Breaking News

Birma: Musulmonlarga tazyiq - demokratiya yo'lida to'siq


Xalqaro bo'hronlarni o'rganuvchi guruh (Internationa Crisis Group) Birmada musulmonlarga ko'rsatilayotgan tazyiqlar haqida yangi hisobot e'lon qildi. Hukumat jiddiy chora ko'rmasa, ozchilik musulmonlarga qarshi zo'ravonlik davom etishi va bu davlatning demokratiyaga o'tish jarayonini izdan chiqarishi mumkin, deyiladi unda.

"O'tish davrining qora ko'lankasi: Birmada musulmonlarga qarshi zo'ravonlik" nomi ostida chop etilgan tahlilnomada musulmonlarga qarshi sodir etilgan qonli jinoyatlar va ularning oqibati xususida gap ketadi.

Bunday zo'ravonliklar Birmada yangilik emas, faqat so'nggi yillarda yanada kuchaydi.

Avtoritar tuzum nazoratining susaygani hamda notolerant buddist millatchiligining o'sgani asosiy sabablar sifatida ko'riladi.

Xalqaro inqiroz guruhi hisoboti Birma prezidenti Teyn Seyn mamlakatning, asosan, musulmonlar yashovchi Rakxayn shtatiga tashrif buyurgan kuni e'lon qilindi. Hukumat tarafkashlik qilmasdan, mojaroda musulmonlarni himoya qilsin, deyiladi hisobotda.

Tahlilga ko'ra, uzoq yillik avtoritar rejimdan xalos bo'layotgan odamlar tez qiziqqonlikka berilmoqda. Mamlakatda millatchilik va diniy mafkura kuchayib, bu musulmonlarga qarshi zo'ravonliklarda o'z ifodasini topmoqda. Ayniqsa, hukumatning nazoratni bo'sh qo'yishi, zamonaviy axborot texnologiyalarining keng yoyilishi tartibsizliklarning avj olishiga hissa qo'shmoqda.

Kuzatuvchilar, shuningdek, Birma mojarosining butun mintaqaga salbiy ta'sir qilishidan ogohlantiradi.

To'qnashuvlar oqibatida o'z uylarini tark etgan minglab Rohinja musumonlari qayiqlarda suv kechib qo'shni davlatlarga qochib o'tishga urinmoqda. Bu esa qochqinlarni qabul qilayotgan davlatlarda Birmaga qarshi norozilik kayfiyati kuchayishiga sabab bo'lmoqda. Natijada etnik va diniy adovat qo'shni o'lkalarga ham yoyilmoqda. Masalan, yaqinda Malayziyada bir necha birmalik buddist o'ldirib ketilgan. Ayni paytda radikal guruhlar orasida Birmaga qarshi jihod boshlashga chaqiriqlar yangramoqda.

Prezident Teyn Seyn zo'ravonliklarni qoralab, bunday jinoyatlarga ortiq chidab bo'lmasligini ta'kidlagan. Politsiyaning vaziyatni nazoratga olishida ham ijobiy o'zgarishlar kuzatilmoqda. Sekinlik bilan bo'lsa-da, bosqin va qotilliklarga qo'l urganlar ushlanib, sudga tortilmoqda.

Ammo hali qilinadigan ishlar ko'p. Xalqaro inqiroz guruhiga ko'ra, mamalakat huquq-tartibot tizimi jiddiy islohotga muhtoj. Shuningdek, zo'ravonliklardan aziyat chekkanlarga darhol insonparvarlik yordami ko'rsatilishi kerak.

"Xavfsizlikni ta'minlashning o'zi kifoya qilmaydi, - deydi tashkilotning Osiyo bo'limini boshqaruvchi Jim Della-Jakoma. - Siyosiy, diniy va jamoat arboblari etnik adovatni keskin qoralashi lozim".

Tarixiy islohotlar yuz berayotgan bir paytda Birma sustkashlikka yo'l qo'yib, adovat va mutaassiblik asiriga aylanib qolmasligi kerak, deydi ekspert.

"Nafrat urug'ini sochayotganlarga munosib javob berilishi kerak, - deydi Della-Jakoma. - Aks holda uzoq yillik avtoritarizmdan muvaffaqiyatli chiqib kelayotgan davlatning xalqaro obro'siga jiddiy putur yetadi. Bu uning peshonasida doimiy tamg'aga aylanishi mumkin".
  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG