'xtalib, Myanmaning har bir fuqarosi teng huquqlarga ega bo'lishi kerak, dedi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG