Breaking News

Myanmada musulmonlar va buddaviylar o'rtasida yana zo'ravonliklar


Birmada yana zo'ravonlik
Iltimos, kuting...

No media source currently available

0:00 0:02:55 0:00

Birmaning Rakxayn shtatida musulmonlar va buddaviylar o'rtasida yana zo'ravonlik qayta boshlangani xabar qilinmoqda. Bu esa mintaqada tinchlik o'rnatish istiqboliga raxna solmoqda. "Amerika Ovozi" muxbiri u yerga safar qilib, lagerlarda yashayotgan odamlar hayoti bilan tanishdi.

Bu yerdagi ibodatxona bir haftadan beri Rakxaynning minglab buddaviylariga boshpana vazifasini o'tamoqda. Ular Rohinja musulmonlariga aloqadorligi aytilgan jangarilar hujumidan qochib kelgan. To'qnashuvlarda 9 politsiyachi va 30 jangari o'ldirilgan.

Tinch aholi vakillaridan hech kim halok bo'lmagan, ammo hodisa musulmonlar va buddistlar o'rtasidagi ziddiyat yanada kuchayishi haqidagi xavotirlarni oshirdi.

"Bu yerda qancha vaqt bo'lishimizni bilmaymiz. Uyga qaytishni xohlaymiz. Lekin borsak, bizga musulmon terrorchilar hujum qilishi mumkin", - deydi qochoqlardan biri.

Sitve shahri allaqachon qochoqlar bilan to'lgan. 2012-yilgi diniy zo'ravonlik ortidan bu yerda ko'plab musulmonlar lagerlarda jon saqlamoqda.

Mamlakat harbiylari o'tgan hafta yuz bergan hujum ortida turganlarni qidirmoqda. Jangarilar soni 400 atrofida ekani aytilmoqda.Hozircha amaliyotlar Shimoliy Rakxayn shtati bilan cheklangan.

Ammo amaliyotdan mahalliy aholi xavotirda. Ozchilik Rohinja musulmonlariga bosim va tazyiq kuchayishi mumkin.

"Politsiya musulmonlarga hujum qilib, uylarini yoqayotganini, odamlarni o'ldirayotganini eshitdik. Endi bizni tintuv qilishmoqchi. Lagerlarda allaqachon favqulodda holat e'lon qilingan. Ixtilof tez orada bu yerga ham yetib keladiganga o'xshaydi", - deydi lagerda yashovchi musulmonlardan biri.

Ziddiyat kuchayar ekan, gumanitar yordam kelishi ham to'xtab qoldi. Natijada rohinjaliklar tibbiy yordam va ta'lim ololmayapti.

Ikki hafta oldin Sobaya ismli ayolning saraton yarasi yorildi. Shifoxonalar yopiqligi bois, jarohatga infeksiya tushdi.

"Ikki haftadan beri shifoxonaga bormadim yoki biror dori olmadim. Shu bois yaram yomonlashyapti, qon oqishi to'xtamayapti. Agar davolanmasam, o'lsam kerak. Bolamning taqdirini Allohga havola qilaman", - deydi ayol.

Gumanitar yordam yetkazish ishlari sekin-asta qayta tiklanmoqda. Ammo to'qnashuvlar davom etar ekan, minataqada tinchlik o'rnatish uzoq vaqt oladiganga o'xshaydi.

  • 16x9 Image

    Amerika Ovozi

    "Amerika Ovozi" - Vashingtonda asoslangan xalqaro teleradio, 45 tilda efirga chiqadi. O'zbek tilidagi ko'rsatuv va eshittirishlarda nafaqat xalqaro hayot balki siz yashayotgan jamiyatdagi muhim o'zgarishlar va masalalar yoritiladi. O'zbek xizmati AQSh poytaxtida olti kishilik tahririyatga va Markaziy Osiyo bo'ylab jamoatchi muxbirlarga ega.

XS
SM
MD
LG